15.2. O‘zbekistonda xizmatlar sohasining rivojlanish ko‘rsatkichlari
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning muhim manbayi va omillaridan biri hisoblanadi. Ushbu soha yalpi ichki mahsulotni shakllantirish va o‘stirish, aholi bandligini ta’minlash, odamlarning farovonligini oshirishda yetakchi o‘rin egallamoqda.
O‘zbekistonda xizmatlar sohasining rivojlanishi asosan uchta bosqichdan o‘tdi.
Birinchi bosqichda, 1991 – 2000-yillarda, o‘tish davrining muhim dolzarb muammolari hal etilayotgan bir davrda, YIMda xizmatlar sektorining ulushi 33,8 foizdan 37 foizga ko‘paydi.
Xizmatlarning tarkibida ham o‘zgarish sodir bo‘ldi. An’anaviy xizmat turlari – transport, savdo, maishiy va kommunal xizmatlarning ulushi kamayib, bozor xizmatlarining ulushi ortdi. Bu davrda savdo xizmatlari o‘zining taqsimotchi funksiyasini kamaytirdi va bozor munosabatlarining iste’molchiga yo‘nalgan tarkibiy qismiga aylandi.
Shu yillarda daromadlar, did va tanlovning o‘zgarishiga mos ravishda xizmatlar sifati tez o‘sib bordi. Supermarketlar, mini va gipermarketlar, savdo va savdo-ko‘ngilochar markazlari paydo bo‘ldi. Yangi texnologiyalar asosida telekommunikatsiya, biznes va tadbirkorlik ishlari, kasb-malaka sohalari, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatila boshlandi. Tibbiyot, ta’lim, transport sohalarida ularni qo‘llash imkoniyatlari ortdi. Muzey, kutubxona va san’at sohalarida ham ulardan samarali foydalanishga kirishildi. Bularning barchasi aholi turmush darajasi va sifati yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ikkinchi bosqichda, 2001 – 2010-yillarda, xizmatlar sohasini isloh qilish va modernizatsiya qilish faollashdi. Bu davrda xizmatlarning YIMdagi ulushi 37 foizdan 46,9 foizga chiqdi. Xizmatlar sohasi rivojlanishi va aholining daromadlari hamda turmush darajasi o‘zgarishi o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik kuchaydi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi esa xizmatlar bozori segmentlari ko‘payishiga olib keldi.
Xalqaro aeroportlar, temiryo‘llar, avtomagistrallarning modernizatsiya qilinishi esa turizm xizmatlarining tarixiy, ekologik, tanishuv, ilmiy, biznes-turizm turlari rivojlanishiga turtki bo‘ldi.
Uchinchi bosqich 2010-yildan keyingi davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda xizmatlar sohasini rivojlantirish davlat iqtisodiy siyosatida ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi, xizmatlarning zamonaviy turlarini jadal rivojlantirishga e’tibor yanada kuchaydi. Bugungi kunda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish Dasturi amalga oshirilmoqda, qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha keng miqyosda chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Natijada 2010 – 2016-yillarda xizmatlarning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi 46,9 foizdan 49,5 foizga oshdi.
Bu davrda yuqori texnologiyalarga asoslangan xizmatlar orasida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari boshqa sohalarga nisbatan jadal rivojlandi. Ushbu xizmatlar hajmi 2010 – 2016-yillarda 4,6 barobar ko‘paydi, birgina 2016-yilda esa 11,7 foizga o‘sdi.
Mobil aloqa, yuqori tezlikda ishlaydigan Internet, kabelli televizion aloqa, masofaviy bank xizmatlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtomobillar va texnologik uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish turlari tez rivojlanib borayapti.
Do'stlaringiz bilan baham: |