12.2. Aloqa va telekommunikatsiya sohasi
rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari
Aloqa va telekommunikatsiya sohasi jadal sur’atlarda rivojlanayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. Bu jarayon mamlakatimizning jahon xo‘jaligiga qo‘shilib borishi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining kirib kelishi, sanoatning elektrotexnika va axborot texnologiyalari ishlab chiqarish korxonalari barpo etilishi bilan jadallashmoqda. Aholining aloqa va telekommunikatsiya vositalaridan foydalanish darajasi yaxshilanmoqda, bu vositalardan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi yildan yilga oshmoqda.
Jamiyatda axborotning iqtisodiy resurs sifatidagi ahamiyati yuksalib, ijtimoiy farovonlik darajasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bilimlar iqtisodiyotiga o‘tish va moddiy ishlab chiqarishning resurstalab tarmoqlari ulushini pasaytirish global darajada kam resurs sarflash va axborot resurslaridan kengroq foydalanish tendensiyasini belgilab bermoqda. Bu holat iqtisodiy samaradorlikning doimiy o‘sib borishiga turtki bo‘lmoqda.
Bir birlik aloqa va telekommunikatsiya asbob-uskunalarini ishlab chiqarish narxlarining barqaror pasayib borishi kapital qo‘yilmalarning sohaga yildan yilga ko‘proq jalb etilishiga sabab bo‘layapti. Rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish jarayonida mahsulotning mehnat, material va kapital sig‘imini yalpi pasaytirish natijasida samaradorlikning mustahkam o‘sib borishiga erishildi. Bu vaziyat rivojlanayotgan davlatlarda aloqa va telekommunikatsiya sohasining innovatsion yo‘nalishlariga katta ahamiyat berishni taqozo etmoqda.
Aloqa va telekommunikatsiya sohasi rivojlanishini aks ettiruvchi qator ko‘rsatkichlar mavjud. Bu ko‘rsatkichlarni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin.
1. Soha rivojlanishini ifodalovchi iqtisodiy ko‘rsatkichlar.
2. Soha rivojlanishini ifodalovchi texnik ko‘rsatkichlar.
Soha rivojlanishini ifodalovchi iqtisodiy ko‘rsatkichlar iqtisodiy dinamikani, iqtisodiy masshtabni, iqtisodiy o‘sishni, iqtisodiy samaradorlikni (tushum, daromad, foyda, rentabellik va boshqalar) ifodalaydi. Shuningdek, bu ko‘rsatkichlar sohaning milliy iqtisodiyotdagi o‘rni va roli qaysi yo‘nalishlarda o‘zgarayotganligini ko‘rsatib beradi.
Soha rivojlanishini ifodalovchi texnik ko‘rsatkichlar aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari hamda vositalari qamrovini, faoliyat tezligini, sonini va turlarini, axborot resurslari fondini, yangilanish, zamonaviylashish sur’atlarini aks ettiradi. Bu sohaning modernizatsiyalashish ko‘lamini, iqtisodiyot tarmoqlari va jamiyat a’zolarining ushbu vositalar bilan ta’minlanganlik darajasini o‘zida aks ettiradi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish sohasi zamonaviy talablar asosida rivoj topmoqda. Jadval ma’lumotlari bu o‘zgarishlarni ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |