Keywords: token, to‘, to‘p, to‘n, to‘sin, to‘g‘in, to‘qli, to‘qol,to‘g‘on, to‘garak, to‘qillash, qi, qil, qilich, qipchoq, qiychi, qirqish, qiyqim..
Qadimgi turkiy tilning tilsimlari ko‘p. Ko‘hna tilning hali o‘rganilmagan jihatlari, ochilmagan qirralari, ajoyibotlari tilshunoslar uchun bitmas-tuganmas xazinadir. Biroq bu xazina aniq bir hududda yoki muayyan bir xalqning tilida to‘la jamlanmagan, aksincha dunyoning turli hududlariga tarqalib ketgan turkiy xalqlar ularni o‘zlari bilan birga olib ketgan. Tilning ajoyibotlarini biz ko‘pincha qadimiy toshbitiklardan, yozma yodgorliklardan topamiz. Ammo, shunday til xazinasi ham borki, biz unga ko‘pam e’tibor bermaymiz. Bu xazina – asrlar osha shu tilni saqlab kelayotgan xalqning o‘zidir.
Ma’lumki, turkiy xalqlar tillarining o‘rta asrlar va yangi davrdagi rivojlanishi turlicha kechgan. Shu davrdagi tillar rivojlanishida yunon, arab, hind, fors, xitoy, mo‘g‘ul, rus yoki boshqa tillarning ta’siri va ulardan so‘zlarning o‘zlashtirilishi natijasida turkiy til o‘z qoliplaridan uzoqlashib borgan. Ammo shimolda boshqa turkiylar dunyosidan ajraliyu, esklav tarzda rivojlangan tillar ham borki, ularda bobotilning qo‘hna qoliplari saqlab qolingan. Shunday tillardan bittasi oltoy tili bo‘lib, bu tildagi leksemalarni qiyosan taqqoslash va tahlil qilish juda katta tadqiqotlar uchun yo‘l ochib beradi. Oltoy tilining o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, qadimgi turkiy tilda leksemalar kichik so‘zlar, bo‘g‘inlar yoki harflar orqali ham ifodalangan. O‘z o‘rnida shu kichik leksemalardan ot, sifat, fe’l va boshqa so‘zlar hosil qilingan.
Tilshunoslikda, leksema (yun. lexis— so‘z, ifoda) — til qurilishining leksik ma’nosini anglatuvchi lug‘aviy birligi hisoblanadi. Leksemada anglashilgan ma’no kishi ongida yuzaga keladigan mazmunni shakllantiradi va o‘z o‘rnida leksema o‘zining ma’nosi va grammatik xususiyatlari birligidan iborat bo‘ladi. Qisqacha aytganda, leksema shakl va ma’no jihatidan bir butun holda tekshiriladigan mustaqil ma’noli so‘z, til qurilishining leksik ma’no anglatuvchi birligi sanaladi.
Qo‘yida, turkiy tilda mavjud ma’no jihatdan o‘zaro qarama-qarshi ikki leksema haqida kengroq to‘xtalamiz. Ulardan birinchisi “to‘” leksemasi bo‘lib, mazmunan tekis yoki silliq sirt ma’nosini beradi. “To‘” leksemasi o‘zining aglyutinativ xususiyatini saqlagan holda ortidan qo‘shilgan harflar yoki harf birikmalari bilan birikishi natijasida so‘zlar yasalishini ko‘rib chiqamiz.
Ikkinchi “qi” leksemasi esa, “to‘”ning antonimi o‘laroq aksincha kesuvchi, tig‘li, burchakli, dag‘al, o‘tkir ma’nosini beradi. “Qi” ham “to‘” kabi ortidan qo‘shilgan harflar yoki harf birikmalari bilan qo‘shilib so‘zlar yasaydi.
“To‘” leksemasi orqali yasaladigan so‘zlarga qo‘yidagilarni misol keltirish mumkin: to‘p, to‘ba, to‘piq, to‘ppi, to‘g‘in(obodok), to‘qoch(bo‘g‘iroq), to‘sin yoki to‘siq, to‘qa, to‘qmoq, to‘r, to‘rva, to‘rsiq, to‘qim, to‘n va hk.
“To‘” o‘zagidan yasaladigan to‘p, to‘g‘in(obodok), to‘qoch(bo‘g‘irsoq) kabi so‘zlarning tahlil shuni ko‘rsatadiki, “to‘” leksemasi silliq va tekis sirt ma’nosidan tashqari aylana, doira, dumaloq, shar ma’nosida ham qo‘llaniladi. Misol uchun oltoy tilida aylana –to‘gerek(to‘garak), g‘ildirak – to‘ngalak(do‘ngalak), shar – to‘piq deyiladi. “Devoni lug‘atut turk”da g‘o‘la –to‘mrum, doira(daf) – to‘mruq, nog‘ora esa – to‘vul shaklida kelgan1. Qolaversa ko‘plab qipchoq tillarida, jumladan o‘zbek tilining qipchoq lahjasida ham atrof to‘barak(tevarak), deyilishi ham bunga dalil bo‘ladi.
“To‘” leksemasi orqali sifat yasalishida ham peredmetlar, hayvonlar yoki odamlar ko‘rinishidagi aynan tekis yoki silliq sirtga e’tibor beriladi. Misol uchun: To‘lin oy, to‘q qorin, to‘ygan odam, to‘la(semiz) kishi yoki to‘mpaygan joy, to‘mboq(do‘mboq) bola yoki to‘maloq(dumaloq) to‘p.
Shuningdek “to‘”ning xususiyatlari fe’l yasalishida ham ko‘zga tashlanadi. Misol uchun: qadimgi turkiy tilda, aniqrog‘i esa uyg‘ur yozuvida yozilgan buddaviylik matnlarida keltirilgan manbalarda to‘g‘rul so‘zi biron narsani to‘g‘irlash, tekislash ma’nosini bildirgan2. Yoki leksemaning mamuniga ko‘ra ikki tekis sirtning bir-biri bilan urilishi oqibatida hosil bo‘ladigan tovush “to‘qillash” deyilgan. Misol uchun: To‘qmog‘i bilan to‘qillatdi.
Turkiy tillarda, jumladan o‘zbek tilida ham biron narsani jamlash to‘dalash, uni biriktirib boylash esa to‘qimlash deyiladi. Qadimdan turkiy qavmlar gilam to‘qishda o‘rmakdan foydalangan va undagi to‘qimlash hisobiga “to‘qimachilik” so‘zi paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, “to‘l” so‘zi qadimgi turkiy tilda farzand, embrion ma’nosida ishlatilib familiya o‘rnida ham ishlatilgan. Bu holat hanuzgacha oltoylarda saqlanib keladi. “Oltoylar farzandni to‘l (töl) deb ataydilar. Shuning uchun bu so‘z ba’zi qabilalarda suyak ma’nosida ishlatilsa, teleutlarda familiya ma’nosida ham ishlatiladi”3. Qolaversa bugungi kunda “to‘l” so‘zi o‘zbek tilida ham ham saqlanib qolgan, biroq “to‘l” faqat qo‘ylarning bolalashiga nisbatan qo‘llaniladi. Ammo qipchoq lahjasida so‘zlashuvchi o‘zbeklarda “to‘l”ni farzandlarga nisbatan qo‘llash ham uchrab turadi. Shu sabab turkiy tilda hayvonlar sut bezi(yelini)ning sutga to‘lishini “to‘lg‘in” deyilgan. To‘lg‘oq(tutishi) esa homilador ayolga nisbatan ishlatilgan.
Qadimgi turkiy tilda tekis so‘zi o‘rniga to‘kus, muz o‘rniga to‘ng, tuproq o‘rniga to‘rpaq ishlatilgan. Bunda ham aynan silliq sirt va tekis ma’nosi saqlanadi. Shuningdek, to‘mpaymoq, to‘nglamoq, to‘qillamoq, to‘pillatmoq, to‘qimoq, to‘qnashmoq, to‘lmoq, to‘ldirmoq, to‘smoq, to‘maloq, to‘dalamoq, to‘mtoqlamoq, to‘ntarmoq4 fe’llarida ham aynan tig‘siz, o‘tmas sirtning sifatlari ko‘rinadi.
“Qi” leksemasi orqali esa yuqorida qayd etilgani kabi ingichka, uchli, tig‘li, o‘tkir kesuvchi sirtga xos xususiyatlar aks ettiriladi. Misol uchun, qilich, qil, qiltiq, qir, qirg‘ich, qirliq, qiyoq, qirnaq(dudama pichoq) so‘zlarini anologik tarzda o‘tkir uchli, tig‘li yoki kesuvchi ma’nosi birlashtirib turadi. Shuningdek, qadim turkiy tilda pichoq so‘zining ham qipchoq yoki qifchoq, qaychining esa qiychi yoki qiftu5 shaklida qo‘llanilganini ko‘rish mumkin. Qolaversa, oltoy tilida o‘zbek tiliga fors tilidan o‘zlashgan nayza so‘zining ham oltoy tilida boshqa analogi ya’ni qыlыsh saqlanib qolganini inobatga olsak, fikrimiz yana bir o‘z tasdig‘ini topgan bo‘ladi.
Shu o‘rinda qin so‘zining ma’nosiga ham to‘xtalib o‘tsak. Ma’lumki qin biron tig‘li narsani solib qo‘yish uchun ishlatiladigan g‘ilof sanaladi. Yusuf Xos Xojibning “Qutadg‘u bilig” asarida shunday satrlar bor:
Qaju beg yeratni sevundurmasa/ qilich qinda chiqmas aningda basa(qaysidir bek jangchilarini xursand qilmasa, unda qilichlar ham qinidan chiqmas.
Halalqa saqish ol haramqa-ma qin(halol ishga hurmat, haromga esa jazo(qiynoq) bor)6
Bu yerda keltirilgan birinchi gapda qin o‘z ma’nosida ikkinchisda esa qiynoq ma’nosida keladi. Bundan ko‘rinadiki qinda ham aynan qiynoq ma’nosi mavjud ekan. Inchunun Navoiy asarlari lug‘atida ham shunga yaqin ta’rif berilgan bo‘lib, Navoiy o‘z asarlarida qirbon so‘zini ham qo‘llagan. Qirbon - o‘q va yoylarni saqlovchi charm xalta sanalgan7.
O‘zbek tilining qipchoq lahjasida ketmon so‘zining qirma, randaning qirg‘i shakli saqlangani yoki oltoy tilida arra so‘zining qire8 varianti saqlanishi ham qaysidir jihatdan “qi” leksemasining mazmunini aniqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Qichitqi, qiyoq kabi o‘tlar, qirg‘iy, qirg‘ovul, qironqora kabi qushlar yoki qirpi9 va qisqichbaqaning nomidan hami “qi” ya’ni aynan o‘tkir tig‘ yoki uchli tumshuq mazmuni anglashiladi.
Shuningdek, “qi” leksemasi orqali yordamida sifatlarning yasalishida ham kesish, qisish, yaralash, qichitish, achitish mazmunini aks ettiradi. Misol uchun: qichitqi o‘t, qirra burun, qiymalangan go‘sht,
“Qi” leksemasi orqali ifodalangan tovushlar ham aynan sinish, yaralanish va boshqa turdagi zarar yetishi aks etadi: qirt, qirs, qirch.
Do'stlaringiz bilan baham: |