NAJMIDDIN KUBRO
Yo‘q emaskan, bor ekan. Och emaskan, to‘q ekan.
Qadim zamonda, Amudaryo tomonda gul-u bo‘ston bir
yurt bo‘lgan ekan. Tabiati g‘oyat so‘lim, eli halim ekan.
Tuprog‘i shu qadar hosildor ekanki, yolg‘ondan cho‘p
qadasangiz, chindan daraxt bo‘lib o‘sarkan. Bu o‘lkaning
donolari ham ko‘p ekan. Shayx Najmiddin Kubro donolar
donosi sanalarkan. Xalq biror ishga qo‘l urmoqchi bo‘lsa,
avvalo, u kishining maslahatini olarkan. Shuning uchun
bu o‘lka urush-janjalga begona ekan. Yurtning nomi
Xorazm ekan.
Xullas, bir kuni mo‘g‘ul degan bosqinchi Xorazmga
yurish boshlabdi. Yo‘lida uchragan bog‘-u rog‘larni vayron
qilibdi.
Uylarga o‘t qo‘yib, qo‘y-qo‘zilarni haydab ketib,
shaharni o‘rab olibdi. Bosqinchilarning niyati bu go‘zal
yurtga o‘zlari hukmron bo‘lib, uning xalqini qul qilib
sotish ekan.
Ahli Xorazm qayg‘uga tushibdi. Botirlari jangga hozirlik
ko‘ra boshlabdi. Shahar atrofida izg‘ib yurgan dushman
esa qal’ani yorib kirish yo‘llarini izlarkan. Ayg‘oqchilardan
biri mo‘g‘ullar sardoriga:
– Onhazrat, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, fikrimni
ayturman, – deb ta’zim qilibdi.
– So‘yla!
– Shohim, bu yurtning donolari ko‘pdir. Donolar
donosi shayx Najmiddin Kubro erur. Bu qonli jangda
ul hazratning ko‘ngillari ozor topsa, zinhor g‘alabayi
munavvarga yetmasmiz. Farmon bering, shayx biz tarafga
o‘tsinlar. Ondin so‘ng biz yeng shimarib jang boshlaylik.
176
Shoh ko‘p o‘ylabdi. Nihoyat, taklifni qabul aylabdi.
– Maktub tayyorlang! Chopar yuboring! Shayx
hazratlari biz tomonga o‘tsinlar!
Chopar maktubni olib, qal’a darvozalaridan ichkari
kiribdi. Najmiddin Kubroga xatni tutqazibdi. Bir qancha
muridlari bilan o‘tirgan shayx maktubni ovoz chiqarib
o‘qibdilar:
«Shayx hazratlari, sizga bo‘lgan kamoli ehtiromimiz
haqqi, oilangiz va yana o‘n kishi birla biz tarafga o‘ting!
Osuda, farog‘atda umr ko‘rursiz!»
– Boring, yetkazing! Mening yaqinlarim o‘n kishidan
ko‘pdur.
Ertasi kuni chopar yana xat keltiribdi: «Hazrat, mayli,
yuz kishi birla o‘ting!» Shayx debdilar:
– Yetkazingkim, ular yuz kishidan ham ko‘pdur.
Uchinchi kuni chopar yana maktub keltiribdi: «Mayli,
ming kishi birla o‘ting», – deyilibdi xatda. Hazrat
shunday debdilar:
– Mening yaqinlarim ming kishidan ham ko‘p erur.
Butun xalq mening yaqinlarimdur.
To‘rtinchi kunning tongi otmabdi. El-u yurtning oromi
yo‘q, yotmabdi. Quyosh hali boshin ko‘tarmay turib,
dushman qal’a ichiga ot surib kiribdi. Kimning qo‘lida
tayoq, kimning qo‘lida o‘roq, dushmanga hamla qilishibdi.
Shayx Najmiddin Kubro ham qonli jangga kiribdilar.
Dastlab bayroqqa tashlanibdilar. Zero, bayroqning egilgani
– raqibning yengilgani.
Ana shunda shayx Kubro dushman bayrog‘ini pastga
tortib turganlarida, bir bosqinchi shayxning o‘ng qo‘liga
qilich solibdi. Qora qonga bo‘yalgan shayx ot ustidan
qulab tushibdilar. Yov bayrog‘ida qolib ketgan o‘ng qo‘llari
177
esa hamon bayroqni changallab, pastga tortar ekan.
Harchand urinmasin, yov shayxning qo‘llarida g‘ijimlanib
turgan bayroqni sug‘urib ololmabdi. Dushman yengilibdi.
Shayx Najmiddin Kubro esa Vatan uchun bo‘lgan
jangda shahid bo‘libdilar.
1. Bosqinchilar Xorazmga nima maqsadda yurish qildilar?
2. Dushman shayx Najmiddin Kubroga qanday maktublar
yo‘llaydi?
Do'stlaringiz bilan baham: |