Menga ilm-u adab san o’rgatding,
Chin adib, muallim, shonim.
Millatning ruhini ko’targuchisan,
Ey muqaddas karamli sultonim.
Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy og’iz orasidagi tilni ham
saqlamak lozimdur. Chunki so’z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini
o’lchab ko’rsatadurgan tarozusidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va
niyatini,
ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so’zlagan so’zidan bilurlar.
«Quruq so’z quloqg’a yoqmas» – demishlar.
Agar so’z aql va hikmatga muvofiq bo’lub, o’ziga yoki eshituvchiga bir
foyda chiqadurgan bo’lmasa, asalarilari orasida g’ung’ullab yurgan qovoqari
kabi quruq g’o’ng’ullamoq faqat bosh og’rig’idan boshqa bir narsa emasdur .
Boshimizga keladurgan qattig’ kulfatlarning ko’pi yumshoq tilimizdan
keladur. Shuning uchun: «Ko’p o’yla, oz so’yla», – demishlar.
Tillarning eng yaxshisi so’zga
usta til, so’zlarning eng yaxshisi bilub,
oxirini o’ylab so’ylangan so’zdur.
Go’zallik yuzda ermas, ey birodar,
So’zi shirin kishi har kimga yoqar.
So’zing oz bo’lsinu ma’noli bo’lsun,
Eshitkanlar qulog’i durga to’lsun.
So’zing bo’lsa kumush, jim turmak oltin,
Misi chiqg’ay so’zing ko’p bo’lsa bir kun.
Ko’paygan so’zni bo’lgay to’g’risi oz,
Shakarning ko’pidan ozi bo’lur soz.
IQTISOD
Iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur.
Mol qadrini biluvchi kishilar o’rinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, o’rni
kelganda so’mni ayamas. Saxovatning ziddi baxillik o’ldig’I kabi iqtisodning
ziddi isrofdur. Alloh taolo isrof qilguvchilarni suymas. Iqtisodni rioya qilgan
kishilar hamma vaqt tinch va rohatda yasharlar.
Arilar qish kunida yemak uchun bol yig’ganidek,
boshlariga keladurgan
qora kunlarni o’ylab, oq pul yig’urlar. «Toma-toma ko’l bo’lur», – demishlar.
Har narsa ozdan ko’payur.
Ko’pni ozaytirg’uvchi xotun kishi,
Ozni ko’payturmak erur er ishi.
Hozirgi zamonda maqsudga yetmak, o’z millatiga xizmat qilmak, xalqg’a
maqbul bo’lmak uchun ilm va mol lozimdur. Olamdagi hamma millatlarning
hol va qudratlari mol va boyliqlari ila o’lchanur. Har yerda boy millatlar og’ir
kelub, pallani bosub xo’ja o’lganidek, faqirlari yengil kelub, qul va asir
bo’lub, osilib qoladur. Mol topmakning eng barakatli yo’llari: hunarchilik,
ekinchilik,
chorvachilik, savdogarlikdur. Bularning har biriga ham bu
zamonimizda bilim lozimdur. Bobolarimizning «bo’lsa bo’lar, bo’lmasa
g’ovlab ketar» zamonlari o’tub, o’rniga «bilgan bitar, bilmagan yitar» zamoni
keldi. Amerikalilar bir dona bug’doy ekib, yigirma qadoq bug’doy olurlar,
yovrupolilar o’zimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturub, o’zimizga
yigirma besh tiyinga soturlar. Ammo biz osiyoliklar, xususan, turkistonliklar,
dumba sotub, chandir chaynaymiz: qaymoq berub, sut oshiymiz, non o’rniga
kesak tishlaymiz. So’zning qisqasi, hozirgi zamonga muvofiq kishi bo’lmak
uchun ilm va ma’rifat
ila barobar iqtisod, insof, tuganmas sa’y, bitmas
g’ayrat lozimdur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz:
«So’ng zamonlarda dinni saqlamak mol ila bo’lur. Iqtisod uzra harakatli
kishilar faqir bo’lmas», – demishlar. Yana, «Har narsada o’rta iqtisod yo’lini
tutmak lozimdur. Ifrot va
tafritdan ihtiroz qilmak kerak, hatto din amrinda
ham bir odam ortuq sufiylik sotsa, oxirinda o’zi mag’lub bo’lur», –
demishlar.
Xalq ichinda mo’tabar bir narsa yo’q davlat kabi,
Bo’lmag’ay davlat jahonda quvvat-u sihhat kabi.
Iqtisod, insof ziynatdur vujudi odama,
Yaxshi ne’mat yo’q kishiga sa’y ila g’ayrat kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: