Binobarin, so‘z, ohang va harakat birligi, aniqrog‘i, shu uzvlarning o‘zaro mantiqiy aloqadorligi tufayli allalarning kompozitsion butunligi yuzaga keladi.
Allalarda to‘rtlik band tuzilishi yetakchi bo‘lsa-da, uchlik, beshlik, oltilik, ettilik va sakkizlik tarzida bir butun tugallangan allalar ham, shuningdek, shu xildagi band asosida to‘qilgan namunalar ham ancha. Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalaridagi allalarning aksariyati, asosan, to‘rtlik, beshlik va sakkizlik shaklida bo‘lsa, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent va Farg‘ona vodiysida hajman bir necha to‘rtlik, yo beshlikdan iborat voqeaband, yo lirik allalar salmog‘i baland. Bunday strofik xilma-xillik onalarning alla kuylayotgan vaziyatdagi kayfiyatining natijasi bo‘lib, allada kuylanishi kutilgan g‘oyaviy niyatning salmog‘iga, ko‘tarinkiligiga, yo‘nalishiga bog‘liq. O‘zbek allalarida shunday bir ichki mantiq borki, u qaysidir bir ishorada harakat, ohang va mazmun birligini ta’minlab turadi.
Onalar o‘zlari xush yoki noxushliklaridan qat’iy nazar farzandlariga hamisha mehribonlik bilan kuylaydilar: farzandlarini erkalata turib uyqu chaqirganlarida eng nafis ranglarni tanlashga, shu ranglarni g‘oyat nazokat bilan ishlatishga e’tibor beradilar. Bolalari tabiatini toblantirishda doimo tiniqlik va quvnoqlikka aloqador tuyg‘ularni teran ifodalashga xizmat qiluvchi poetik obrazlarga, sifatlash va o‘xshatishlarga murojaat qiladilar, shu maqsadda qo‘zichoq, qo‘chqor, olqor, toychoq, saman, toyloq, bo‘taloq, kiyik(ohu), quralay, serka, bulbul, to‘ti, lochin, tog‘, shahm, chiroq, qizil gul obrazlarida farzandlari qiyofasi va taqdiriga xos fazilatlarni umumlashtirib e’zozlaydilar:
Bulbul qushning bolasi,
Alla, qo‘zim-o, alla.
Daraxtda bo‘lar uyasi,
Alla, bolam-o, alla.
Daraxt boshini sel olsa,
Alla, qo‘zim-o, alla.
Shaydolar bo‘lar onasi,
Alla, bolam-o, alla.
O‘zbek allalarini kompozitsion tarkibiga ko‘ra ikki turga bo‘lish mumkin:
VOQEABAND (SUJETLI) ALLALAR.
takomillashgan namunasi sanash mumkin. Bunday allalar yagona, yaxlit sujet (voqea)ga ega, barcha bandlardagi poetik muddao bir silsilada markazlashgan hayotiy voqealarningepizodlari uyg‘otgan kayfiyatlar tasviridan iborat bo‘ladi. Ularda kompozitsiya puxta: ekspozitsiya, tugun, kulminatsiya va yechim singari uzvlar mavjud:
Bulbul sayrar yozina, alla-yo alla,
Qulluq qush ovozina, alla-yo alla.
Manim bulbul shu o‘g‘lim, alla-yo alla,
Quloq qo‘ysin ovozima, alla-yo alla.
Bulbul kichkina qushdir, alla-yo alla,
Sahar ovozi xushdir, alla-yo alla.
Bermang bulbula ozor, alla-yo alla,
Bulbul beozor qushdir, alla-yo alla.
Bulbul sayrar chamanda, alla-yo alla,
Shu bag‘ri keng vatanda, alla-yo alla.
Uni aslo cho‘chitmang, alla-yo alla,
Sayrasin shu chamanda, alla-yo alla.
Bulbul uchar qo‘limdan, alla-yo alla,
Har kim qo‘rqar o‘limdan, alla-yo alla.
Shu bulbulim sayrasa, alla-yo alla,
O‘lim qochar yo‘limdan, alla-yo alla.
Allada ekspozitsiya - bulbulning yozda sayragan va maftunkorligining har qanday minnatdorlikka sazovorligi bo‘lsa, tugun - bulbul obrazidagi o‘g‘ilning kelajakdagi taqdiri, aniqrog‘i, kim bo‘lishi. Kulminatsiya esa shu bulbul - o‘g‘il taqdirining o‘limga ro‘para kelmasligi niyatidan tug‘ilgan tuyg‘ular qarama- qarshiligida ko‘rinadi. Nihoyat, shu o‘g‘il - bulbulning xushxon sayrab qolishi - o‘limni qochirishidan iborat taskin tugunning optimistik yechimi hisoblanadi.
Voqeabandlik xususiyatini nafaqat lirik, balki yumoristik hamda yig‘i va yo‘qlov xarakteridagi allalarda, shuningdek, badihaviy allalarda ham kuzatish mumkin.
7
III.BOB.Oʻzbek bolalar kitobxonligi xususiyatlari
L.N.Tolstoyning quyidagi san’atkorona bahosi bilan yaqqol oydinlashadi: “Axir men hozir nimalarda yashayotganimni o‘shanda kashf qilmaganmidim? - deya xotirlagandi u yetmish yillik umriga sarhisob qila turib. -Shuncha ko‘p, shuncha tez kashf etgan narsalarimning yuzdan birini ham, qolgan butun umrim davomida kashf eta oldimmi? Aslo! Besh yashar boladan mengacha - faqat bir qadam, yangi tug‘ilgan chaqaloqdan besh yashar bolagacha - dahshatli masofa!”4.
Lev Tolstoy fikrlaridan bolalar dunyosini idrok qilish, his-tuyg‘u, o‘lchovlari va qiziqishlarini ulardek anglash kattalar uchun naqadar og‘ir va mas’uliyatli ekanligi anglashiladi. Yoki, Korney Chukovskiyning mashhur “Ikkidan beshgacha” asarida ham aynan shu yoshdagi bolalarning o'ziga xos olami tadqiq etilgani bejiz emas. Muallif insondagi ko'pgina fazilat va qirralar, qobiliyat va qiziqishlar, tasavvur va tushuncha aynan 2-5 yoshlik davrida to‘la namoyon bo‘lishini qator misollar tahlili orqali isbotlaydi.
Zotan, umr ibtidosidayoq so‘z san’ati sehri bilan tarbiyalanish beqiyos ijtimoiy-estetik qimmat kasb etadi. Aslida ham xalq ijodiyotidagi erkalamalar, ovutmachoqlar, qiziqmachoqlar, ertaklar va aytim-olqishlar shunday vazifani ado etib kelgan. Murg‘ak bolani so‘z ohangida erkalash, ardoqlash ular ruhiyatida o‘zgacha ta’sir etishi folklorshunos, psixolog va pedagoglar tomonidan qayta-qayta ta’kidlanmoqda.
Ulug‘ mutafakkir Ibn Sino bundan ming yillar avval yozgan “Axloq haqida risola”sida shunday yozadi: “Tarbiyani bolaning eng yosh paytidan boshlash kerak, zero unga yaxshi xulq odat bo‘lib qolsin” Bu kabi fikrlar Unsurulmaoliy Kaykovus, Shayx Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi mumtoz so‘z san’atkorlarining didaktik asarlariga ham singdirilgan. XX asr boshlarida esa Abdulla Avloniy o‘zining pedagogik risolasida tarbiyaning zamoni haqida mulohaza yuritib, shunday yozadi: “Emdi ochiq ma’lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulgan kundan boshlamak, vujudimizni quvvatlandurmak, fikrimizni nurlandurmak, axloqimizni go ‘zallandurmak, zehnimizni ravshanlandurmak lozim ekan...”
Binobarin, ana shu e’tiroflarning o'ziyoq maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar kitobxonligining dolzarb ahamiyatini asoslashga xizmat qiladi. Bu yoshdagi bolalar hali kitob o‘qishni, uning mazmunini idrok etishni bilmasa-da, atrof- olamdagi narsa-predmetlarga qiziqishlari kuchli bo‘ladi, taqlidchilik asosida hayotni o‘zlashtira boradilar. Shu sababli kichkintoylar eng ko'p eshitadigan, sevib tinglaydigan ertaklari va she’rlarining personajlari - hayvonlar, qushlar, hasharotlar, dov-daraxtlar hisoblanhsa-da, insonga xos taqlidiy suratga ega: gapiradi, yig‘laydi, xafa bo‘ladi va h.k.
Kichkintoylarda 2-3 yoshidan boshlab so‘z o‘rganish, so‘zni anglash va aytish ehtiyoji jiddiy tus oladi. Ular 3 yoshda 1200-1500 so‘z bilsa, 4-5 yoshda 2500 tacha so‘zni o‘z nutqida faol qo'llaydi. Bola hech qanaqa grammatik qoidadan xabarsiz holda so‘zlarni mantiqan to‘g‘ri aloqaga kiritib, o‘z fikri va istagini bildira oladi,
hatto o‘zicha so‘z yasab, uni ifodalagan bo‘ladi, shu tariqa o‘z lug‘atini aks ettiruvchi tili yuzaga keladi. Xuddi shunday bir vaziyatda bolaga hayvonlar, qushlar va hasharotlarning yorqin rasmlari, ularga daxldor voqelikni ifodalovchi voqeaband rasmlardan tashkil topgan pishiq kartondan ishlangan animal kitoblar, hayvonlar haqidagi ertaklar mazmunini aks ettiruvchi dekorativ, kesma yoxud yig‘ma kitobchalar berilmog‘i lozim. U bunday rangli kitobchalarni o‘zi ochib varagqlamog‘i, rasmlariga qarab, tasvirdagi narsalarning holatini, rangini, shaklini, a’zolarini, aytmog‘i, yoxud kattalar yordamida shularni o‘rganib qayta so‘zlamog‘i shart. Bunday kitobchalar bolada hajm, shakl va rangni his qilishda ham muhim rol o‘ynaydi. Xususan, “O‘zing bo‘ya” ruknidagi kontur suratli kitobchalar bu jarayonni yanada faollashtiradi, bolalar bu kitoblarni bo‘yab turib konturda ifodalangan ma’nolarni, shakllar va ularning ranglar garmoniyasida o‘qib idrok qiladigan bo‘ladilar. Bu holat ularda so‘zga, so‘zlashga rag‘batni yanada kuchaytiradi. Shuningdek, har bir jumlaning jarangdorligi, musiqiyligi, ertaklarni rolli va didaktik o‘yinlar orqali, she’rni esa qo‘shiq qilib ayta olishi muhim. Zero, bolalar adiblari kitobxonlikning bu davriga alohida e’tibor qaratmog'i, ularning til va nutq boyliklari, quvnoqlikka moyil tabiatini inobatga olishi g‘oyat zarur. Rost, maktabgacha tarbiya yoshidagi bola o‘zi qiziqqan ertak yoki she’rni, hikoyani tanlash imkoniyatiga ega emas. Ammo tanlab eshita oladi. Zukko ota-onalar, maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagoglari kichkintoy ko‘zidagi hayrat, quvonch yoki o‘ychanlikni ilg‘ay biladi. Aytaylik, Z.Diyorning “Kapalak”, “To‘p”, “Suv bilan suhbat”, Sh.Sa’dullaning o‘yinchoqlar tilidan aytiluvchi “Ayiq”, “Buzoq”, “Toychoq”, “Uloqcham” she’rlari shu ma’noda kichkintoylar tilidan tushmay keladi. Bunday she’rlarda 2-6 yoshli kichkintoylarning fe’l atvori (kapalakni quvlashi, suv bilan suhbatga kirishishi, o‘yinchoqlar tilga kirib, unga arz qilishi ), nutqi (“jiyron toycham”, “o‘ynab-kishnab”, “suzoq” ) ohangi aks etgani, ular sho‘xligiga mos ifodalar (kapalak, buzoq, toychoq, sharqiroq soy, to‘p, uloqcha...) bilan tasvirlangani, qolaversa, so‘z va qofiyalarning aniqligi (buzoq- suzoq) diqqatga sazovor .
Shunga o'xshash S.Barnoyevning “Feruza aytgan qo‘shiq” she’ri zamondosh kichkintoylar kuylab kelayotgan qo‘shiq hisoblanadi:
Quyosh bo‘lsin, oy bo‘lsin,
O‘zbekiston boy bo‘lsin.
Menga atlas, ukamga Gijinglagan toy bo‘lsin.
Dadam yuzga kirsinlar,
Oyim yuzga kirsinlar,
Bizlar yuzga kirganda Yonimizda yursinlar.
She’rda katta-yu kichikning samimiy tilagi bor. U juda sodda, o‘ynoqi ohangda bitilgan. Ayni paytda jajji qizaloq oila farovonligini istayotirki, bunda osmon-u zamin tinchligi bilan birga milliylik (atlas) hamda yurt tinchligi, ota-bobolar an’analariga sodiqlikning (“gijinglagan toychoq”) umrboqiyligi ko‘zlanayotir.
Kichkintoylar shunday she’rlarni kuylab ulg‘aysa, albatta, uning mazmun- mohiyati ham qulog‘iga singib boradi.
Yoki R.Farhodiyning “Tonggi so‘z” hikoyasida qator taqlid so‘z lar ishlatilgani e’tiborga loyiq. Ya’ni, “Miyov-miyov!”, “G‘uv-g‘uv”, “Chiriq, chiq-chiriq!”, “Vov-vov-vov!”, “G‘oq-g‘oq-g‘oq!”, “G‘a-g‘a-g‘a!”- bular tongda uyg‘ongan Ahmadning yo‘lda uchratgan do‘stlari - mushuk, shamol, Qoplon, g‘oz va o‘rdaklarning erta tongda aytgan so‘zlari -“Assalomu-alaykum!”- degani ekan. Darhaqiqat, bunday hikoyalar jajji kichkintoylarga estetik zavq berish bilan birga tarbiyaviy vazifaga ham ega. Shu sababli kichkintoylarga bag'ishlangan she’r va hikoyalar ularda hayotni anglash, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, mavhum tushunchalarining reallashuvi, so‘z boyliklarining muttasil boyib borishiga xizmat qilishi asosiy tamoyillardan hisoblanadi.
Kichik maktab yoshidagi bolalar kitobxonligi ham o‘ziga xos tafovutlarga ega. Chunki bu yoshdagi bolalarning ichki olami nihoyatda boy. Ular hali ko‘p narsani bilmasa-da, lekin bilishdan iborat ma’naviy ehtiyoj jarayonini boshdan kechiradi. “Bolalarga o‘zlari sezgan va o‘ylaganlarini gapirib beri sh g‘oyat qiyin, chunki ularni so‘zda ifodalashga to‘g‘ri keladi”, - deb yozgan edi Yanush Korchak taxallusi bilan butun dunyoga tanilgan polyak adibi Genrika Goldshmit. - Bundan ham og‘irrog‘i esa yozish. .. .lekin bolalar shoir va faylasufdirlar.”
Anglashilishicha, adiba o‘zining pedagogik tajribasi, bolalar shifokori sifatidagi bilimi, betakror yozuvchilik iqtidori orqali bolalik dunyosining ko‘pgina sir-asrorlarini ilg‘ay olgan; xususan, bola qalbining erkinligi qu shga, kapalakka va gulga qiyoslanishini, hamchunin ular o‘zlariga jonivorlar, hasharot-u hayvonlarni aka-uka, yoxud, tengqur do‘stdek tutishini ta’kidlaydi. Chindan ham shunday. Bolalar tabiatidagi “shoirlik”- ularning hamma narsadan hayratlanishlari, har bir hodisadan hayajonlanishlari bo‘lsa, “faylasuflik”- hayratni va hayajonni qo‘zg‘agan shu narsalar va hodisalarning asl mohiyatiga qiziqishlaridir. “Bu nima?”, “Bu nega bunaqa?”, “U nima deydi?”, “U nega katta yoki nega kichik?”, “U qanday o‘sadi?”, “Nega qattiq?”, “Nega yumshoq?”, “Suv nega qotadi?”, “Quyosh qanday qizitadi?”, xullas, shu xildagi sanoqsiz savollar bu yoshdagi bolalarning qiziqishlari hosilasi bo‘lib, ana shu savollarga topgan va topolgan javoblari - olamni o‘zlashtirish yo‘llaridir. Olam ular uchun jumboqqa aylanarkan, ularning o‘zlari ham “nimavoy”ga aylanishlari tabiiydir. Shu ma’noda, rus bolalar yozuvchisi N.Nosov yaratgan Pochemuchka ( yoki, Nimavoy - o‘zbek tilida Bilmasvoy tarzida tarjima qilingan) -bu yoshdagi bolalarning umumlashma obrazi darajasiga ko‘tarilgan. Bunday umulashma obrazni Q.Muhammadiyning “Tabiat alifbesi” turkumiga kiruvchi lirik qahramon timsolida ham ko‘rish mumkin. U ham butun vujudi bilan “Yong‘oqni nega yong‘oq deymiz?”, yoki “Yong‘oqning qobig‘i nega qattiq?”, “Olcha negaqip-qizil?”, “O‘rik nega sarg‘ayib pishadi?”, “Jiydaning shoxi nega egik?”, “Shaftolining bargi nega achchiq?”, “Sada nega meva qilmas?”, “ Dada, bog‘bon nega tokni qirqib turadi?”, yoki, “Tok daraxti bir xil-u uzumlari nega har xil?”, “Mol nega kavsh qaytaradi?”, “Chittak nega chittak?” singari son-sanoqsiz savollarga aylangan. Q.Muhammadiy bu savollarga poetik javob berish maqsadida nima to‘g‘risida asar yaratmasin, nima haqda gapirmasin, doim o‘sha narsadan inson hayotini ko‘zda tutib, ma’no izlaydi. Shoir shu ma’noni topadi ham. Bu ma’no doim bolalarning hayotdan oladigan birinchi taassurotlarini izohlaydi, uning dunyoqarashi shakllanishiga xizmat qiladi.5 Eng muhimi, bolada insonni sevish, kasb-u koriga rag‘bat bilan qarash, shu asosda hayotni anglash va sevish tuyg‘usini ardoqlab o‘stiradi. Bu yoshdagi bolalar folklordan kengroq bahramand bo‘la boshlaydilar: tez aytishlar mashqi bilan nutq tovushlari talaffuzini ravonlashtirsalar, chandish o‘ynab so‘zlar ohangdoshligini idrok qiladilar; guldur-guplar vositasida so‘z va harakat uyg‘unligini his etsalar, topishmoqlarni yechish jarayonida zehnlarini charxlay boradilar. Hayvonlarga oid ertaklarga qiziqishlari sehrli- fantastik va hayotiy-maishiy ertaklarga omixtalashib, ular hisobiga to‘lisha boradi va xayollariga parvoz bag‘ishlay boshlaydi. Hayotiy-maishiy ertaklarni o‘qish jarayonida real hayot hodisalariga qiziqishlari uyg‘ona boradi. Ertakka bu xildagi ma’naviy chanqoqlik turli xalqlar ertaklarini ham, shuningdek, yozma adabiy ertaklarni ham sevib o‘qishga chog‘laydi: Sharl Perro, aka-uka Grimmlar, Hans Kristian Andersen, P.Yershov asarlarini, ayniqsa, bolalarga moslashtirib tabdil qilingan E.Rapsenning “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari”, shuningdek, A.Tolstoyning “Oltin kalit yoki Buratinoning boshidan kechirganlari”, Leonid Solovyevning “Nasriddin afandi sarguzashtlari”, Sh.Sa’dullaning “Yog‘och qo‘g‘irchoq yoki Kachal polvon sarguzashtlari” ertak-qissalarini, Turg‘unboy G‘oyibovning adabiy-nasriy ertaklarini zavqu shavq bilan o‘qiydilar. Multfilmlarga va qo‘g‘irchoq teatri spektakllariga o‘chliklari zamirida ham aslida ertakka ehtirosli qiziqishlari yotadi. Ayni paytda ham bunday asarlarning ahamiyati pasaymagan. Shu bilan birga, o‘sib kelayotgan yosh avlodni endilikda ko‘proq mantiqiy bilimlar, insonning ruhiy kechinmalari, tabiat va jamiyat munosabati masalasi qiziqtirayotgani sir emas. R.Tolibning “Kim baxtiyor?” she’ri shu ma’noda kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar tabiatiga monand:
O‘tirib goh Mirjalol, O‘zicha surar xayol: “Bobom qanday baxtiyor? O‘zlarida ixtiyor,
Birov bermaydi tanbeh. Yanglishsalar hamki ... eh, Doim hurmatda bobom. Hamma beradi salom,
Joy tayyor, dimog‘i chog‘, Avtobusga chiqqan chog‘ “Bobomlarga maza xo‘p, Uxlaydilar rosa ko‘p. Xunob bo‘lib erta-kech, Misol yechmaydilar hech.
O‘zicha aytar bobo:
“Alam qilarkan goho,
Ko‘z xira oyoq og‘rir, Keksalik ekan og‘ir. Yaxshi emas ishtaham, Unum yo‘qdir ishda ham, Tunbo‘yi kelmay uyqu Bosar keksalik, qayg‘u. Qani, endi bo‘lsam yosh, O‘tirmasdim qashlab bosh. Kuchi, sog‘liqlari bor, Yoshlar qanday baxtiyor?”
She’rda inson umrining ikki qarama-qarshi qutblari - keksalik va yoshlik yuzma-yuz kelgan. Shoir keksalikni dastlab, zohiriy jihatlarinigina bola tasavvuri orqali aks ettiradi. Bu kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarga xos bo‘lgan uyquni yaxshi ko‘rish, arifmetik misol va masalalardan xunob bo‘lish, shumtakaliklari uchun dakki yeyaverish kabilar bilan muvoziy qo‘llanib, tasvirdagi aniqlikni ta’minlay olgan. Bobo o‘ylari orqali esa umr poyonidagi botiniy kechinmalar, qarilikning o‘ziga yarasha tashvishlari his qilinadi. Yosh kitobxon bobo va nevara xayolidan ogoh bo‘lgach, keksalarni ko‘proq e’zozlash zarurligi, haqiqiy baxtiyorlik esa yoshlikda ekani, “bosh qashlab” o‘tirmay, bilim olish, izlanish zarurligini anglaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |