1.11. O’zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo’mitasi tizimida jismoniy tarbiya va sport ishlari
O’zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining
Qarori
O’zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo’mitasi
to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida
(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2017 y., 11-son, 170-
modda)
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida» 2017 yil 15 fevraldagi PF-4956-son Farmonini hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo’mitasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida» 2017 yil 15 fevraldagi PQ-2779-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo’mitasi to’g’risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017 yil 16 mart,
148-son
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 martdagi 148-son qaroriga
1-ILOVA
O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo’mitasi
to’g’risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo’mitasi (keyingi o’rinlarda — Qo’mita deb ataladi) jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlovchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasiga hisobot beradi.
Qo’mita o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
Qo’mita o’z vazifalari va funktsiyalarini amalga oshirishda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlik qiladi.
Qo’mitaning o’z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo’ysunishdan qat’i nazar, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Qo’mita, uning hududiy bo’linmalari faoliyatini moliyalashtirish O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Qo’mita huzuridagi O’zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasining ijro etuvchi apparati va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qo’mita, uning hududiy bo’linmalari va Qo’mita tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar yuridik shaxslar hisoblanadi, O’zbekiston Respublikasi
Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o’z nomi yozilgan muhrga ega bo’ladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |