2. “Sxema” texnologiyasi o‘rganilayotgan mavzu, muhokama qilinayotgan masala mohiyatining asosiy xususiyat yoki belgilariga muvofiq sxema, tasvir yoki rasm orqali ifodalashini ta’minlaydi. Ushbu texnologiyani qo‘llash talabadan masalaga ijodiy yondashishni taqozo etadi. Topshiriqni bajarish jarayonida talabalar o‘rganilayotgan mavzu, muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha o‘zlashtirgan nazariy bilimlarini yodga oladi, eng muhim xususiyat va belgilarni aniqlaydi, ularni umumlashtiradi yoki tarkibiy qismlarga ajratgan holda sxemani yaratadi. Talabalarda fikrlash, ijodkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, rivojlantirishga xizmat qiluvchi ushbu metod g‘oyaning qisqa, aniq ifodalanishi uchun sharoit yaratadi.
3. “Tavsiyanoma” texnologiyasitalabalarda muayyan yo‘nalishda tashkil etiladigan pedagogik faoliyat samaradorligini ta’minlash yuzasidan muayyan tavsiyalarni ilgari surish ko‘nikmasini shakllantiradi. Ilgari surilayotgan tavsiyalar mazmunan masalaning yechimini topishga yordam berishi, ilmiy jihatdan pedagogik amaliyotga mos kelishi talab etiladi. Metodni qo‘llashda quyidagi tartibda ish ko‘riladi: 1) o‘qituvchi tavsiyanoma tayyorlash talab etilgan masalani aniqlashtiradi; 2) talabalarga bu haqida e’lon qiladi; 3) talabalar fikr yuritish asosida masalaning yechimini topishga harakat qiladilar; 4) masalaning umumiy mohiyatini qayta yodga olish orqali uning muhim jihatlarini belgilab olinadi; 5) belgilangan muhim jihatlarga tayangan holda muayyan tavsiyalar ishlab chiqiladi; 6) ilgari surilayotgan tavsiyalar va ularning samaradorligi muhokama qilinadi; 7) yakuniy xulosaga kelinadi.
Texnologiyani qo‘llashda talabalar guruh yoki juftliklarga birikkan holda yoki alohida faoliyat yuritishlari mumkin. Mashg‘ulot jarayonida talabalar tomonidan ilgari surilgan barcha tavsiyalar umumlashtiriladi.
4. “Yalpi fikriy hujum” texnologiyasiJ.Donald Filips tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uni bir necha o‘n (20-60) nafar talabalardan iborat guruhlarda qo‘llash mumkin. Ushbu metod talabalar tomonidan yangi g‘oyalarning o‘rtaga tashlanishi uchun sharoit yaratib berishga xizmat qiladi. Har biri 5 yoki 6 nafar talabani o‘z ichiga olgan guruhlarga 15 daqiqa ichida ijobiy hal etilishi lozim bo‘lgan turli topshiriq yoki ijodiy vazifalar beriladi. Topshiriq va ijodiy vazifalar belgilangan vaqt ichida ijobiy hal etilgach, guruh a’zolaridan biri axborot beradi.
Guruh tomonidan berilgan axborot (topshiriq yoki ijodiy vazifaning yechimi) o‘qituvchi va boshqa guruhlar a’zolari tomonidan muhokama qilinadi va unga baho beriladi. Mashg‘ulot yakunida o‘qituvchi berilgan topshiriq yoki ijodiy vazifalarning yechimlari orasida eng yaxshi va o‘ziga xos deb topilgan javoblarni e’lon qiladi. Mashg‘ulot jarayonida guruh a’zolarining faoliyatlari ularning ishtiroklari darajasiga ko‘ra baholab boriladi.