9.2. Milliy iqtisodiyotda sanoatning o‘rni
Sanoat milliy iqtisodiyotda kengaytirilgan takror ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari mujassamlashgan soha hisoblanadi. Bu tarmoqda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari – qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, aloqa, savdo va umumiy ovqatlanish kabilar uchun ishlab chiqarish vositalari yaratiladi, texnika va texnologiyalar takomillashtiriladi. Shuningdek, innovatsion resurslar shakllanadi, ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalari amalga oshiriladi. Mamlakatning ilmiy-texnika salohiyatidan samarali foydalanishda sanoat moddiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga qiyoslanganda, sanoatning mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlashdagi roli va ahamiyati yuqori baholanadi. Chunki eksport hajmida, valuta tushumlarida, investitsiyalar hajmida, budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning shakllanishida, asosiy fondlarni yangilashda, innovatsion faoliyatni jadallashtirishda tarmoq salmoqli hissaga ega.
Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish, uning miqyoslari va tuzilishini belgilashda, birinchi navbatda, sanoat ishlab chiqarishi imkoniyatlari hisobga olinadi. Shu sababli, iqtisodiyotni modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash, texnik va texnologik yangilash siyosatining markazida sanoat tarmoqlari turadi.
Bozor islohotlarini amalga oshirish bosqichida mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, ko‘p ukladli iqtisodiyotni barpo etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va dasturlar ham sanoat sohasiga tegishlidir. Masalan, 2016-yilda umumiy qiymati 5,2 mlrd. dollarga teng 164 ta sanoat obyekti foydalanishga topshirildi. 2016-yilda kapital qo‘yilmalar hajmi qariyb 16782,3 mln. AQSH dollarini tashkil etsa, shu mablag‘larning 74,5 foizga yaqini sanoat ishlab chiqarish obyektlarini qurishga, shundan 43,1 foizi esa asbob-uskunalar sotib olishga yo‘naltirildi. 2016 yilda yalpi sanoat mahsuloti hajmi 1990 yilga nisbatan 4,6 marta o‘sdi.
Sanoatning O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishidagi ahamiyati ortib bormoqda. 1991-yilga nisbatan 2016 yilda yalpi ichki mahsulot qariyb 3 barobar oshgan bo‘lsa, bu davrda sanoat ishlab chiqarish hajmi qariyb 4,5 martaga ko‘paydi. Sanoatning YIMdagi hissasi 2000 – 2016-yillarda 27,8 foizdan 32,9 foizga ko‘tarildi. 2016-yili iqtisodiyotda band bo‘lganlarda sanoatning ulushi 12,7 foizni, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmida esa sanoatning ulushi 39,3 foizni tashkil etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |