Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar.
Kirish
Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati O‘zbekistonning iqtisodiyoti va aholisining farovonligi uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Mamlakat yalpi ichki daromadining uchdan bir qismidan ortiqrog‘i qishloq xo‘jaligining hissasiga to‘g‘ri keladi. Sohada 3,5 milliondan ortiq aholi ish bilan band, va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chet elga sotishdan tushgan tushumlar O‘zbekistonning umumiy eksport daromadlarining 25 foizigacha tashkil qiladi. Qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasi shu bilan birga butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab qishloqlar va kichik shaharlarning iqtisodiy o‘zagi hisoblanadi, zero u joylarda qishloq xo‘jaligidan tashqari boshqa muqobil daromad manbalari mavjud emas.
Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatga moʻljallangan strategiyaning mavjud emasligi yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, sohaga investitsiyalarni keng jalb etishga, ishlab chiqaruvchilarning yuqori daromad olishiga va mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga toʻsqinlik qilar edi.
Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, sohaga bozor mexanizmlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish hamda kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida 2019-yil 6-sentabrda ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si tasdiqlandi.
Mazkur Strategiyani «transformatsion» deb aytish mumkin. Agar bu hujjatni o‘rganib chiqilsa, u mamlakatdagi, vaziyatni tuzatish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni talab qilayotgan, qishloq xo‘jaligidagi haqiqiy ahvolni tahlil qilish asosida ishlab chiqilganligi yaqqol ko‘rinadi. Unda sohani rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsad bor, va qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sektori va qishloqlarni kelgusidagi 10 yilda rivojlantirish rejasi ko‘zda tutiladi.
Mazkur Strategiyaning eng muhim tomonlaridan biri bu davlatning rolini kamaytirish va sohaning investitsion jozibadorligini oshirish borasida hukumatning aniq ifodalangan maqsadidir. Bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sektorini modernizatsiya va diversifikatsiyasi uchun mamlakatdagi xususiy sektordan keladigan va chet el investitsiyalarini rag‘batlantirishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 10-dekabr Qishloq xoʻjalik xodimlari kunida nutq soʻzlar ekan, bugungi kunda Oʻzbekiston agrar sohasining eng asosiy 4 muammolaridan “Sugʻoriladigan yer resurslari taqchilligi, eskirgan suv inshootlari va texnika hamda ilm-fan yutuqlari yetishmovchiligi”- ushbularni sanab o`tdi va yechim taklif qildi.
“Mamlakatimizda sugʻoriladigan yerlar atigi 3 million 300 ming gektar boʻlib, uni koʻpaytirishning hech iloji yoʻq. Chunki bizda suv resurslari cheklangan. Aholimiz esa – yildan-yilga koʻpayib bormoqda”, — deb muammoning negiziga oydinlik kiritdi prezident.
Yer qishloq xo’jalikda ishlab chiqarishning asosiy va hech narsa bilan almashtirib bo’lmaydigan vositasi hisoblanadi. Ishlab chiqarish vositasidan to’g’ri foydalanish tufayli yerning unumdorligi ortadi, bu esa qishloq xo’jaligini yanada rivojlantirishni ta’minlaydi. Tuproq bizning bebaho xazinamiz, rizq– ro’zimiz. Yer taqdiri – el taqdiri deydilar. Yer elni boyitadi, el ham yerni boyitishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |