Translate the given text from Uzbek into English language. Find out new words and learn by heart the new vocabulary.
E’zoz va ehtiromning yorqin ifodasi
Barchamizni bilimlar olamiga oshno etish, ongu shuurimizda olijanob fazilatlarning shakllanishi, teran va sog‘lom tafakkur sohibi bo‘lib voyaga yetishimizda mehribon ustozlar, fidoyi murabbiylar, g‘amxo‘r o‘qituvchilarning xizmati beqiyosdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, kamolotida g‘oyat muhim o‘rin tutuvchi ushbu soha xodimlari mehnatini e’zozlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Binobarin, 1997 yildan buyon yurtimizda “1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Ushbu sana ma’rifatparvar xalqimiz, farzandlari kamolini ko‘rish istagidagi ota-onalar, bilimga chanqoq yoshlar uchun ham quvonchli ayyomdir. Chunki ko‘z nuri hamda qalb qo‘ri, butun borlig‘ini ma’rifat yo‘liga baxshida qilgan mehridaryo ustozlarni ardoqlash, ularga yuksak ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy, shu bilan birga, istiqlol yillarida yangicha ma’no-mazmun kasb etgan qadriyatlaridan biri sanaladi.
Bayram arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtimizdagi umumta’lim maktablarining bir guruh o‘qituvchi hamda murabbiylari, pedagoglar Mustaqillik maydonini ziyorat qilib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat hamda siyosat arbobi Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Poytaxtimizda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim tizimida kechayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida ta’lim muassasalarida, muzeylar, madaniy-ma’rifiy maskanlar va san’at saroylarida bo‘lib, istiqlol yillarida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdilar.
29 sentabr kuni “Turkiston” saroyida umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan bu yerga senatorlar, deputatlar, vazirlik hamda idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, ta’lim-tarbiya sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan pedagoglar, ilg‘or o‘qituvchilar, sport murabbiylari, olimlar va talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 sentabrda qabul qilingan Farmoniga binoan, mamlakatimizda yosh avlodning intellektual hamda ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi, yoshlarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularni ona-Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh pedagoglar Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Darhaqiqat, yurtimizning barqaror taraqqiyotida, jahon hamjamiyatidagi nufuzi va obro‘sining tobora yuksalishida, hayotimizning barcha yo‘nalishidagi islohotlarni chuqurlashtirishda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi muhim ahamiyatga ega. Shu bois respublikamizda ta’lim tizimini tubdan isloh etish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Mamlakatimizda joriy yildan 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tildi. Bu jarayon ota-onalar va o‘quvchilarning xohish-istaklari asosida tashkil qilindi. Xususan, umumta’lim maktablarining 467 ming nafar 9-sinf bitiruvchisidan 352 ming nafari 10-sinfda o‘qishni davom ettirish xohishini bildirdi.
Ota-onalar hamda o‘quvchilarga qulaylik yaratish, o‘quvchilarning ayni o‘smir paytida ota-onasiga yaqin hududda, o‘zlari ulg‘aygan mahallalarda ta’lim olishlarini ta’minlash maqsadida deyarli barcha umumta’lim maktabida 10-sinflar tashkil qilindi.
Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida aholining bu xohish-irodasi huquqiy jihatdan yanada mustahkamlab qo‘yildi.
Bayram arafasida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2017” ko‘rik-tanlovi ham yakunlandi. Tadbirda uning g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.
— Bugun pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, malakasini yanada oshirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda, — deydi “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘olibi, Shayxontohur tumanidagi 324-maktab o‘qituvchisi Jahongir Ismatov. — Ushbu ko‘rik-tanlov o‘zaro fikr hamda tajriba almashishimizga, o‘quvchilarni faollikka undovchi yangi uslub va shakllar bilan tanishishimizga imkon yaratayotgani bilan ahamiyatlidir.
Bu galgi marosimning yana bir yangiligi shunda bo‘ldiki, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar rag‘batlantirilgandan so‘ng o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, shuningdek, oliy ta’lim tizimlarida samarali mehnat qi-layotgan bir guruh o‘qituvchi hamda murabbiylar “Yilning eng yaxshi pedagogi” yo‘nalishi bo‘yicha ham taqdirlandi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, Chinoz tumanidagi 40-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Ra’no Fozilova, boks bo‘yicha jahon chempioni, “Rio — 2016” Olimpiya o‘yinlari sovrindori Shahram o‘iyosov mamlakatimizda ta’lim-tarbiya olish uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, o‘qituvchilar mehnatini e’zozlash borasidagi yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi. “Yoshlik” jurnali bosh muharriri, shoir Nodir Jonuzoq o‘qituvchi va murabbiylarga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.
San’at ustalari hamda ijrochi yoshlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N. Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Yunusxodjayev ishtirok etdi.
Omonulla FAYZIYEV, «Xalq so‘zi» muxbiri.
Hasan PAYDOYEV olgan surat.
Do'stlaringiz bilan baham: |