O‘rgimchaklar (Aranei) turkumi. O‘rgimchaklarning boshko‘krak va qorin bo‘limlari bo‘g‘imlarga bo‘linmagan, lekin bu bo‘limlar qisqa va ingichka poyacha orqali o‘zaro tutashgan. Xelitseralari uchki bo‘g‘imi harakatchan tirnoqqa o‘xshaydi. Pedipalpalari uzun paypaslagichga o‘xshash, erkaklarida qo‘shiluv organi vazifasini bajaradi. O‘pkalari bir yoki ikki juftdan, ko‘pchilik turlarida bir juft traxeya naylari ham bo‘ladi. Qorin bo‘limining ikki bo‘g‘imida qorin oyoqlari o‘zgarib, ikki juft to‘r so‘gallari o‘rgimchak bezlarini hosil qiladi. O‘rgimchaklarning qorin bo‘shlig‘ida juda ko‘p bezlari bo‘ladi. Ayrim o‘rgimchaklarda bu bezlarning soni 1000 ga yetadi. Bezlarning yo‘li qornining keyingi qismida to‘r so‘gallari oldidagi plastinkaga ochiladi. Bezlar ishlab chiqargan yopishqoq suyuqlik havoda qotib, ip hosil qiladi. Bir necha yuzlab bezlar ishlab chiqaradigan juda ingichka ipchalarni bitta umumiy ipga yopishtirib o‘rgimchak ip to‘qiydi. Bu iplar quruq, ho‘l yoki yopishqoq bo‘ladi. Ulardan o‘rgimchaklar tutuvchi o‘rgimchak to‘rini to‘qiydi va pilla yasaydi. Hayot kechirish xususiyatlariga ko‘ra o‘rgimchaklarni daydilar va o‘troqlar ya‘ni to‘r to‘quvchilarga ajratish mumkin. Daydi o‘rgimchaklar tutuvchi to‘r to‘qimaydi, o‘ljasini yerda yoki o‘simliklar ustiga chiqib olib poylaydi. Ko‘pchilik o‘rgimchaklar uyada yoki to‘ri ustida o‘troq hayot kechiradi. Tutqich to‘rlarning o‘lchami va shakli juda xilma-xil, har bir to‘r o‘ziga xos bo‘ladi. O‘troq o‘rgimchaklarning tutqich to‘ri ini yaqinida yastanib yotadi yoki daraxtlar va butalarning shoxlari orasiga tortilgan bo‘ladi. Bir qancha o‘rgimchaklar yer yuzasiga chuqurcha shaklida in qurib, uning devorlariga to‘rini to‘shaydi. Inni to‘rdan yasalgan qopqoqcha yopib turadi. Suv o‘rgimchagi Argyroneta aquatica suv tubida qo‘ng‘iroqcha shaklida tutqich to‘r to‘qiydi. To‘rni suv o‘simliklarga yopishtirib, havo bilan to‘ldiradi. O‘rgimchak damba-dam suv yuzasiga ko‘tarilib, tanasi sirtidagi tuklar orasiga havo olib, inga qaytadi. O‘rgimchaklar to‘rga tushgan hasharotlarni iplar bilan o‘rab tashlaydi. So‘ngra o‘lja terisini yirtib, so‘lagini tomizadi. So‘lak ta‘sirida parchalanib, suyuq holga kelgan ichki to‘qimalarni so‘rib oladi. O‘rgimchaklar iplardan tuxumi atrofiga pilla ham to‘qiydi Urg‘ochi o‘rgimchaklar pillasini olib yuradi yoki uni qo‘riqlaydi. O‘rgimchak iplari o‘rgimchaklarni havo oqimi yordamida tarqalishida ham katta ahamiyatga ega. Yengil shabada esib turadigan kuz kunlari tuxumdan chiqqan yosh o‘rgimchaklar o‘tlarning ustiga chiqib, uzun ip chiqara boshlaydi. Ip ma‘lum uzunlikka yetgach, o‘rgimchak oyog‘ini yig‘ib olib, o‘simlikdan sakraydi. Shamol esa uni uchirib ketadi. O‘rgimchaklarda jinsiy dimorfizm yaxshi rivojlangan. Erkaklari urg‘ochilariga nisbatan kichik, pedipalpasida naysimon o‘simta - qo‘shilish organi bo‘ladi. Erkak o‘rgimchak urug‘ bilan to‘lgan spermatoforini urg‘ochisi urug‘ xaltasiga kiritadi. Erkak o‘rgimchaklar kuyikish paytida raqsga o‘xshash turli harakatlar qiladi. Ayrim o‘rgimchaklarning erkagi urg‘ochisiga o‘ldirilgan o‘lja in‘om etadi. Urug‘langan urg‘ochi o‘rgimchak qochishga ulgurmagan erkagini yeb qoyadi. O‘rgimchaklar hayotida tanasi yuzasidagi sezgir tuklar tuyg‘u vazifasini bajaradi. Ular tuklar yordamida yaqindan uchib o‘tayotgan hasharotlarni yoki tutqich to‘ri iplari tebranishini sezadi. Bir qancha o‘rgimchaklar ovoz chiqarish va uni eshitish xususiyatiga ega. Bu organlar tananing turli joylarida, xususan xelitsera va pedipalpalari, ko‘krak va qorin qismlarida joylashgan. Hid sezish va ta′m bilish vazifasini oldingi oyoqlar panjasidagi tarzal organlar yoki tana sirtidagi o‘simtalarda joylashgan lirasimon organlar bajaradi. Hid bilish organlari kuyikish davrida katta ahamiyatga ega. O‘rgimchaklarning ko‘zi 4 juft, ba‘zan 3 juft bo‘ladi. Ko‘pchilik o‘rgimchaklarda, ayniqsa to‘r to‘qiydigan turlarida ko‘zlar yaxshi rivojlanmagan. To‘rdagi o‘rgimchaklar faqat harakatlanadigan yirik narsalarni ko‘radi. Sakrovchi o‘rgimchaklarning ko‘zlari yaxshi ko‘radi, hatto ular narsalarning rangini ham farq qiladi. Tajriba yo‘li bilan o‘rgimchaklarda shartli reflekslar ham hosil qilish mumkin. Bir qancha o‘rgimchaklarda himoya rangi va mimikriya xususiyati yaxshi rivojlangan. Ko‘pchilik o‘rgimchaklarning hayoti bir yilda tugaydi. Ularning pilla ichidagi tuxumi yoki yosh nasli qishlab qoladi. Tropik iqlimda hayot kechiradigan qushxo‘r o‘rgimchak 7—8 yildan 20 yilgacha umr ko‘radi. O‘rgimchaklar ko‘p miqdorda zararkunanda hasharotlarni yo‘qotib foyda keltiradi. Ularning o‘zi ham boshqa hayvonlar, masalan, kemiruvchilar, sudralib yuruvchilar va hasharotlarga yem bo‘ladi. Ko‘pchilik o‘rgimchaklar zahari faqat hasharotlarga ta‘sir qiladi. Ayrim vakillarining zahari odam va hayvonlar uchun xavfli hisoblanadi. O‘rta Osiyo, Kavkaz, Qrim va Eronning cho‘l va dasht mintaqalarida uchraydigan qoraqurt Latrodectus tredecimguttatus va Amerika cho‘llarida tarqalgan qora beva L.mactans ayniqsa juda zaharli hisoblanadi.
Qoraqurt (L.mactans)
Qoraqurtning urg‘ochisi 10—20 mm, erkagi 4—7 mm bo‘ladi. Yosh qoraqurt qorin qismining ustida qizil dog‘lari bo‘ladi. Qoraqurt odatda quruq cho‘llar, jarliklar va tog‘ yon bag‘irlarida ko‘p uchraydi. Urg‘ochi qoraqurt tuproq ustidagi chuqurchalarga, kemiruvchilar ini, yirik toshlar ostiga in quradi. Inining og‘ziga tutqich to‘rini tortib qo‘yadi. Issiq yozmavsumida (iyun, iyul) qoraqurtlar pana joy qidirishga tushadi. Qoraqurt chaqishi ayniqsa ana shunday migratsiya davrida ko‘proq sodir bo‘ladi. Qoraqurt zahari tuyalar va otlarga kuchli ta‘sir qilib, ularni odatda o‘limga olib keladi. Zahar odamga ham ta‘sir qilib, ba‘zan halokatga olib kelishi mumkin. Hozir qoraqurt zahariga qarshi zardob ishlab chiqilgan.
Biy (Lycosa singorensis)
Zaharli o‘rgimchaklardan O‘rta Osiyo va Yevropaning janubida biy (Lycosa singorensis) keng tarqalgan. Biy 25—35 mm kattalikda bo‘lib, tanasi qalin tuklar bilan qoplangan. U chuqur vertikal inlarda yashaydi. Inining ostiga to‘r to‘shaydi. Biy ko‘proq nam, yerosti sizot suvlari tuproq yuzasiga yaqin joylashgan yerlarda uchraydi. Biy chaqqanida og‘riq sezilsa ham uning zahari odam uchun xavfli emas.
O`rgimchak turlari
O‘rgimchaklar haqida qiziqarli faktlar
Ehtimol, oramizda o‘rgimchaklarni yoqtiruvchilar ham topilib qolar. Biroq ko‘pchilik uni xushlamaydi. Ammo o‘rgimchaklar insoniyatning tabiiy himoyachisi ekanligini hamma ham bilmasa kerak. Quyidagi ma’lumotlarni o‘qigach, ehtimol, ularni ko‘rganda dahshatga tushishni bas qilarsiz.
1. O‘rgimchaklar dunyoning hamma burchagida, hatto, Everest cho‘qqisida ham mavjud. Antarktida bundan mustasno. Olimlar uning 48 mingdan ortiq turini aniqlashgan. Yerning har kvadrat metriga 131 ta o‘rgimchak to‘g‘ri keladi. Himolayning mittigina o‘rgimchaklari dengiz sathidan 6 ming metr balandlikda yashaydi, pastga tushmaydi. And tog‘lari hududida esa ulkan o‘rgimchaklar – tarantullarning 7 ta yangi turi topilgan.
2. O‘rgimchaklar har yili bir necha million zararli hasharotlarni yo‘q qiladi. O‘rtacha 400 tonnadan 800 milliongacha hasharot va mayda umurtqalilarni yeb qo‘yadi.
3. To‘riga qarab uni o‘rgimchakning qaysi turi to‘qiganini bilib olish mumkin. Ayrim to‘rlar aylanali halqalardan zanjirsimon qilib to‘qiladi. Biroq bu qolip emas. Chalkashib ketgan, tortilgan to‘rlari ham borki, bularning hammasi o‘ljani yaxshiroq ushlashga mo‘ljallanadi.
4. Ayrim o‘rgimchaklarning to‘ri “rogatka”larga o‘xshaydi. Perudagi uchburchak o‘rgimchakning to‘ri xuddi ana shunday ko‘rinishga ega. Rogatka to‘riga chiqib olgan o‘rgimchak o‘zini o‘ljasining ustiga qarab otadi. Tezligi shu darajaga yetadiki, hatto, soatiga 1700 milni tashkil etishi ham mumkin. Bu jarayonda qimirlayotgan to‘r o‘ljani to‘laligicha o‘rab oladi. Dushmanlaridan qochishda ham shu usuldan foydalanadi.
5. Ayrim o‘rgimchaklar uchishni yoqtiradi. Bu usulni, asosan yosh, vazni kichiklari qo‘llaydi. Uchish uslubi juda oddiy: ipiga osilib olib, o‘zini shamolning ixtiyoriga topshiradi-da, uchaveradi-uchaveradi. Uzoq masofalarga ketib qolishdan qo‘rqmaydi. Eng qizig‘i, o‘rgimchaklar uchishda Yerning magnit maydonidan ham foydalanishlari mumkin. Avstraliyaning ayrim hududlarida ommaviy ravishda uchayotgan o‘rgimchaklarni uchratish mumkin. Ularni yerdan kuzatib turilsa, xuddi osmondan tushib kelayotganga o‘xshaydi.
6. Diametri 30 santimetr keladigan taqsimchadek o‘rgimchaklar ilk bor 2001-yilda Laosdan topilgan. Og‘irligi ham salmoqligina. O‘shandan beri uni ulkan ovchi o‘rgimchak, deb atashadi. U to‘r to‘qimaydi. O‘z o‘ljasini poylab turib ovlaydi. Qushlarga ham bemalol hujum qila oladi.
7.Dunyodagi eng yirik o’rgimchaklardan biri goliaf qushxo’r o’rgimchagi (Theraphosa blondi) bo’lib, uni ilk marta 1804 yilda fransuz entomologi Pyer Andre Latrey kashf qilgan. Xalqaro o’rgimchaklar katalogi ma’lumotlariga ko’ra ushbu tur Venesuela, Braziliya va Gayana mamlakatlari hududida uchraydi. 1965-yilda Venesueladan tutilgan goliaf qushxo’r o’rgimchagining kattaligi 28 sm ni tashkil etgan.
Urg’ochisining tana o’lchami 100,4 mm ga, erkagida esa 85 mm ga yetadi. Boshko’krak qalqoni eni va bo’yi bir xildaligi bilan xarakterlanadi. Tanasining rangi to’q jigarrang tusda. Oyoqlari qizg’ish-jigarrang rangli tuklar bilan qoplangan.
O’rgimchakning nomi qushxo’r bo’lgani bilan ular juda kamdan-kam hollarda qushlarga hujum qiladi. Ularning odatdagi ozuqasini hasharotlar tashkil qiladi. Shunday bo’lsada ba’zida ilonlar, kemizuvchilar, ko’rshapalaklar, va kaltakesaklar bilan ham oziqlanib turadi.
Boshqa o’rgimchak va tarantullarning urg’ochilaridan farqli ravishda goliaf qushxo’r o’rgimchaklari ko’payish davrida erkagini yemaydi. Urg’ochilari 15-25 yil yashaydi, 3-6 yoshligidan boshlab ko’payishga kirishadi. Erkaklari esa 3-6 yil yashab, urg’ochisini urug’lantirgach halok bo’ladi. Urg’ochilari 200 tagacha tuxum qo’yadi, yosh o’rgimchaklar tuxumdan 8 haftalarda chiqadi.
Ushbu o’rgimchak turi nihoyatda noyobligi bois ularni o’zi yashaydigan mamlakat hududidan tashqariga olib chiqish qonun yo’li bilan taqiqlanadi. Bu o’rgimchak turini dunyoning turli mamlakatlaridagi o’rgimchak ishqibozlari tomonidan ekzotik tur sifatida parvarishlash juda qadrlansada, ularni topish nihoyatda mushkul sanaladi. Goliaf qushxo’r o’rgimchaklari inson uchun zararsiz tur hisoblanadi. Ular faqatgina hayotiga xavf tug’ilgandagina chaqishi mumkin, ularning chaqishi arining chaqishini eslatadi. Shunday bo’lsada o’rgimchak chaqqan teri sohasini yaxshilab tozalash tavsiya etiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.
1. Umurtqasizlar Zoologiyasi O.Mavlonov, Sh. Xurramov, X. Eshova
(O’zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti
Toshkent-2006)
2.O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasi 1-jild (Toshkent-2000)
3. Umurtqasizlar Zoologiyasi O.Mavlonov, Sh. Xurramov, Z.Norboev (Toshkent-2002)
4. И.Х. Шарова ЗООЛОГИЯ БЕСПОЗВОНОЧНЫХ. Москва, ”Владос”, 2004.-592 s. 341-384 betlar mazmun mohiyatidan foydalanildi.
5. Internet sayti uz.evanlakecavaliers.com
6. Internet sayti uz.atamiyme.com
7. Internet sayti uz.petmypet.ru
Do'stlaringiz bilan baham: |