3.2. Xorijiy investitsiyalar orqali yaqin istiqbolda mintaqa
sanoatini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari
Mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlashtirishning muhim omili
sifatida uning eksport salohiyatidan imkon qadar oqilona foydalanish talab etiladi.
Mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ko’p jihatdan shu hududda mavjud
bo’lgan resurslar safarbarligi, infratuzilmalarning takomilligi, xo’jalik tizimining
diversifikatsiyalashganligi, raqobatbardoshlik darajasi, innovatsion va
ishbilarmonlik muhiti hamda shular asosida baholanuvchi eksport salohiyatiga
bog’liqdir. Ayni paytda yuqorida sanab o’tilgan omillarning nechog’liq ro’yobga
chiqishi va reallik darajasi mintaqaning investitsion munosabatlarga tortilish
faolligi bilan uzviy bog’liq sanaladi.
Farg’ona mintaqasining potentsial imkoniyatlari eng avvalo, mehnat
resurslarida, ishlov beriladigan yer maydonida, asosiy ishlab chiqarish fondlari
quvvatining birmuncha yuqoriligida va avtomobil yullarining zichligida namoyon
bo’ladi. Respublikada ishlov beriladigan yer maydonining 20 foizi, asosiy
fondlarning 25 foizga yaqini, sanoat ishlab chiqarishining 23,6 foizi, qishloq
xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning 25,7 foizi, YaIMning 16,9 foizi, mehnat
resurslarining 21,2 foizi mintaqa hissasiga to’g’ri keladi. Ayni paytda mintaqaning
respublika investitsion resurslar iste’molidagi ulushi atigi 8,2 foizni (2012 yil),
xorijiy investitsiyalardagi ulushi 4,7 foizni (2010 yil) tashkil etishi o’z navbatida
mintaqa iqtisodiyotida ishlab chiqarish quvvatlarini zamonaviylashtirish sur’atlari
mintaqaning hududiy birliklari va iqtisodiyot tarmoqlarida nomutanosib holda
kechayotganligini ko’rsatadi.
Mintaqa eksport salohiyati va ijtimoiy-iqtisodiy ko’rsatkichlarining hududiy
tarkibining tahlili quyidagi holatlarni aniqlashga yordam berdi. Xususan, mintaqa
tarkibiga kiruvchi Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlarining ijtimoiy-
iqtisodiy rivojlanish darajalari va sur’atlarida nomutanosibliklar mavjud. 2010
yilda mintaqa YaHMining 40,1 foizi Farg’ona viloyatiga, 36,1 foizi Andijon
viloyatiga va faqat 23,8 foizi Namangan viloyati hissasiga to’g’ri kelgan.
Demak, mintaqa YaHMda Farg’ona viloyatining hissasi yuqori. Biroq,
YaHM ishlab chiqarishda Farg’ona viloyati yuqori salmoqqa ega bo’lsada, uning
o’sish sur’atlari (105,8 foiz) Andijon (110,5 foiz) va Namangan (112,4 foiz)
viloyatlariga nisbatan past.
Tadqiqot natijalariga ko’ra Farg’ona mintaqasi eksportining hududiy
tarkibida 2000-2010 yillar orasida sezilarli o’zgarishlar sodir bo’ldi. Xususan,
tahlil etilayotgan yillarda Farg’ona viloyatining mintaqa eksportidagi ulushi 47,7
foizdan 31,8 foizga tushib ketdi. Andijon va Namangan viloyatlarida bu
ko’rsatkich mutanosib ravishda 32,5 foizdan 44,9 foizga, 19,8 foizdan 23,3 foizga
ko’tarildi (3.2-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |