Insho yozish
Insho yozishda rejaga amal qilinadi. Har bir fikr puxta o`ylab, so`ng qog’ozga tushiriladi. Fikrlarni dalillash boshqa manbalarga murojaat qilishni taqozo qiladi. Agar bu dalil aynan keltirilsa, «tsitata» yoki «iqtibos» deyiladi. Nasriy tsitatalar misol tariqasada keltirilsa, qo`shtirnoq orasiga olinadi. SHe’riy matn holatidagi misollar esa qo`shtirnoq orasiga olinmaydi, she’riy ustun tarzida beriladi.
O`quvchilar maktabda janriga ko`ra rivoya insho, muhokama insho, tasviriy insho kabi insho turlariga oid yozma ishlar bajarishadi.
Rivoya inshoda voqeani izchil bayon qilish jarayonida rivoya elementi qo`llaniladi. Rivoya inshoda shaxsan boshdan kechirilgan, eshitilgan yoki o`qilgan, rasmda ko`rilgan voqealar material bo`lib xizmat qiladi. Tabiiyki, fikr izhori hikoya tarzida ketadi.
Muhokama inshoda biror munozarali masala yuzasidan o`quvchining fikri yoritiladi. Bunday inshoda berilgan fikrni dalillash kerak bo`ladi. Bunday inshoda fikr bayonida mantiqiy izchillikka alohida e’tibor qilinadi.
Tasviriy inshoda o`quvchi oddiy va badiiy tasvirdan foydalanib ma’lum bir predmet yoki manzarani kishi ko`z oldida gavdalantirib berishi zarur. Kuzatuvchanlik, o`xshatish va mug’oyasa asosidagi bayon zavqlantirishga, go`zallik va ezgulikni his qildirishga, hayajonlantirishga qaratilgan bo`ladi.
Ba’zan inshoni maktub (noma) uslubida ham yozish mumkin. Bunda rivoya, muhokama va tasvirdan zaruratga ko`ra, maktubning ijodiy xarakteri talab qilgan darajada almashlab foydalanish ham mumkin.
Berilgan rasmga qarab ijodiy insho yozishda yuqorida sanab o`tilgan usullarning xohlagan birini qo`llash mumkin. Insho uchun tasviriy san’at asari tanlanganda rasmda ifodalangan syujetga, bo`yoqlarning yorqinligi va ta’sirchanligiga, o`quvchining yoshi, bilimlar ko`lamiga mos kelishiga ahamiyat beriladi.
5-9- sinf o`quvchilariga tanlangan rasm sodda syujetli, mazmuni oson tushuniladigan, ranglar tabiiy qo`llanilgan, chuqur ramziylikdan xoli bo`lishi kerak.
Maxsus ta`lim yo`nalishidagilar uchun ramziy ma’nolar, ranglar, murakkab psixologik syujetga ega bo`lgan rasmlar ham tanlanishi mumkin.
Xullas, insho yozish jarayonida o`quvchi ijodiy ish bajaradi, o`z fikr va kechinmalarini, taassurot va mulohazalarini izhor qiladi. Bunda ijodkorga qat’iy chegara qo`yilmaydi. Mavzu mohiyatidan og’ish, hajmi chegarasidan chiqib ketish, tafsilotlarga berilish yoki, aksincha, o`ta umumiy tarzda fikr yuritish kabi nuqsonlarga yo`l qo`yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |