Botanik xususiyatlari. Kartoshka ituzumdoshlar (Solanaceae) oilasiga va yovvoyi hamda madaniy turlarni birlashtiradigan-Solanum L. avlodiga kiradi. Ulardan Solanum tuberosum L. eng ko‘p tarqalgan.
Kartoshkaning ildizi popuk ildiz bo‘lib, asosan tuproqning yuza 60-70 sm qatlamida joylashadi. Ayrim ildizlar yerga 150-200 smga kirib boradi. Ildizida oq yo‘g‘on o‘simtalar bo‘lib, unga stolon yoki o‘zgaruvchan novda deyiladi. Kartoshka poyasining ko‘pchiligi tik, ba’zilari egilib o‘sadi. Bo‘yi sharoitga qarab keskin (30 dan 150 sm gacha) o‘zgaradi. Kartoshka o‘simligi tupining asosiy qismi 4-8 serbarg poyadan iborat. Tupdagi poyalar soni naviga, ekiladigan tuganaklarning yirik-maydaligiga bog‘liq bo‘ladi. Yirik tuganaklardan o‘sib chiqqan o‘simliklar mayda tuganaklardan o‘sib chiqqan o‘simliklarga qaraganda serpoya bo‘ladi. Tupdagi poyalar soni ma’lum darajada tuganak hosili ko‘p yoki kam bo‘lishini ifodalaydi.
Kartoshka poyasining yer ostki qismidagi qo‘ltiq kurtaklaridan novdalar-stolonlar rivojlanadi, ularning uchi yo‘g‘onlashadi (tuganaklar hosil bo‘ladi). Stolonlar ertagi navlarda qisqaroq, kechkilarida uzunroq bo‘ladi.
Kartoshka barglari oddiy, uzun-uzun, toq patsimon, cheti tekis bo‘lib, bir juftdan uch juftgacha, ba’zan ko‘proq barg hosil qiladi. Poyaga birikadigan joyda barg o‘qi barg bandiga aylanadi. Oxirgi barg bo‘lagi odatda, qolganlardan yirikroq bo‘ladi.
Guli to‘pgulga yig‘ilgan bo‘lib, turli uzunlikdagi gulpoyada tutash joylashgan. Gulbandi qismlarga ajralgan. Guli beshtalik tipda. Har xil rangda oq, ko‘k, to‘q ko‘k, binafsha rang, qizg‘ish-binafsha rangda bo‘lib, turli tusda tovlanadi. Gulining o‘rtasida 5 ta changchisi bor. Urug‘chisi tumshuqcha, ustuncha va tugunchadan iborat. Gul kosasi tutashib o‘sgan, beshta gultojibargi bor. Kartoshka o‘zidan changlanadi. Mevasi yumaloq, ikki uyali sersuv rezavor meva bo‘lib, juda ko‘p mayda yassi urug‘i bor. 1000 dona urug‘ining vazni 0,5 g keladi. Ammo hamma navlari meva tutmaydi. Kartoshka tuganagi yo‘g‘onlashgan qisqa poyadan iborat. Kartoshka tuganaklari yumaloq, cho‘zinchoq va ovalsimon shaklda bo‘ladi. Bu kartoshka naviga va yetishtirilayotgan sharoitga ko‘ra o‘zgarib turadi. Tuganaklarining eti oq, sariq, qizil va zangori rangda bo‘ladi. Po‘sti sariq, pushti, qizil, och zangori yoki ko‘k rangda bo‘lishi mumkin. Tuganaklarining po‘sti kartoshka naviga bog‘liq bo‘lib, silliq, g‘adir-budur yoki to‘rsimon bo‘lishi mumkin. Kartoshka tuganagi usti epidermis bilan qoplangan, pishib yetilganda u ko‘chib to‘kilib ketadi. Po‘stloq o‘z navbatida havo o‘tkazmaydigan, periderma bilan qoplanadi. Uning ustida po‘kak qatlami shakllanib, kartoshka po‘sti paydo bo‘ladi, bu esa uni tashqi muhit ta’siridan saqlaydi. Ichki qismi yirik, g‘ovak parenxima hujayralaridan iborat, ularning ichi oqsil moddalari va kraxmal donalari bilan to‘lgan. Po‘stloq ostida hosil qiluvchi to‘qima (kambiy qatlami) mavjud. Tuganak ana shu kambiy hisobiga o‘sadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |