2.2. «O‘zbek modeli»ning mohiyati va shakl-shamoyillari
«O‘zbek modeli» tushunchasining paydo bo‘lganiga 20 yildan oshdi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1992-yilda chop etilgan «O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li» asarida o‘zbek modelining mohiyati va shakl-shamoyillari hamda tamoyillarini belgilab bergan edi. Keyinchalik bu g‘oya uning 1993-yildagi «O‘zbekiston – bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li» kitobida yanada rivojlantirildi.
O‘tgan qisqa davr mobaynida bu tushuncha shunchaki oddiy g‘oya emas, balki ulkan hayotbaxsh kuch ekanligini to‘la namoyon etdi. O‘zbek modeli ikkita katta sinovdan o‘tdi. Birinchi sinov – o‘tgan asrning 90-yillarini o‘z ichiga olgan yosh mustaqil mamlakat boshdan kechirgan o‘tish davri edi. Hali o‘tish davri davom etayotgan pallada O‘zbekiston postsovet maydonida birinchi bo‘lib makroiqtisodiy barqarorlikka erishdi, sanoat va yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishda islohotdan oldingi yillardagi ko‘rsatkichlardan oshib ketdi. Boshqacha aytganda, inqirozdan rivojlanish orqali chiqib ketish birdan-bir to‘g‘ri yo‘l ekanligini isbotladi. Ikkinchi sinov – 2008-yilda boshlangan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz bo‘ldi. Taraqqiyotning o‘zbek modeli nafaqat butun jahonni qamrab olgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz zarbalariga qarama-qarshi tura oldi, balki dunyodagi 10 mamlakat qatorida iqtisodiy o‘sishning eng yuqori (yiliga 8 – 9 foizdan kam bo‘lmagan) sur’atlarini ta’minladi. Islom Karimovning shu munosabat bilan chop etilgan «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari» asarida hamda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha 2009 – 2012-yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturida O‘zbekiston iqtisodiyotining inqirozdan keyingi yanada kuchli, barqaror va mutanosib rivojlanish konsepsiyasi ilgari surildi.
O‘zbekistonda erishilayotgan bu qadar ulkan ijtimoiy-iqtisodiy muvaffaqiyatlar asosida mamlakatimiz amaliyotida ilgari surilgan iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi, siyosatdan ustuvorligidan iborat pragmatik iqtisodiy siyosat, davlatning bosh islohotchilik vazifasini o‘z zimmasiga olishi, jamiyat hayotida qonun ustuvorligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, islohotlarni bosqichma-bosqich yuritishni ko‘zda tutadigan mashhur besh tamoyilni o‘zida aks ettirgan «o‘zbek modeli» turibdi.
O‘zbek modeli mamlakatimizning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lidir. Umuman, iqtisodiy rivojlanish modeli deganda iqtisodiyotni tashkil etish, rivojlantirish strategiyasi, maqsadlari, umumiy tamoyillari ifodalangan nazariy qarashlar va amaliy faoliyatlar majmui tushuniladi. Bu tushuncha XX asrning 50-yillarida paydo bo‘ldi. Bu davrda jahondagi ko‘pchilik mamlakatlar istiqlolga erishib, milliy davlat qurish yo‘liga o‘tgan edilar. Har qanday jamiyat bir tuzumdan boshqasiga o‘tar ekan, shubhasiz, o‘ziga xos va mos taraqqiyot yo‘lini tanlashga harakat qiladi. Bu jarayonda o‘zgalarning xato va yutuqlarini o‘rganadi, ulardan tegishli xulosalar chiqaradi.
O‘zbekistonda ham mustaqillikning dastlabki kunlaridan o‘z ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘li va modelini tanlash va to‘g‘ri belgilab olish g‘oyat muhim ahamiyatga ega edi. Dastlab ayrimlar tomonidan O‘zbekiston boshqa mamlakatlarda tajribadan o‘tgan muayyan iqtisodiy taraqqiyot modelini qabul qilishi lozim, degan fikrlar ham aytildi. Chunonchi, Turkiya yoki Xitoy modellaridan birini joriy etish maqbulligi haqida tavsiyalar bo‘ldi.
Lekin qayta-qayta O‘zbekistonning o‘z yo‘li, o‘z taraqqiyot modeli bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. «Agar aynan nusxa olinsa, mamlakatning o‘ziga xos shart-sharoitlari, mavjud imkoniyatlari, yaqin va olis hamkorlik bilan ko‘p yillar davomida tarkib topgan iqtisodiy hamda ma’naviy aloqalari e’tibordan chetda qoladi... o‘z ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘li va andozasi ... iqtisodiyoti bozor munosabatlari asosiga qurilgan rivojlangan mamlakatlarning ko‘p asrlik tajribasiga, shuningdek, O‘zbekiston xalqining milliy, tarixiy merosi, turmush tarzi, an’analari va ruhiyati xususiyatlariga tayanishi lozim».
O‘zbek modelining qaysi global yoki mintaqaviy model bilan uyg‘unlashuvi tez va oson kechadi, degan savolning qo‘yilishi ham bu vaqtda tabiiy edi. Bunda G‘arb andozalari afzalmi yoki Sharqq Qaysi bozor qadriyatlari biz uchun qulayq
Masalaga yanada aniqroq yondashiladigan bo‘lsa, XX asrning 90-yillari boshlarida O‘zbekistonning oldida bir qator strategik rivojlanish yo‘llari turganini ta’kidlamoq lozim. Ularni 4 yo‘nalish – xomashyo, agrar, industrial va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha guruhlashtirish mumkin. Ulardan har biri jozibali, respublika uchun real iqtisodiy taraqqiyot modeli bo‘lishi mumkin edi. Ammo xomashyo yo‘lini tutish tabiiy boyliklarning yanada talon-toroj qilinishiga, o‘z imkoniyatlarini tugatgan ekstensiv ishlab chiqarish omiliga yopishib olishga, aholini ish bilan ta’minlash muammosini hal etishdan yuz burishga, sanoatning faqat muayyan tarmoqlarini rivojlantirishgagina zo‘r berishga olib kelishi muqarrar bo‘lardi. Agrar yo‘l iqtisodiy taraqqiyot taqdirini agrosanoat majmui tarmoqlarini rivojlantirish asosiga qurishni taqozo qilar, aholining asosiy qismini qishloq xo‘jaligi bilan band qilishga olib kelardi. Bunday taraqqiyot nisbatan qoloq, hozirgi zamon sivilizatsiyasidan ancha uzoqda bo‘lgan mamlakatlar uchun xosdir. Industrial iqtisodiy taraqqiyot modelining samaradorligini Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tajribasi to‘la tasdiqladi. Taraqqiyotning xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi ham O‘zbekistonga qo‘l kelishi tabiiy edi.
O‘zbekiston yuqorida sanalgan yo‘llarning birontasidan ham butunlay voz kechmadi, balki o‘zining iqtisodiy taraqqiyot modelida ulardan samarali va oqilona foydalanish bilan bog‘liq muhim vazifalarni belgilab oldi. Chunki «bizning qat’iy nuqtayi nazarimiz jahon tajribasi va o‘z amaliyotimizdan oldingi jamiki foydali tajribalarni rad etmagan holda o‘zimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘limizni tanlab olishdan iboratdir»2, deb ta’kidlandi. Boy tabiiy resurslar, ularni chuqur qayta ishlash chet el investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatini beradi. Agrosanoat majmuini rivojlantirish mamlakat aholisining katta qismi istiqomat qiladigan qishloqni diqqat markazida ushlab turishga undaydi. Industrial taraqqiyot iqtisodiyotni eksportga, import o‘rnini bosadigan tovarlar ishlab chiqarishga yo‘naltiradi. Ko‘rinib turibdiki, ularning har biri O‘zbekiston uchun qulaylikdan xoli emas.
O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyot modeli o‘z xalqining tarixiy tajribasi, milliy va madaniy an’analariga asoslandi.
Bu borada ilgari surilgan muhim nazariy xulosalardan biri bozor iqtisodiyotiga inqilobiy yo‘l («shok terapiyasi») bilan emas, balki evolutsion yo‘l bilan, bosqichma-bosqich o‘tish edi. Bu konsepsiya O‘zbekistonda ilgari surilgan «Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang» tamoyilida o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Yangi bozor munosabatlariga avvalgi tizimni va tarkib topgan iqtisodiy munosabatlarni batamom sindirib tashlash orqali ham, eski iqtisodiy munosabatlarni bosqichma-bosqich yangi bozor munosabatlariga aylantira borib, samarali bozor iqtisodiyotini vujudga keltirish yo‘li bilan ham borish mumkin. Mamlakat iqtisodiyoti va aholisi tarkibini, taraqqiyotning o‘sha davrdagi darajasini e’tiborga olsak, O‘zbekistonga ikkinchi, siyosiy larzalarsiz, beozor yo‘l ancha maqbul edi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv masalalari ham mustaqillikni endi qo‘lga kiritgan mamlakat uchun o‘ta murakkab, qiyin kechadigan jarayondir.
O‘zbekistonning jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida dunyoning barcha mamlakatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar olib borish imkoniyatlari jadallashdi. Eksport va import tarkibini takomillashtirish ham muhim vazifalardan edi. Zero, istiqlolimizning dastlabki yillarida eksportning 60 foizdan ziyodrog‘ini bitta tovar – paxta xomashyosi, importning esa 50 foizidan ziyodrog‘ini don mahsulotlari tashkil qilib, monokulturaga asoslangan eksport-import tizimi hukmron bo‘lib keldi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston orttirgan boy tajriba resurslar cheklangan sharoitda hamma muammolarni bir yo‘la hal qilishga urinish hech qanday samara bermaydi. Shu sababli islohot yo‘nalishlarini belgilab olish chog‘ida shunday asosiy bo‘g‘inlarni topish muhimki, ularga asoslanib jamiki muammolarni hal qilish mumkinligi to‘g‘risidagi mamlakat rahbari tezisining naqadar o‘z vaqtida ta’kidlanganligini tasdiqlab turibdi. Iqtisodiy islohotlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida agrar sohadagi o‘zgarishlarga doimiy e’tibor qaratildi. Yerga mulkchilik masalasini hal qilish, davlat xo‘jaliklarini, ayniqsa, zarar keltirib ishlayotgan hamda samarasi past jamoa va kooperativ xo‘jaliklarini tugatib, ularning yerlarini uzoq muddatli xususiy fermer xo‘jaliklariga yoki umrbod meros huquqi bilan dehqon xo‘jaliklariga berish, qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan ortiqcha ishchi kuchini sanoat korxonalariga jalb qilish kabi masalalar O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tish strategiyasidagi, agrar siyosatidagi asosiy yo‘nalishlardan bo‘ldi. O‘zbekiston unumdor yer va suv resurslarining cheklanganligi sharoitida parsella (fransuzcha «bo‘lak», «parcha») xo‘jaligi tajribasi qishloqda xo‘jalik yuritishning nodavlat turini rivojlantirishda qo‘l keldi. Bu xo‘jalik yuritish shakli mamlakatda eng ko‘p tarqaldi va yaxshi natijalar berdi. Bunga ilgari mavjud bo‘lgan shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar (tomorqa xo‘jaligi) va hozir tez rivojlanib borayotgan dehqon va fermer xo‘jaliklari yaxshi misoldir. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aniq-puxta ishlab chiqilgan moliya-kredit siyosatini amalga oshirish, iqtisodiyotda tub tarkibiy o‘zgarishlarga erishish iqtisodiyotning xom ashyoviy qiyofasiga barham berish ham muhim ustuvor vazifalardan edi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda mintaqaga xos xususiyatlarni hisobga olish qanchalik muhim bo‘lsa, hamma uchun baravar bo‘lgan mushtarak qoidalarni nazarda tutish ham shunchalik shartdir. Shu bois davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, erkin tadbirkorlikni rivojlantirish, raqobat maydonini vujudga keltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bozor iqtisodiyotining mazkur «uchta ustuni» bozor yo‘lini tanlagan barcha mamlakatlarga xosdir.
Sotsializmda davlat, ya’ni «umumxalq mulki» iqtisodiyotda hukmronlik qilgani uchun amalda samarasizligi tufayli alal-oqibatda tanazzulga yuz tutdi. Mamlakatimizda mulkchilikning turli shakllarini rivojlantirish uchun keng yo‘llar ochildi: «Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakldagi mulk tashkil etadi» (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 53-modda).
Sog‘lom va epchil, har qanday sharoitga va bozorga moslashuvchi xususiy mulk daxlsiz deb e’lon qilindi. Bu islohotning eng muhim talabi edi. Albatta, belgilangan bunday vazifalarni amalga oshirish katta iroda, kuch-g‘ayrat, sabot talab qiladi. Chunki xususiy sektorning shakllanishi, rivojlanishi oson kechmasligi tabiiy. Uni har qanday tashqi aralashuvlardan himoya qilish, xususiy shartnoma majburiyatlarining bajarilishini qonun bilan kafolatlash, odamlarda xususiy mulkka hurmat-e’tiborni, ezgulik tuyg‘usini tarbiyalash borasida tinmay ish olib borilishi lozim edi.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijasida erkin tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi. Islohotning birinchi bosqichida ular, asosan, uy-joy fondi, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalarini xususiylashtirishni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, endi deyarli barcha ishlab chiqarish va servis sohalari – sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, transport va aloqa sohalariga ko‘chdi. Bu jarayon ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat sohalariga ham kirib bordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |