Surxondaryo To‘palangdaryo va Qoratog‘daryoning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. O’z navbatida bu daryolarga bir necha irmoqlar kelib qo‘shiladi, chunonchi, Qoratog‘daryoga esa Oqjarsoy bilan Shirkent daryolari kelib qo‘shiladi. Surxondaryoga o‘ng tomondan ikkita yirik irmoq Sangardak va Xo‘jaipok daryolari kelib quyiladi. Xo‘jaipokdan janubda faqat asosan sel vaqtida suv oqadigan bir qancha soy va jarliklar bor, xolos: ulardan eng yiriklari Boysunsoy, Oqqopchig‘oy va Toshko‘prnk soylaridir. To‘palangdaryo, Qoratog‘daryo va Surxondaryoning barcha irmoqlarining suvlari tog‘lardan chiqishlari bilan sertarmoq kanallar orqali sug‘orishga olinadi, natijada ular o‘z suvlarini bosh daryoga tamomila yetkazib bera olmaydi yoki faqat to‘lin suv davri va sellar o‘tish vaqtida yetib boradi yoki quyi oqimlarida o‘zanlariga sizib chiqqan grunt suvlarini olib borib quyadi, xolos. Shunday qilib, bu irmoqlarni mustaqil daryolar deb hisoblash to‘g‘riroq bo‘ladi.
Surxondaryo havzasining tog‘li qismi 8230 km2 maydonga ega, unda hosil bo‘ladigan oqimning umumiy miqdori o‘rta hisobda 120 m3/sek yoki yiliga 3,78 mlrd. m3 ni tashkil etadi. Demak, Surxondaryo havzasi tog‘li oblastining o‘rtacha oqim moduli 14,6 l/sek. km2 ga teng, ya’ni Kofirnihon havzasi tog‘li oblastining oqim modulidan (23,5 l/sek. km2) ancha kam.
Surxondaryoga yirik irmoqlaridan yana Sangardakdaryo bilan Xo‘jaipok daryolari qo‘shiladi. Bir qancha mayda irmoqlaridan tashqari yozda deyarli qurib qoladigan soy va jilg‘alar ham bor. Ulardan eng yiriklari Vaxshivordaryo (24 km), Konikon (32 km), Oqqopchig‘ay (61 km), Okjarsoy (51 km) va Boysun (82 km) soylaridir. Surxondaryo Boysun tog‘lari bilan Bobotog‘ oralig‘ida eni 30 km keladigan keng Surxon-Sherobod vodiysi bo‘ylab oqadi. Surxondaryo o‘zani hamma qismida tez yemiriluvchan yumshoq jinslardan tuzilgan. Shu sababdan Surxondaryoning o‘zani tez-tez o‘zgarib turadi. Quyi qismida daryo keng qayir bo‘ylab “daydib” oqadi, natijada eski o‘zan va ular orasidagi orollar yo‘qolib, yangilari paydo bo‘ladi. Qirg‘oqlari yemirilishi va o‘pirilib tushishi sababli ko‘p joylarda tik jarlik shaklini olgan.
Surxondaryo qor-muzlik suvlaridan to‘yinadi. May-iyunda sersuv, sentyabr-oktyabrda eng kamsuv bo‘ladi, Surxondaryoning etak qismida (Manguzar qishlog‘i yonida) yillik suv oqimining 69% mart-iyun, 20% iyul-sentyabr va 11 % oktyabr- fevral oylarida oqib o‘tadi.
Surxondaryoning o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi uning boshlanish qismida (Qorovultepa qishlog‘i yonida) 76,7m3/sek., 2,42 mlrd. m3, quyi oqimida (Manguzar qishlog‘i yonida) esa 68,2 m3/sek, yoki yiliga 2 mlrd. m3. Qorovultepa bilan Manguzar qishloqlari oralig‘ida (164 km) Surxondaryo va irmoqlarining suvi ko‘plab sug‘orishga olinadi. Surxondaryoning eng ko‘p suv sarfi Qorovultepa yonida ko‘pincha 250-350 m3/sek., Manguzar qishlog‘i yonida esa 350-450 m3/sek. o‘rtasida bo‘ladi. Lekin, ayrim yillari eng kup suv sarfi juda katta bo‘lishi mumkin. Matsalan, 1931 yil 29 aprelida Qorovultepa qishlog‘i yonida 600 m3/sek., Manguzar qishlog‘i yonida esa 700 m3/sek. ga etgan. Eng kam o‘rtacha oylik suv sarfi daryoning yuqori qismida 12-13 m3/sek., quyi qismida esa 0,1 m3/sek.,ga tushib qoladi. Yoz oylarida Surxondaryo ba’zan etak qismida qurib qoladi.
Surxondaryo juda loyqa daryolardan. Boshlanish qismida uning har 1 m3 suvida o‘rtacha hisobda 0,9 kg loyqa oqiziq bo‘ladi. Daryo o‘zani tez yemirilganidan suvning loyqaligi daryoning etagi tomon keskin orta boradi va Manguzar qishlog‘i yonida 1 m3 suvdagi loyqa oqiziq 2,9 kg ga etadi. Loyqa oqiziqlarning o‘rtacha yillik miqdori Qorovultepa qishlog‘i yonida yiliga qariyb 1980 ming tonna, Manguzar qishlog‘i yonida esa 6030 ming tonnaga teng. Surxondaryo suvidan to‘laroq foydalanish va yangi erlarni o‘zlashtirish maqsadida Surxondaryo vodiysida suv omborlari va kanallar qurilgan. Surxondaryo havzasida ishlab turgan irrigatsiya tarmoqlarining umumiy uzunligi 3164 km, kollektor-zovurlar esa 1360 km. Shulardan eng yiriklari: Zang, Hazorbog‘, Qumqo‘rg‘on, Kakaydi kanallari va boshqalar, Uchqizil, Degrez va Janubiy Surxon suv omborlari qurilgan. Surxondaryo vodiysi yondosh SHerobod vodiysi bilan qo‘shilib ketgan. Surxondaryoning suvi Surxon-Sherobod kanali va Janubiy Surxon suv ombori orqali sug‘orishga sarflanmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |