TOVAR VA MOLIYA BOZORLARIDA MONOPOLIYAGA QARSHI TARTIBGA SOLISHNI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOG'RISIDA
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida
(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2013 y., 34-son, 456-modda)
«Raqobat to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Tovar va moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish hamda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning davlat reestrini yuritish tartibi to'g'risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Xizmatlarning moliya bozorida monopol yuqori va monopol past narxlarni aniqlash tartibi to'g'risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Raqobatni cheklaydigan kelishib olingan harakatlar va bitimlarni aniqlash tartibi to'g'risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni majburiy tarzda bo'lish yoki ajratib chiqarish masalalarini ko'rib chiqish tartibi to'g'risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarni olishga doir bitimlarni ko'rib chiqish hamda bunday bitimlarni tuzish uchun oldindan rozilik olish tartibi to'g'risidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o'z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYoEV
Toshkent sh.,
2013 yil 20 avgust,
230-son
Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 avgustdagi 230-son qaroriga
1-ILOVA
Tovar va moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish hamda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning davlat reestrini yuritish tartibi to'g'risida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom «Raqobat to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq Tovar va moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish tartibi va shartlari hamda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning davlat reestrini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
tovar — faoliyatning olish va realizatsiya qilish uchun mo'ljallangan mahsuli, shu jumladan, ishlar va xizmatlar (moliyaviy xizmatlardan tashqari);
moliyaviy xizmat — banklar va boshqa kredit, sug'urta va o'zga moliya tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar, shuningdek qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari xizmatlari hamda pul mablag'larini jalb etish va (yoki) joylashtirish bilan bog'liq bo'lgan xizmatlar;
tovar yoki moliya bozori chegarasi — O'zbekiston Respublikasi hududida tovar yoki moliyaviy xizmatlarning yoki O'zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy bo'linishiga mos kelmasligi mumkin bo'lgan muomaladagi hamda ularni sotib olish va xizmat ko'rsatish imkoni mavjud bo'lgan chegaralardagi qismining muomala doirasi;
tovar bozorida bozor ulushi — xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi tomonidan ishlab chiqarilgan tovar realizatsiya qilingan hajmining tovar bozori chegaralari doirasida ushbu tovar bozorining barcha ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqarilgan tovarni realizatsiya qilishning umumiy hajmiga nisbati;
moliya bozorida bozor ulushi — xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi tomonidan ko'rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmining moliya bozori chegaralari doirasida ushbu moliya bozorining barcha ishtirokchilari tomonidan ko'rsatilgan moliyaviy xizmatlarning umumiy hajmiga nisbati.
3. Tovar va moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish tovar va moliya bozori chegaralari doirasida, uning joylashgan va davlat ro'yxatidan o'tgan joyidan qat'i nazar, O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi hamda uning hududiy organlari (keyingi o'rinlarda monopoliyaga qarshi organ deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Tovar va moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei mavjudligini aniqlash quyidagi izchillikda amalga oshiriladi:
tovarlar va moliyaviy xizmatlarning bir-birining o'rnini bosishini hisobga olgan holda tovar yoki moliya bozori chegaralarini aniqlash;
xo'jalik yurituvchi sub'ektning va(yoki) shaxslar guruhining bozor ulushini aniqlash;
tovar va moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish.
II. Tovar bozori chegaralarini va bozor ulushini aniqlash, shuningdek tovar bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish
5. Monopoliyaga qarshi organ ushbu Nizomda belgilangan tovar bozorining chegaralarini aniqlash bo'yicha talablarga rioya qilishda umuman respublika bo'yicha, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo'yicha alohida yoki ikki yoki undan ortiq tovar bozorlari chegaralarini bittaga biriktirish yo'li bilan tovar bozorining chegaralarini belgilash huquqiga ega.
6. Tovar bozorining chegaralari iste'molchilar tomonidan tovarni erkin sotib olish tamoyili bo'yicha aniqlanadi. Tovarni erkin sotib olish quyidagi shart-sharoitlar mavjud bo'lganda ta'minlanadi:
tegishli mintaqada aniq tovarni sotib olish imkoniyati;
tovar qiymatiga nisbatan transport xarajatlarining qoplanishi;
tovarning sifati, ishonchliligi va boshqa iste'mol xususiyatlarining saqlanishi;
tovarni oldi-sotdi, olib kirish va olib chiqishga cheklovlar (taqiqlar)ning mavjud emasligi;
tovar bozori chegaralari doirasida raqobatning teng shart-sharoitlari mavjudligi.
7. Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar yoki shaxslar guruhining bozor ulushlarini aniqlash mazkur Nizomning 13 va 14-bandlarida ko'rsatilgan ma'lumotlar asosida kamida bir yillik davr uchun amalga oshiriladi.
8. Bozor ulushi xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhining aniq tovar bozoridagi savdo-sotiqlar hajmining umumiy hajmidagi ishtirokini ifodalovchi ko'rsatkich hisoblanadi.
Tovar bozorida bozorlar ulushlarini hisoblab chiqish uchun hisob-kitobga tovarlarni realizatsiya qilish ko'rsatkichlari asosan natura ifodasida, xizmatlar bozorida esa — qiymat shaklida qabul qilinadi. Natura ifodasidagi tegishli ko'rsatkichlar mavjud bo'lmaganda qiymat shaklidagi ma'lumotlar qabul qilinadi.
9. Xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining bozor ulushi ushbu sub'ektning yoki shaxslar guruhining ishlab chiqarilgan tovarni realizatsiya qilish hajmining tovar bozori hajmiga nisbati sifatida aniqlanadi hamda quyidagi formula bo'yicha aniqlanadi:
BU=Vo x 100/Vp, bu erda:
BU — xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining bozor ulushi;
Vo — tovar bozori hududida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining tovarni (shu jumladan bir-birining o'rnini bosadigan tovarni) realizatsiya qilish hajmi,
Vp — quyidagi tarzda hisoblanadigan tovar bozorining miqdori:
Vp=Vo1+ Vo2+…+Von+Vi, bu erda:
Vo1 — Von — tovar bozori hududidagi barcha xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan tovarlarni (shu jumladan o'zaro almashinadigan tovarlarni) realizatsiya qilish hajmi;
Vi — tovar bozori hududida import tovarini (shu jumladan bir-birining o'rnini bosadigan tovarni) realizatsiya qilish hajmi.
10. Tovar bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga bog'liq bo'lmagan holda unga o'z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta'sir ko'rsatish, tegishli bozorga boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqe hisoblanadi.
11. Xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi tovarining ulushi:
a) ellik va undan ortiq foizni tashkil etsa;
b) o'ttiz besh foizdan ellik foizgacha hajmda bo'lib, bunda quyidagi shartlar:
xo'jalik yurituvchi sub'ektning tovar bozoridagi ulushi kamida bir yil mobaynida, ya'ni xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining tovar bozorida 35 — 50 foiz doirasida bo'lgan ulushi bir yil va undan ortiq muddat mobaynida barqaror bo'lib turishi;
tovar bozorida boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga (raqobatchilarga) tegishli ulushlarning nisbiy miqdorda bo'lib turishi, ya'ni bozorda 20 foizdan ortiq tovarlar ulushi bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining yo'qligi;
ushbu bozorga yangi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning (raqobatchilarning) kirishiga imkoniyat bo'lishi shartlari belgilangan bo'lsa, shu xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining mavqei ustun mavqe deb e'tirof etiladi.
12. Tegishli tovar bozorida tovarning aniq turiga o'xshash bo'lmagan yangi tovar ishlab chiqarish bilan birinchi marta bozorga kirayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei ikki yil mobaynida e'tirof etilmaydi.
III. Tovar bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei mavjudligini belgilash uchun foydalaniladigan ma'lumot
13. Tovar bozorini o'rganishda monopoliyaga qarshi organ yuridik va jismoniy shaxslardan, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlaridan mahalliy davlat hokimiyati organlaridan tegishli ravishda quyidagi ma'lumotlarni so'rab oladi:
tovarlar ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, import va eksport qilish miqdorlari;
tegishli bozordagi tovarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ro'yxati;
ta'sis hujjatlari;
xo'jalik yurituvchi sub'ektning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi;
xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning hamkorlikdagi faoliyati bilan bog'liq shartnomalar nusxalari;
tovarlarga narxlar;
tovarlarni realizatsiya qilish uchun tuzilgan shartnomalar nusxalari;
tovarning texnik hujjatlari (GOST, TSh va boshqalar).
14. Ma'lumot so'rov olingan kundan boshlab bir oy muddatdan kechikmasdan monopoliyaga qarshi organga, shu jumladan:
O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi va uning hududiy organlari tomonidan — pochta manzillari ko'rsatilgan holda tovar (ishlar bajaruvchi, xizmatlar ko'rsatuvchi) ishlab chiqaruvchi korxonalar ro'yxati, tovar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko'rsatish)ning umumiy miqdori, tovarni import va eksport qilish to'g'risida;
O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi va uning hududiy organlari tomonidan — tovarni import va eksport qilish hajmlarini ko'rsatgan holda ular bilan shug'ullanadigan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar ro'yxati to'g'risida;
xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan –ishlab chiqarish quvvatlari, ishlab chiqarish (ko'rsatilgan xizmatlar), tovarni realizatsiya qilish, import va eksport qilish hajmlari to'g'risida, shuningdek ta'sis hujjatlari, texnik hujjatlari;
vakolatli organlar, tovar ishlab chiqaruvchilar va yoki iste'molchilar tomonidan — tovarlarning funktsional jihatdan qo'llanilishi, sifat va texnik tavsifnomalari, narxi va boshqa parametrlari bo'yicha ularning bir-birining o'rnini bosa olishi mumkinligi to'g'risida ma'lumotlar taqdim etiladi.
15. Zarur hollarda va tovar bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeni aniqlash uchun ma'lumotlar etarli bo'lmaganda monopoliyaga qarshi organ uning mazmunini aniq ko'rsatgan holda tegishli ma'lumotni qo'shimcha ravishda so'rab olishi mumkin.
16. Tovar bozorida ustun mavqeini egallagan deb, e'tirof etilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar davlat reestriga kiritiladi.
IV. Moliya bozori chegaralari va bozor ulushini aniqlash, shuningdek moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish
17. Monopoliyaga qarshi organ butun respublika hududi bo'yicha, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo'yicha alohida yoki ikki yoxud undan ortiq tovar bozorlari chegaralarini bittaga biriktirish yo'li bilan tovar bozorining chegaralarini belgilash huquqiga ega.
18. Moliya bozori chegaralari uchun moliyaviy xizmatlar iste'molchilari erkin (olish) imkoniyati tamoyili bo'yicha aniqlanadi. Moliyaviy xizmatlarni erkin olish:
texnik imkoniyatlarni hisobga olgan holda tegishli mintaqada moliyaviy xizmatlar olish imkoniyati mavjud bo'lganda;
tegishli mintaqada qo'shimcha katta xarajatlarsiz, jumladan iste'molchining boshqa mintaqada moliyaviy xizmatlar olishga transport xarajatlarisiz moliyaviy xizmatlar olishi iqtisodiy maqsadga muvofiq bo'lganda;
boshqa mintaqada moliyaviy xizmatlar olish imkoniyati ma'muriy cheklovlar mavjud bo'lmaganda ta'minlanadi.
19. Moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining bozor ulushlarini aniqlash ushbu Nizomning 24 va 25-bandlarida ko'rsatilgan ma'lumotlar asosida kamida bir yillik davr uchun amalga oshiriladi.
20. Moliya bozorining yalpi hajmi va xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining bozor ulushining hajmini hisob-kitob qilish ko'rsatilayotgan xizmatlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qiymat va (yoki) miqdoriy ifodalash orqali amalga oshiriladi.
21. Moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga bog'liq bo'lmagan holda unga o'z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta'sir ko'rsatish, tegishli bozorga boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqe hisoblanadi.
22. Xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining moliya bozori chegaralari doirasidagi ulushi 35 foizdan oshadigan mavqei moliya bozoridagi ustun mavqe deb e'tirof etiladi.
23. Moliyaviy xizmatlar ko'rsatish boshlangan sanadan boshlab ikki yil mobaynida tegishli moliya bozorida moliyaviy xizmatlarning aniq turiga o'xshashi mavjud bo'lmagan, birinchi marta bozorga ma'lum bir turdagi moliyaviy xizmatlar bozoriga kirgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt moliya bozorida ustun mavqeini egallovchi xo'jalik yurituvchi sub'ekt sifatida ko'rib chiqilmaydi.
V. Moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei mavjudligini aniqlash uchun foydalaniladigan ma'lumotlar
24. Moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei mavjudligini aniqlash:
davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari;
moliya bozorlarini tartibga solish sohasidagi tegishli vakolatli organlar;
moliyaviy tashkilotlar va boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlar, shuningdek moliyaviy xizmatlar iste'molchilaridan olingan ma'lumotlar asosida amalga oshiriladi.
25. Moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei mavjudligini aniqlash uchun foydalaniladigan ma'lumotlarga quyidagilar kiradi:
ko'rsatilgan moliyaviy xizmatlar miqdori;
tegishli moliya bozorida faoliyat yuritayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar ro'yxati;
ta'sis hujjatlari nusxalari;
xo'jalik yurituvchi sub'ektning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi;
xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning hamkorlikdagi faoliyati bilan bog'liq shartnomalar nusxalari;
moliyaviy xizmatlar uchun tariflar (narxlar);
moliyaviy xizmatlar ko'rsatish yuzasidan tuzilgan shartnomalar nusxalari.
26. Ustun mavqe mavjudligini aniqlashda axborot agentliklari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa axborot manbalaridan, shuningdek moliyaviy xizmatlar iste'molchilari bilan so'rovnomalar o'tkazish natijalari orqali olingan ma'lumotlardan foydalanilishi mumkin.
27. Ma'lumot monopoliyaga qarshi organning so'rovi asosida so'rov olingan kundan o'ttiz kalendarь kunidan oshmaydigan muddatda taqdim etiladi.
28. Zarur hollarda va moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini aniqlash uchun ma'lumotlar etarli bo'lmagan taqdirda monopoliyaga qarshi organ tegishli ma'lumotni uning mazmunini aniq ko'rsatgan holda qo'shimcha ravishda so'rab olishi mumkin.
29. Moliya bozorida ustun mavqeini egallagan deb e'tirof etilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar Davlat reestriga kiritiladi.
VI. Xo'jalik yurituvchi sub'ektni yoki shaxslar guruhini Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar davlat reestriga kiritish va undan chiqarish
30. Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar davlat reestri (keyingi o'rinlarda Reestr deb ataladi) tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar va shaxslar guruhining faoliyati monitoringi va nazoratini amalga oshirish, monopoliyaga qarshi harakatlarini cheklash va ularning oldini olish hamda ular tomonidan ustun mavqeini suiiste'mol qilishiga yo'l qo'ymaslik uchun yuritiladi.
31. Reestr O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakllantiriladi va yuritiladi.
32. O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi va uning hududiy organlari tomonidan tovar va moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan deb e'tirof etilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi Reestrga kiritiladi.
33. Qonun hujjatlari bilan narxlarni tartibga soluvchi organ tomonidan narxlar belgilangan holda tovar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish yoki narxlarni tasdiqlashni (deklaratsiyalashni, kelishishni) amalga oshirish zimmasiga yuklangan tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi Reestrga kiritilmaydi.
Bunda ko'rsatib o'tilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi tomonidan raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo'l qo'yilgan taqdirda ularga ushbu qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar ko'riladi.
34. Xo'jalik yurituvchi sub'ektni yoki shaxslar guruhini Reestrga kiritish yoki undan chiqarish to'g'risidagi qaror monopoliyaga qarshi organ rahbarining buyrug'i bilan rasmiylashtiriladi.
35 Xo'jalik yurituvchi sub'ektni yoki shaxslar guruhini Reestrga kiritish to'g'risida qabul qilingan qaror asosida monopoliyaga qarshi organ qaror qabul qilingan kundan boshlab uch kun muddatda:
tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan deb e'tirof etilgan xo'jalik yurituvchi sub'ektga yoki shaxslar guruhiga ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo'yicha bildirishnoma yuboradi, shuningdek bu to'g'risida narxni tartibga soluvchi organga xabar beradi;
moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan deb e'tirof etilgan xo'jalik yurituvchi sub'ektga yoki shaxslar guruhiga ushbu Nizomga 3-ilovaga asosan shakl bo'yicha bildirishnoma yuboradi, shuningdek bu to'g'risida moliya bozorini tartibga solish sohasidagi vakolatli organga xabar beradi.
36. Xo'jalik yurituvchi sub'ektni yoki shaxslar guruhini Reestrdan chiqarish to'g'risidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
tegishli tovar yoki moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining mavqei ularni ustun mavqeidan chiqarish darajasigacha o'zgarganda;
Reestrga kiritilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt tomonidan mahsulot turini ishlab chiqarish va sotish (xizmatlar ko'rsatish) to'liq to'xtatilganda;
xo'jalik yurituvchi sub'ektga nisbatan tugatishga doir ish yuritish qo'llanilganda.
37. Reestrdan xo'jalik yurituvchi sub'ektni yoki shaxslar guruhini chiqarish monopoliyaga qarshi organ rahbari buyrug'i bilan rasmiylashtiriladi hamda qaror qabul qilingan kundan boshlab uch kun muddatda xo'jalik yurituvchi sub'ektga yoki shaxslar guruhiga, narxni tartibga soluvchi organga hamda moliya bozorini tartibga solish sohasida vakolatli organga ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakl bo'yicha bildirishnoma yuboriladi.
38. Reestrga kiritilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt uning nomi o'zgarganda yoki qayta tashkil etilganda o'n kun muddatda bu to'g'risida monopoliyaga qarshi organni xabardor qilishi shart.
39. Reestrga o'zgartirishlar kiritish tovar va moliya bozorlarini o'rganish natijalariga ko'ra amalga oshiriladi.
40. Tovar va moliya bozorlarini o'rganish natijalariga ko'ra xo'jalik yurituvchi sub'ektni Reestrdan chiqarish va nomi o'zgarganligi yoki qayta tashkil qilinganligini hisobga olgan holda uni kiritishni nazarda tutuvchi o'zgartirishlarni Reestrga kiritish to'g'risida qaror qabul qilinadi.
41. Xo'jalik yurituvchi sub'ektni yoki shaxslar guruhini Reestrga kiritish yoki undan chiqarish to'g'risidagi masalani ko'rib chiqish tovar va moliya bozorlarini bevosita o'rganishlar natijalariga ko'ra, shuningdek xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning murojaatlariga asosan monopoliyaga qarshi organ tomonidan amalga oshiriladi.
VII. Yakunlovchi qoidalar
42. Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ularning mansabdor shaxslari monopoliyaga qarshi organga ma'lumot taqdim etilmaganligi yoki o'z vaqtida taqdim etilmaganligi, noto'g'ri yoki soxta ma'lumotlar taqdim etilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
43. Tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko'rsatish (moliyaviy xizmatlardan tashqari) bo'yicha Reestrga kiritilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda narxni tartibga soluvchi organdagi Reestrga kiritilgan tovar va xizmatlarga narxlar (tariflar)ni deklaratsiyalashni amalga oshiradilar.
44. Moliyaviy xizmatlar ko'rsatish bo'yicha Reestrga kiritilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi monopoliyaga qarshi organga har chorakda ular Reestrga xizmatlar bo'yicha kiritilgan xizmatlar turiga qo'llaniladigan narxlar to'g'risidagi ma'lumotni, ularning monopol yuqori va monopol past narxlarni qo'llashga yo'l qo'ymaslik bo'yicha harakatlarini kuzatish maqsadida taqdim etadilar.
45. Reestrga kiritilgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi quyidagi huquqlarga ega:
monopoliyaga qarshi organ ular asosida Reestrga kiritish to'g'risida qaror qabul qilgan materiallar bilan tanishish, davlat sirlari, tijorat siri va qonun bilan muhofaza qilinadigan sir bo'lgan boshqa ma'lumotlardan tashqari;
Reestrga kiritish to'g'risidagi qaror yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Tovar va moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish hamda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning davlat reestrini yuritish tartibi to'g'risidagi Nizomga
1-ILOVA
20____ yildagi holati bo'yicha tovar va moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning
DAVLAT REESTRI
|
|
|
|
|
|
T/r
|
Xo'jalik yurituvchi sub'ektning nomi
|
Yuridik manzili
|
Tovar
(xizmat)
monopol turining
nomi
|
Reestrga kiritish
sanasi va buyruqning tartib raqami
|
Tovarlar ishlab chiqarish bo'yicha xo'jalik yurituvchi sub'ektlar
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
Xizmatlar ko'rsatish bo'yicha xo'jalik yurituvchi sub'ektlar
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
Moliyaviy xizmatlar ko'rsatish bo'yicha xo'jalik yurituvchi sub'ektlar
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
Do'stlaringiz bilan baham: |