4-bob. O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosining shaffofligini ta’minlash
22-modda. Budjet jarayonining shaffofligini ta’minlash
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi har chorak yakuni bilan keyingi chorak birinchi oyining 25 sanasiga qadar o‘zining rasmiy veb-saytlariga:
o‘z tasarrufidagi budjet tashkilotlari kesimida mablag‘lar taqsimoti;
moliyaviy hisobotlar;
kapital qo‘yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosi;
o‘tkazilgan tanlov (tender) savdolari va amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni joylashtirib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda tegishli budjet mablag‘larini taqsimlovchilar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning ro‘yxatini, loyihaning qiymati va ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi soliq va bojxona imtiyozlari ro‘yxatini hamda taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakuni bo‘yicha keyingi chorak birinchi oyining 25 sanasiga qadar soliq to‘lovchilar kesimida o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.
Davlat moliyaviy nazorati organlari moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalarini hamda nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra aniqlangan moliyaviy qonunbuzarliklar va ijobiy natijalar haqidagi ma’lumotlarni har chorak yakuni bilan keyingi chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar ro‘yxati, shuningdek qurilish-ta’mirlash ishlarining moliyalashtirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan majburiy tartibda o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirib boriladi.
23-modda. Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning, davlat maqsadli jamg‘armalarining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining hisobdorligi
Vazirlar Mahkamasi hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birga, shuningdek har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning va davlat maqsadli jamg‘armalarining ularga ajratilgan budjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitishga haqli.
Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi taqsimlovchi organlari Moliya vazirligiga O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti bo‘yicha hisobotni tuzish uchun ushbu jamg‘armalar budjetlari hamda daromadlari va xarajatlari ijrosi yuzasidan hisobotlarni taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijrosini ko‘rib chiqish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari hamda hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning hisobdorligi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tegishli ravishda hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning budjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitishga haqli.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Moliya vazirligiga O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti bo‘yicha hisobotni tuzish uchun mahalliy budjetlar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |