Ijtimoiy-madaniy obyektlar qurilishi. Ijtimoiy-madaniy obyektlar qurilishiga barcha bosqichdagi ta’lim muassasalari qurish va rekonstruksiya qilish, sport inshootlari, kutubxonalar, muzeylar, park va istirohat bog‘lari, sog‘liqni saqlash obyektlari, mehmonxonalar barpo etish kiradi.
Qurilish milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga xizmat ko‘rsatib, asosiy fondlarni qayta takror ishlab chiqarish uchun sharoitlarni ta’minlaydi, iqtisodiyotning samarali tarkibini barpo etish, ishlab chiqaruvchi kuchlarni maqsadga muvofiq joylashtirish, respublikaning mineral xomashyo va boshqa tabiiy boyliklarini o‘zlashtirish, mehnat resurslarini ishlab chiqarish jarayoniga faol jalb etishga imkon beradi. Har qanday mamlakatda iqtisodiy yuksalish jarayoni, odatda, keng ko‘lamdagi qurilish ishlaridan, sohadagi yuqori o‘sish sur’atlaridan boshlanadi.
Mamlakatimizda qurilish ishlari pudrat, subpudrat va qisman xo‘jalik usullarida olib boriladi. Qurilish sohasining tashkiliy tuzilmasida davlat, aksiyadorlik, shirkat, xususiy, qo‘shma va boshqa pudrat qurilish-montaj tashkilotlari, shuningdek, o‘z moddiy-texnika va ishlab chiqarish bazasiga, malakali ishchi va mutaxassis kadrlarga ega bo‘lgan korxonalar, transport va boshqa yordamchi xo‘jaliklar mavjud.
O‘zbekistonda qurilish-montaj kompaniyalari, korporatsiyalari, qurilish aksiyadorlik jamiyatlari va birlashmalari, quyi pudrat tashkilotlari, kichik korxonalar, qo‘shma korxonalar, loyiha va ilmiy hamda qurilish sohasiga moslashtirilgan ilmiy tadqiqot institutlari faoliyat ko‘rsatadi. Qurilish-montaj ishlarining deyarli barchasini ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari amalga oshiradi.
Ixtisoslashgan qurilish tuzilmalariga «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasi, «Qurilishlizing», «O‘zbekinvest», «O‘ztransqurilish» kompaniyalari, «O‘zavtoyo‘l» konserni, «O‘zbekenergiya» DAK kabilar kiradi. «O‘zqishloqqurilishbank» ixtisoslashgan banki faoliyat olib bormoqda.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda shaharsozlik va qishloq qurilishi jarayonlari barcha viloyatlarni qamrab oldi. O‘zbekiston Respublikasida Shaharsozlik kodeksi qabul qilingan. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-martda «Zamonaviy arxitektura – shaharsozlik talablarini inobatga olgan holda aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etish qoidalari» hamda 2009-yil 7-aprelda «Qishloq aholi punktlarini bosh rejalar va hududlarni me’moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalari bilan o‘z vaqtida ta’minlash, ushbu hududlarni shaharsozlik jihatdan kompleks rivojlantirishni amalga oshirish to‘g‘risida»gi farmoyishlari qabul qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |