Tushunchalar ustida bo’ladigan mantiqiy amallar



Download 27.06 Kb.
Sana26.06.2017
Hajmi27.06 Kb.

Aim.uz

Tushunchalar ustida bo’ladigan mantiqiy amallar.
Tushunchalarni umumlashtirish va chegaralash. Tushunchalarni umumlashtirish va chegaralash tushunchalar ustida olib boriladigan mantiqiy amallardan biridir. Ular tushunchaning mazmuni va hajmi o’rtasidagi teskari miqdoriy nisbat qonuniga muvofiq holda amalga oshadi. Tushunchani umumlashtirish hajmi tor tushunchadan hajmi keng tushunchaga (tur tushunchadan jins tushunchaga) o’tishdan iborat mantiqiy amal bo’lib, bunda tor hajmdagi tushunchalar keng hajmdagi tushunchalarga bo’ysunish munosabatida bo’lishi lozim.

Tushunchani umumlashtirish amali Eyler doirasi bilan qo’yidagicha ifodalanadi.

D Sazan

S Baliq

V hayvon

A Tirik mavjudot



Tushunchani chegaralash hajmi keng tushunchadan hajmi tor tushunchaga (jins tushunchadan tur tushunchaga) fikran o’tishdan iborat. Bunda berilgan tushuncha jins tushuncha deb qabul qilinib, undan hajmi keng tur tushunchaga o’tiladi.

Tushunchani chegaralash amalining sxemasi qo’yidagicha:
D Tirik mavjudot

S hayvon

V Baliq

A Sazan


Tushunchalarni ta'riflash. Ilmiy va amaliy faoliyat davomida har doim muhokamada ishtirok etuvchi tushunchalarni mazmuni va mohiyatini ochish ehtiyoji paydo bo’ladi. Tushunchaning mazmunini ochishga qaratilgan mantiqiy amal tushunchani ta'riflash (definitsiya) deyiladi. Tushunchalarni ta'riflash aniqlanuvchi, ya'ni mazmuni ochib berilishi lozim bo’lgan tushuncha hamda aniqlovchi – aniqlanuvchi tushunchaning mazmunini ochib beruvchi tushunchalardan iborat bo’lgan qismlardan tashkil topadi. Masalan: “O’zbekiston Markaziy Osiyoda joylashgan suveren respublika”. Bunda “O’zbekiston ” aniqlanuvchi qism, “Markaziy Osiyoda joylashgan suveren respublika” esa aniqlovchi qism hisoblanadi. Mantiqda ta'riflashning ikki turi: real va nominal ta'rif mavjud. Nominal ta'rif yordamida predmetni ta'riflovchi ifodalar yangi terminlar bilan almashtiriladi hamda uning ma'nosi aniqlanadi. Masalan: “Gnoseologiya” grekcha so’z bo’lib “gnosis”-bilish, “logos”-nazariya, ya'ni bilish nazariyasi, bilish to’g’risidagi ta'limot ma'nolarini anglatadi. Real ta'rifda predmetning muhim belgilari aniqlanadi. Masalan, “Gnoseologiya – bilishning tabiati va imkoniyatlari, inson bilimining voqelikga munosabatini o’rganuvchi, bilimning haqiqiyligi va ishonchliligini aniqlash yo’llari va usullari to’g’risidagi falsafiy ta'limotdir”_. Real ta'rif aniq ko’rinishida predmetlarning muhim belgilari to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatib berilsa, noaniq real ta'rifda esa tushunchaning mazmuni yordamchi vositalar orqali ochib beriladi.

Aniq real ta'rifning ikkita asosiy turi mavjud: 1) yaqin jinsi va tur belgisini ko’rsatish orqali ta'riflash, 2) genetik ta'rif.

Yaqin jinsi va turini ko’rsatish orqali ta'riflashning birinchi qismida tushunchaning yaqin jinsi topiladi va ikkinchi qismda aniqlanuvchi tushunchaning shu jinsga kiruvchi boshqa tur tushunchalardan farqi aniqlanadi. Masalan, “mantiq tafakkur shakllari, usullari va qonunlarini o’rganuvchi fandir”. Bunda “fan” “mantiq” tushunchasining yaqin jins belgisi bo’lsa, “tafakkur shakllari, usullari va qonunlarini o’rganishi” tur belgisi hisoblanadi. Yaqin jinsi va turini ko’rsatish orqali ta'riflashning qo’yidagi simvollar bilan ifodalanadi: AqVs, bu yerda A – ta'riflanuvchi tushuncha, Vs – ta'riflovchi tushuncha (V–jins belgi, s – tur belgi).

Genetik (yunoncha “genesis” so’zidan olingan bo’lib “kelib chiqish”, “manba” degan ma'nolarni bildiradi) ta'rifda aniqlanuvchi tushunchaning mazmuni u ifodalayotgan predmetning kelib chiqishi, shakllanishini ko’rsatish orqali ochib beriladi. Masalan, “suv vodorod va kislorodning kimyoviy birikmasidir”.

Ta'riflashning qo’yidagi qoidalari mavjud:

a) ta'rif teng hajmli bo’lishi kerak, ya'ni aniqlanuvchi tushuncha bilan aniqlovchi tushuncha hajmi teng bo’lishi kerak. Masalan, “Talaba – oliy o’quv yurtida o’qiydigan kishi” – teng hajmli ta'rif, “Talaba – o’qiydigan kishi” – keng hajmli tushuncha, “Talaba – pedagogika institutida o’qiydigan kishi” – tor hajmli tushuncha;

b) ta'rif aniq bo’lishi kerak. Bunda obrazli iboralar, mazmuni noaniq so’zlar ishlatilmasligi lozim. Masalan, “Materializm – idealizmga qarama-qarshi bo’lgan falsafiy ta'limot” – ta'rif aniq emas. Chunki “idealizm” tushunchasining o’zi ta'rifga muhtoj;

c) ta'rif aylanma bo’lmasligi lozim. Aylanma ta'rif berishda aniqlovchi tushunchaning mazmunini aniqlash uchun aniqlanuvchi tushunchaning o’ziga murojaat etiladi. Tavtologiya ham mana shu qoidaning buzilishi natijasida sodir bo’ladi. Bunda aniqlanuvchi tushunchadan uning mazmunini ochish uchun foydalanilgan bo’ladi. Masalan, “Materialist – materialistik dunyoqarashga ega bo’lgan kishi” – ta'rif aylanma shaklda;

d) ta'rif iloji boricha inkor shaklida bo’lmasligi lozim. Agar shunday ta'rif berilsa predmetga xos belgi o’rniga unda yo’q belgi ko’rsatiladi. Masalan, “Norma – hukm emas”. Biroq musbat tushunchalarni ta'riflashga bu qoida ta'luqli emas. Masalan, “E'tiqodsiz – ma'lum bir o’z qarash, maqsad va printsiplariga ega bo’lmagan kishi”.

Bilish jarayonida ta'riflashga o’xshash usullardan ham foydalaniladi va ularga qo’yidagilar kiradi:

a) tushunchani unga qarama-qarshi bo’lgan tushucha orqali ta'riflash. Bu usul bilan odatda kategoriyalarning mazmuni ochib beriladi. Masalan, “Oqibat – sababning natijasidir”;

b) tasvirlash usulida tushunchaning mazmuni u aks ettiruvchi predmetning ba'zi tashqi belgilarini ko’rsatish orqali aniqlanadi;

c) tavsiflash yordamida esa predmetning ba'zi bir munosabatdagi muhim tur belgilari ko’rsatiladi.

d) tafovutlash

e) ostensiv ta'riflashda predmetni ko’rsatish (demonstratsiya) orqali uning muhim belgilari aniqlanadi.

Tushunchani bo’lish deb unda aks etgan predmetlarni hajmini fikran ayrim guruhlarga ajratish orqali ularni aniqlashga aytiladi. Bo’lish tarkibi bo’linuvchi tushuncha (hajmi aniqlanuvchi tushuncha), bo’lish asosi (predmetning tushunchada fikr qilinadigan birorta umumiy belgisi) va bo’lish a'zolaridan (bo’lish natijasida hosil qilinadigan tur tushunchalardan) tashkil topgan. Bo’linuvchi tushuncha – jins tushuncha, bo’lish a'zolari – tur tushuncha bo’ladi. Masalan, “Ta'lim tizimi (bo’linuvchi tushuncha) bosqichiga (bo’lish asosi) maktabgacha ta'lim, o’rta ta'lim, o’rta maxsus ta'lim, oliy ta'lim, oliy ta'limdan keyingi ta'lim (bo’lish a'zolari)ga kiradi”.

Bo’lishning ikkita turi mavjud: 1) asos bo’lgan belgining o’zgarishiga qarab bo’lish va 2) dixotomik bo’lish.

Asos bo’lgan belgining o’zgarishiga qarab bo’lishda bo’linuvchi tushunchaning ma'lum bir belgisi asos qilib olinadi va uning o’zgarishlariga qarab tushuncha uni tashkil etgan predmetlar guruhiga ajratilib chiqiladi. Masalan, “Tushunchalar hajmiga ko’ra yakka, umumiy, ayiruvchi, to’plovchi, chegaralangan va chegaralanmaganga bo’linadi”.



Dixotomik bo’lishda bo’linuvchi tushuncha o’zaro zid bo’lgan ikkita tur tushunchaga ajratiladi. Masalan: “o’quvchilar” “a'lochi” va “a'lochi emas”larga ajratiladi. Dixotomik bo’lishda bo’linuvchi tushunchaning barcha turlari ko’rsatib o’tilmasdan, kerakligi ajratiladi va qolganlari zid bo’lgan tushunchaga birlashtiriladi. Lekin bunda inkor tushunchaning hajmi noaniq bo’ladi.


Tushunchani bo’lishning qo’yidagi qoidalari mavjud:

a) bo’lish teng hajmli bo’lishi, ya'ni bo’lish a'zolari hajmlarining yig’indisi bo’linuvchi tushuncha hajmiga teng bo’lishi kerak. Masalan, “Tafakkur shakllari tushuncha, hukm va xulosa chiqarishga bo’linadi” – bo’lish teng hajmli, “Tafakkur shakllari tushuncha va hukmga bo’linadi” – bo’lish teng hajmli emas, chunki bo’lish a'zosi bo’lgan xulosa chiqarish tushirib qoldirilgan;

b) bo’lish bir asos bo’yicha amalga oshirilishi lozim, ya'ni asos qilib olingan belgi bo’lish davomida boshqa belgi bilan almashtirilmasligi lozim. Masalan, “Dinlar xudolariga qarab ko’pxudolik (politeistik) va yakkaxudolik (monoteistik) dinlarga bo’linadi”. Agar shu holatda dinlarni ko’pxudolik (politeistik), yakkaxudolik (monoteistik) va jaxon dinlariga bo’lsak yuqoridagi qoida buziladi;

c) bo’lish a'zolari hajmi bo’yicha bir-birini istisno qilishi, ya'ni ular birga bo’ysunish munosabatidagi tushunchalar bo’lishi kerak. Bu holatda bir asos bo’yicha bo’linayotgan tushunchaning bo’lish a'zolari hajmiga ko’ra bir-birini istisno qilishi lozim. Masalan, “Kishilarni ma'lumotiga ko’ra o’rta ma'lumotli, o’rta-maxsus ma'lumotli va oliy ma'lumotlilarga bo’lishda uning a'zolari bir-birini istisno qilib kelmoqda. Agar biz talabalarni birinchi kursda o’qiydiganlar, tarix fakulteti talabalari va sirtqi bo’lim talabalariga bo’lsak yuqoridagi qoida buzilgan bo’ladi;

d) bo’lish uzluksiz holda amalga oshirilishi, ya'ni jins tushunchaga eng yaqin bo’lgan bir tartibdagi tur tushunchalar olinmog’i lozim. Masalan, “Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy huquqlarga bo’linadi”. “Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari ijtimoiy-iqtisodiy, saylash va saylanish huquqlariga bo’linadi” desak bo’lish uzluksiz bo’lmaydi. Sababi fuqarolarning saylash va saylanish huquqi siyosiy huquqlarga kiradi.

Klassifikatsiya tushunchalarni bo’lishning alohida turi bo’lib, predmetlarni ma'lum bir sinflarga ajratishdan iborat, unda har bir sinf boshqalariga nisbatan o’zining aniq va qat'iy o’rniga ega. Klassifikatsiyadan maqsad bilimlarni sistemalashtirishdir. Klassifikatsiyalashda bo’lish turlaridan farqli ravishda tushunchaning bo’lish a'zolari ham o’z navbatida bo’linadi. Biologiyada hayvonlarning tiplarini bo’lish klassifikatsiyaga misol bo’la oladi. Mantiqda tabiiy va sun'iy klassifikatsiyalari farqlanadi. Tabiiy klassifikatsiyada bo’lish asosi qilib predmetlarning birorta muhim belgisi olinadi. Sun'iy klassifikatsiyada esa predmetlarning biron-bir umumiy belgisi asos qilib olinadi Masalan, “Davlatlarni boshqarish shakli”ga qarab bo’lish – tabiiy klassifikatsiya, alfavit bo’yicha bo’lish sun'iy klassifikatsiya hisoblanadi.

Klassifikatsiyada ham tushunchaning bo’lish qoidalariga rioya qilinadi.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa