BAYT
Munofiq yod o’lunsa ismi poking,
Jahon bo’lgay jahim havlnoking. Hayoting ranjish-u kulfatda barbod, Tuzalmas to qiyomat bag’ri choking. Kezarsan darbadar g’urbat chekib zor, Belingga yetmagay aslo etoking.
TAMA
Tama deb birovdan bir narsa umidvor bo’lmakni aytilur. A’zo va javorihlari salomat, kuch va quvvatli kishilarga tama qilmak harom, ojiz va notavon, kuchsiz kishilarga mubohdur. Tama balosiga giriftor bo’lgan kishilarda nomus va hayo degan yaxshi sifatlar bo’lmaydur. Hozirgi zamonda oramizda tama noni bilan qorin to’yg’uzadurgan kishilarning hisobi yo’qdur. Agar bularning biridan: «Birodar, saning oyoq-qo’ling butun, taning sog’, tama qilmak sanga harom emasmi?», – deb savol qilinsa, «Qanday qilay, ota- bobomning kasbi tilanchilik edi, man ham tama orqasidan ovqat qilurman», – deb tamani kasbga isnod berub, turluk-turluk bahonalar bayon qilur. Shariatda munday kishilarga tama orqasidan kasb qilmaklari mamnu’dur. Alhosil, tama noni ila suyagi qotgan, ish va kasbga bo’yin qo’ymay, dangasa va yalqovlikka o’rgangan va odat qilgan kishilarning o’zlaridan yaxshilik umidi o’lmadig’i kabi bolalaridan ham yaxshilik kutub bo’lmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Kishi qo’linda bo’lgan narsaga qiziqma! Tamadan saqlan! Zeroki, tama o’zi hozir bir faqrdur. Namozingni ado qil! So’ngindan uzr istarga to’g’ri keladurgan ishlardan saqlan», – demishlar.
BAYT
Bo’lmagil mubtalo duchor tama, Aylar insonni xor-u zor tama. Yo’q qilub himmat-u qanoatni, Oladur oldan ixtiyor tama. Noni minnat uchun egur bo’yning, Qiladur ko’zni intizor tama. Yuzdan otkay hayo-u sharmingni, G’ayrating kuydurar nori tama Hirsi dunyo qiladi Qorundek,
Hotam isming yutar mori tama.
ZULM
Zulm deb birovning joniga yoki moliga zarar yetkurmakni aytilur. Janobi Haq butun yer yuzidagi insonlarni huquqda musoviy –barobar qilub yaratmishdur. Mansab va davlatga, kuch va quvvatga mag’rur bo’lub, birovning haqig’a taarruz va tajovuz qilmak zulmdur. Kattalikning izzati zulm va taaddida emas, shafqat va marhamatdadur. Kichiklikning lazzati nafrat va qarshulikda emas, sadoqat va hurmatdadur. Shul xususda Shayx Sa’diy:
G’ami zeri doston bexo’r, zinhor, Betars az zabardastiye ruzgor.
Tarjimasi:
Quvvatsizlar g’amin yeb yur hamisha, Quvvatlilardan etgil xavfp esha.
deb kichiklarni izzat qil, kattalarni hurmat qil, maolindagi hikmat va ibratlik she’ri balig’asini so’ylamishlar.
Dunyoda mazlumning ohidan o’tkur narsa yo’qdur. Mazlumning duosi «Pichoqni o’zingga, og’rimasa, boshqaga ur», – demishlar. Bir kishi zulmning yomonlig’ini bilmak uchun boshqa bir odam tarafidan o’z nafsiga qilinsa, chekadurgan azobini o’ylasa, yomon fanoligi ochiq ma’lum bo’ladur. O’tkan zamonlardagi hukumatlar-ning barposi adolat ila poydor o’ldig’i kabi, inqiroz va barbodi ham zulm ila poytaxtga yetub va ul zolim hukumatlarning tarix sahifalarida faqat ismlari qolganligi hammaning ma’lumidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ey bandalar! Allohdan qo’rqingiz, Allohning ismi ila ont ichamanki, bir mo’min bir mo’minga zulm qilsa, Alloh taolo qiyomat kunida ul odamdan o’ch olur», – demishlar.
BAYT
Adolat obi hayot-u sitam erur zulumot, Bu zulmat ichra kiranlarga yo’q hayot-u najot. Hazon zamoni kelsa, guliston yo’q o’lgandek, Na yerda hukm surar zulm, mahv o’lur barakot. Xarobazora do’nur zulm ila bilod obod, Yashar u manzili vayronada boyqush, hasharot.
Agarchi shoh-u gado ikkisi olur bir go’r, Kafandan o’zgag’a yetmas butun kuch-u harakot. O’zingdan ojiz-u kuchsizlara sitam qilma, Kimki zolim erur, ko’rmagay ulug’ darajot. Hazar qil ohidan, afg’onidan u mazluming, Bir oh birla solur boshingga butun arasot.
Xudoni yodida bo’l, bo’lmagil dil ozori, Aylan Allohingga, «Hijron», talab qilub hojot. Kotib: Abdulmannon ibn Abdulmajid (Uyg’ur)
Do'stlaringiz bilan baham: |