Birinchidan, fond bozori orqali kapital jalb qilishga intilayotgan, ya'ni qimmatli qog'ozlarini chiqarib, joylashtiruvchi emitentlar soni juda kam.Yirik emitent hisoblangan davlat o'z qimmatli qog'ozlarini valyuta birjasida faqat banklar o'rtasida joylashtirgan.Aktsiyadorlik jamiyatlari esa davlat aralashuvining yuqoriligi sababli ham bunday amaliyotda mustaqil ishtirok etmayapti. Natijada muomaladagi qimmatli qog'ozlar son va tur jihatdan juda ham kam.
Ikkinchidan, fond bozori infratuzilmasi bugungi talablarga to'liq javob beradi, deya olmaymiz. Savdo maydoni miqyosi juda ham tor. Mobil ilovalar orqali qimmatli qog'ozlar savdolari tashkil etilmagan.
Shu o'rinda bu jihat fond bozori institutlari xizmatiga talab bilan bevosita bog'liqligini ham qayd etib o'tish zarur.
Uchinchidan, qimmatli qog'ozlar orqali daromad olish imkoniyatlari borasida aholi savodxonligini oshirish ham kun tartibidagi masalalardan biridir. Lekin bu jarayon qimmatli qog'ozlarga to'lanadigan daromadlarga bevosita bog'liq. Agar qimmatli qog'ozlar bo'yicha daromadlar muntazam to'lab borilsa, aktsiyalar bo'yicha dividend tarzidagi daromadlar davriylik asosida to'lanishiga erishilsa, o'z-o'zidan aholining qiziqishi va o'z navbatida moliyaviy savodxonligi ham oshib boradi.
Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy hujjatlar ham soha ravnaqiga o'z ta'sirini o'tkazmay qolmayapti, albatta. Ayni paytda fond bozori 100ga yaqin normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi. Mazkur Qonunchilik hujjatlarida qator cheklovlar mavjudligini e'tirof etish lozim. Jumladan, rivojlangan davlatlarda banklar fond bozorining faol ishtirokchisi hisoblanadi, yurtimizda banklarga boshqa sub'ektlarning aktsiyalarini birlamchi bozorda xarid qilish taqiqlangan. Moliya bozori va korporativ boshqaruvning nemis va yapon modellariga ko'ra, banklar, sug'urta kompaniyalari fond bozorida faol investor va qimmatli qog'ozlar savdosining faol tashkilotchisi sifatida namoyon bo'ladi.
Amaldagi qonunchilikka ko'ra, qimmatli qog'ozlarni chiqarish huquqi faqat aktsiyadorlik jamiyatlariga berilgan. Ma'lum shartlar asosida ham mas'uliyati cheklangan jamiyatlarga qarz munosabatini anglatuvchi qimmatli qog'ozlar chiqarishga ruxsat yo'q. Shu bois qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga soluvchi
me'yoriy-huquqiy hujjatlar, ularda belgilangan normalar bugungi iqtisodiy rivojlanish sur'atlariga mos keladi, deya olmaymiz.Ayni vaqtda fond bozorida, asosan, oddiy aktsiyalar muomalasi amalga oshirilmoqda.
Aktsiyalar bozoriga aholining, investorlarning qiziqishini oshirish maqsadida imtiyozli aktsiyalar, obligasiyalar bozorini rivojlantirish talab etiladi. Qarz munosabatini anglatuvchi qimmatli qog'oz hisoblangan obligasiyalar muomalasi ham respublikamizda juda tor doirada. Bugungi kunda bor-yo'g'i 6ta aktsiyadorlik jamiyati tomonidan chiqarilgan 338 milliard so'mlik obligasiyalar faqat yuridik shaxslar o'rtasida joylashtirilgan va keng ommaga ochiq taklif amalga oshirilmagan. Aynan obligasiyalar bo'yicha daromadlilik istiqbolda investorlarning aktsiyalar bo'yicha moliyaviy operasiyalarida mo'ljal vazifasini o'tab beradi. Aktsiyalar va obligasiyalar bozorida ma'lum bir ijobiy natijalarga erishilgach, istiqbolda hosilaviy qimmatli qog'ozlar turlari hisoblangan fyuchers va opsionlarni ham muayyan mezonlar asosida muomalaga kiritish maqsadga muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |