7-Mavzu.O‘ZBEKISTONNING IShLAB ChIQARISh,
ILMIY-TEXNIKA VA INNOVATSIYa SALOHIYaTI
Reja:
7.1. Ishlab chiqarish salohiyati tushunchasi
7.2. Davlatning ilmiy, ilmiy-texnika va innovatsiya siyosati
7.3. Ilmiy, ilmiy-texnika salohiyati
7.4. Innovatsiya salohiyati
7.5. Innovatsiya faoliyatini boshqarish
Ishlab chiqarish salohiyati milliy iqtisodiyot miqyosida barcha ishlab chiqarish shart-sharoitlari va resurslarining yig‘indisi sifatida aniqlanadi, yalpi ichki mahsulot hajmi, sanoat korxonalari va qurilish tashkilotlari ishlab chiqarish quvvatlari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari, ishlab chiqarish infratuzilmasining rivojlanish darajasi bilan baholanadi.
Ishlab chiqarish salohiyatini ifodalaydigan umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlardan biri asosiy fondlar qiymati hisoblanadi. Asosiy fondlarga binolar, inshootlar, o‘tkazgich qurilmalar, ishchi va kuchli mashina hamda asbob-uskunalar, o‘lchagich va boshqarish anjomlari, hisoblash texnikasi, transport vositalari, jihozlar, ishlab chiqarish va xo‘jalik inventarlari, ishchi va mahsuldor mollar, ko‘p yillik daraxtlar, ichki xo‘jalik yo‘llari va boshqalar kiritiladi. Ular haqli ravishda ishlab chiqarishning «suyak va muskul tizimi» deb ham ataladi.
Asosiy fondlarning qiymati joriy va qiyosiy narxlarda baholanadi, shuningdek, fondlarning qayta baholanishi hisobga olinadi.
O‘zbekistonda yirik ishlab chiqarish salohiyati yaratilgan. 2013-yilning boshidagi hisob-kitoblarga ko‘ra mamlakatdagi barcha asosiy fondlarning qiymati amaldagi baholarda 123,8 trln. so‘mni tashkil etdi.
Asosiy fondlarning faol va nofaol qismini bir-biridan farqlash lozim. Binolar, inshootlar, o‘tkazgich qurilmalar tovar va xizmatlar ishlab chiqarishda bevosita qatnashmaydi, shuning uchun ham ular asosiy fondlarning nofaol qismiga kiritiladi. Hozirgi paytda ular barcha asosiy vositalar qiymatining 60 foizga yaqinini tashkil etadi. Uning qolgan qismi mashinalar, asbob-uskuna va jihozlar, transport vositalari, xo‘jalik inventarlari, ishchi va mahsuldor hayvonlar, ko‘p yillik daraxtlar, qazilma boyliklarni qidirish, hisoblash texnikasi dasturlaridan iborat faol qismdir.
Shu bilan birga asosiy fondlar o‘z vazifasiga ko‘ra yana ikki katta guruhga ajratiladi. Birinchi guruhga tovarlar ishlab chiqaradigan tarmoqlar (sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish) asosiy fondlari, ikkinchi guruhga xizmat ko‘rsatadigan tarmoqlar (transport va aloqa, savdo va umumiy ovqatlanish, uy-joy qurilishi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya) asosiy fondlari kiritiladi.
Jadval ma’lumotlari shundan dalolat beradiki, birinchidan, asosiy fondlarning qiymati muntazam o‘sish tendensiyasiga ega; ikkinchidan, yalpi asosiy fondlarda xizmat ko‘rsatish tarmoqlari asosiy fondlarining hissasi ancha baland; uchinchidan, tovarlar ishlab chiqaradigan tarmoqlarning asosiy fondlari hissasi birmuncha ko‘tarilgan.
Yalpi asosiy fondlar qiymatida iqtisodiyot ishlab chiqarish salohiyatining poydevori sanoat bo‘lib, bu yerda milliy iqtisodiyot barcha asosiy fondlarining 31,3 foizi to‘plangan. Transport va aloqaning asosiy fondlardagi salmog‘i – 22,0, qishloq xo‘jaligining salmog‘i 10 foizga yaqinni tashkil etadi.
Shuningdek, asosiy fondlarni ishlab chiqarish va noishlab chiqarish turlariga bo‘lish an’anaviy amaliyoti ham mavjud.
Bozor munosabatlarining qaror topishi jarayonida transport va aloqa, savdo va umumiy ovqatlanish, banklar, moliyaviy va sug‘urta kompaniyalari, bozorga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat faoliyatining boshqa turlari kabi xizmatlar ishlab chiqaruvchi tarmoqlarda binolar qurilishi va kapital ta’mirlash ishlarining bajarilishi asosiy fondlarning tarkibiy tuzilishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Asosiy fondlarning eskirish darajasi, asosiy fondlar faol qismining yosh tarkibi, mashina va asbob-uskunalarning jahon yuqori texnologiyali ilg‘or namunalariga muvofiq kelish darajasi ishlab chiqarish salohiyatining sifat ko‘rsatkichlari hisoblanadi.
Yangi asosiy fondlarni ishga tushirishning sekinlashuvi, ularning eskirgan qismini ishlab chiqarishdan chiqarib yuborishning past sur’atlari bilan birgalikda nafaqat asosiy kapital jismoniy hajmining qisqarishiga, shu bilan birga fondlar sifat tavsifining yomonlashuviga olib keladi. Natijada asosiy fondlarning ma’naviy va jismoniy eskirish darajasi yuqori darajada qolib ketadi. Hozirgi paytda mamlakat iqtisodiyotida asosiy fondlarning eskirish darajasi 37,1 foizni tashkil etadi. Eskirish darajasi sanoatda – 39,4, qishloq xo‘jaligida – 36,3, transportda – 31,7, qurilishda – 40,6, savdo va umumiy ovqatlanish, moddiy-texnika ta’minoti va tayyorlov sohalarida 22,2 foizni tashkil etadi. Asosiy fondlarni yangilash koeffitsienti (asosiy fondlarni ishga tushirish) 13,1 foizdan iborat. Agar ularni yangilashning shu sur’ati saqlanadigan bo‘lsa, asosiy kapitalga investitsiya kiritishning o‘rtacha yillik o‘sishini kamida 8 –10 foiz darajasida ushlab turish kerak bo‘ladi.
Keyingi yillarda iqtisodiyotning agrar sektorda ishlab chiqarish salohiyati ancha qisqardi. Tuproq unumdorligi, naslchilik va urug‘chilik yomonlashdi, texnika va texnologiya eskirmoqda. Asosiy fondlar umumiy qiymatida qishloq xo‘jaligi asosiy fondlarining hissasi 9,2 foiz, xolos.
Eskirgan texnika va texnologiyadan foydalanish mexanizatsiyalash va avtomatlashtirishning zaruriy darajasini ta’minlashga, ilg‘or texnologiyani qo‘llashga yo‘l bermaydi, yuqori xarajatlar va past sifatli mahsulot yetishtirishga olib keladi. So‘zsiz, keyingi yillarda qishloq xo‘jalik mashinalari va jihozlarining yangi avlodi bilan ta’minlash ancha yaxshilandi. Chet eldan kuchli va unumdor traktor va kombaynlar sotib olindi. Iqtisodiyot agrar sektorida ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishi ishlab chiqarishning texnik asosini modernizatsiyalash, resurs tejaydigan, chiqindisiz va ekologik xavfsiz texnologiyaga o‘tishdir.
Sanoat, transport va aloqa, qurilish tarmoqlarida ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish, ularni modernizatsiya qilish maqsadida davlat investitsiya faolligini oshirib kelmoqda. Hozirgi bosqichda tovar ishlab chiqaruvchi tarmoqlarning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga shart-sharoit yaratishga qaratilgan ishlab chiqarish infratuzilmasining asosiy fondlarini yaratish va yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2016 yilda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning 20,3 foizi uy-joy qurilishiga, 31,1 foizi bino va inshootlarga, 39,9 foizi mashina, asbob-uskuna va inventarlarga sarflandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |