II BOB.
2.1 XX asrning 20-30-yillarida madaniy qurilishining asosiy yo`nalishlari va muammolari.
Sho`rolar tomonidan 20-yillarning oxiri 30 yillarida amalga oshirilgan va o`zining mash`um oqibatlarini qoldirgan tadbirlardan yana biri qishloq xo`jaligini jamoalashtirish siyosati edi. Bu masala «Lenincha sosializm qurish rejasi» ning tarkibiy qismi hisoblanadi. 1921-1922 yillardagi agrar islohot, 1925-29 yillardagi yer-suv islohotlari sho`rolar hukumatini qoniqtirmadi. 1929 yil kuzidan boshlab yoppasiga kollektivlashtirish siyosati amalga oshirila boshladi. Ya`ni, kooperativlashtirishning xilma-xil shakllarini tugatish, mavjud bo`lgan bir qancha kooperativ tizimlarini davlatlashtirish yo`liga o`tdi. Kooperasiyalarni barcha turlari va sohalari buyicha rivojlantirish siyosatini yoppasiga jamoalashtirish yo`li bilan almashtirdi. Bu yo`l esa ixtiyoriylik prinsiplari asosida emas, balki «yuqoridan belgilash» yo`li bilan amalga oshirilardi. O`zbekiston kompartiyasi MQ 1930 yil 17 fevralda «kollektivlashtirish va quloq xo`jaliklarini tugatish to`g`risida» qaror qabul qildi. 1925-29 yillarda yer-suv islohoti davridayoq katta yer egalarining aksariyat qismlari tugatilgan edi. 1930 yil fevraldan boshlab avj olgan quloq xo`jaliklarni tugatish kompaniyasi davrida qonunlar qo`pol ravishda buzilib, inson huquqlari toptaldi. Natijada, Farg`ona, Bog`dod, Chust kabi tumanlarda jamoalashtirishga qarshi dehqonlar isyon ko`tardilar, bu harakatlar zo`rlik bilan bostirildi. Quloq xo`jaliklari ro`yxatini tuzishda yakka qishloq xo`jaligi solig`i to`laydigan, o`ziga to`q dehqon xo`jaliklari asos qilib olindi. Bu ro`yxat asosan moliya organlari tomonidan tuzilardi. Quloqlar ro`yxatini muttasil kengaytirib borish hisobiga nafaqat o`rta hol balki, kambag`allar ham yoppasiga kollektivlashtirish davri qatag`onlik siyosatining girdobiga tortildilar.
Faqat 1930 yilning o`zida respublikada «boy» yoki «quloq« xo`jaliklar toifasiga kiritilgan 2648 ta o`rtacha xo`jalik tugatildi. 1931 yilning avgustiga kelib yana 3828 ta «quloq xo`jaliklari» tugatildi, respublikadan tashqariga - Ukrainaga Sibir va Shimoliy Kavkazga 3871 «quloq oilasi» surgun qilindi. 1933 yilda surgun qilingan «quloq« xo`jaliklari soni 5500 taga yetdi.
1932 yil oxirlariga kelib barcha dehqon xo`jaliklarini 81,7 %, 1937 yilda 95 % , 1939 yilda 99,2 % i jamoalashtirilgan edi.
«Jamoalashtirish» ning ajralmas bo`g`ini bo`lgan davlat xo`jaliklarini MTS va sovxoz shaklidagi agrokorxonalarni tashqil qilishga ham jiddiy e`tibor berildi.
Yoppasiga jamoalashtirish Respublikamiz qishloq xo`jaligida paxta yakka hokimligining kuchayishiga sharoit yaratib berdi. 1929-1932 yillarda g`o`za ekiladigan yer maydonlari 550 ming gektardan 928 ming gektarga kengaytirildi, yalpi paxta hosili esa 652 ming tonnadan 750 ming tonnaga yetkazildi.1932 yili Respublika Sobiq Ittifoq bo`yicha paxta hosilining 60% ini berdi. Mana shu paytdan boshlab xorijdan paxta olib kelish to`xtatildi. Yuqorida ta`kidlanganidek yoppasiga jamoalashtirish va quloq xo`jaliklarini tugatish siyosati o`zining xunuk oqibatlarini qoldirdi:
1.Ma`lumki, chorizm hukmronligi davrida butun O`rta Osiyo xom ashyo bazasiga aylangan edi. Jamoalashtirish natijasida Respublikamiz qaytadan, balkim kuchaytirilgan formada xom ashyo omborxonasiga aylantirildi.
2.Odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini uyg`otdi, ko`plab odamlar boshqa joylarga qochishga majbur bo`ldilar, chorvalarni ko`p miqdorda suyib yubordilar, bu esa chorva tuyog`ini keskin kamayishiga olib keldi.
3.Ma`naviy va ahloqiy qadriyatlar toptaldi.
4.Minglab kishilar qatag`on qilindi, yohud Ukraina va Sibirga surgun qilindi.
5.Jamoalashtirish asrlar davomida shakllanib kelgan odamlardagi yerga bo`lgan egalik hissini yo`qotib, begonalik xislatlarini vujudga kelishiga olib keldi. Umuman qishloq xo`jaligini rivojlantirish o`rniga oxir oqibat uni tanazzulga olib keldi.
20-30 yillarda O`zbekistonda «madaniy inqilob» siyosati «shaklan milliy va mazmunan sosialistik» madaniyatni rivojlantirish qobig`iga o`rab amalga oshirildi.
Ma`lumki, O`zbek xalqi boy madaniy merosga ega bo`lib, u asrlar mobaynida sayqal topib kelgan. Sho`ro mustamlakachilari chorizm siyosatini davom ettirib, O`zbek xalqining boy madaniyatiga hujum uyushtirdilar, chunki ular xalqimizni ma`naviy, madaniy, tarixiy merosini yo`q qilmasalar O`zbekistonni o`z asoratlarida uzoq saqlab qololmasliklarini yaxshi tushunar edilar.
«Xoh o`tmishda, xoh bugun bo`lsin, boshqa millat, davlatni o`ziga qaram qilish niyatida harakat qilgan, qilayotgan kuchlar doimo bir siyosatni yuritganlar, yuritadilar: ya`ni qaram xalqning ma`naviy, madaniy, tarixiy merosini yo`q qilish, undan judo etish».
«Shaklan milliy va mazmunan sosialistik» madaniyat uchun kurash dasturi xuddi ana shu mudhish vazifani bajarishga xizmat qildi, bu g`oyani ijrochilari «madaniy inqilob» yasab, o`zlaricha bir zumda xalqimizni boy merosini yo`qqa chiqardilar, O`zbek xalqini yoppasiga savodsiz deb e`lon qildilar. 1925 yilda O`zbekistonda 97 ta vaqf maktablari va 1,5 mingdan ortiq eski «Qadim» va «Jadid» maktablari faoliyat ko`rsatmoqda edi. Ammo 1928 yilga kelib Sho`ro hukumati O`zbekistonda eski milliy maktablar faoliyatini batamom ta`qiqlab qo`ydi. Sho`ro hukumati respublikada milliy ta`lim va tarbiya tizimi ildiziga ikki marta halokatli zarba berdi. Birinchisi, 1929 yil 1 dekabrda arab alifbosiga asoslangan eski O`zbek yozuvining lotinlashtirilgan alfavit asosidagi O`zbek yozuvi bilan almashtirilganligi bo`lsa, ikkinchisi, 1940 yil 8 mayda «O`zbek yozuvini lotinlashtirilgan alfavitdan rus grafikasi asosidagi yangi alfavitga ko`chirish to`g`risidagi qonun» bilan amalga oshirildi.
Respublikada kommunistik mafkura manfaatiga xizmat qiluvchi xalq maorifi tarmoqlari muttasil o`sib bordi. 1921-1922 o`quv yilidayoq respublikada mingdan ortiq savod maktablari, savodsizlikni tugatish kurslari va tarmoqlari faoliyat ko`rsatdi, ularda 50 ming kishi xat savod chiqardi.
«Sovet davlatining statistik ma`lumotlarida ko`rsatilishicha 1924-25 yillarda O`zbekistonda 160 ta sovet tipidagi maktablar tashqil qilinib, ularda 17209 o`quvchi ta`lim olgan bo`lsa, 1941 yilga kelib maktablar soni 5504 taga va ularda o`qiyotgan o`quvchilar soni 1 mln.315 ming kishiga yetgan».
Bu yillarda respublika oliy o`quv yurtlari tarmog`i ham ortib bordi. 1918 yil 12 mayda Turkiston xalq milliy universiteti ish boshladi. Samarqandda O`zbekiston Davlat universiteti, Buxoro, Farg`ona, Namangan, Andijon, arg`ilon, Toshkent, Nukus, Xiva, Urganch shaharlarida oliy maktablar tashqil etildi.
«Agar 1932 yil respublikadagi 31 ta oliy o`quv yurtida 12,2 ming talaba o`qigan bo`lsa, 1941 yilga kelib ularda ta`lim olayotgan talabalar soni 18 ming kishiga yetdi. Shu bilan birga bu yillar davomida 10 ga yaqin o`rta maxsus o`quv yurtlari tashqil qilinib, ularda 15 mingga yaqin yoshlar turli malakalarga ega bo`ldilar».
Sho`rolar hukumati O`zbekistonda fan, ilmiy-tadqiqot yutuqlaridan ham o`z manfaati yo`lida ustamonlik bilan foydalandi. 1932 yilda O`zbekiston SSR Fan qo`mitasi tuzildi. 1940 yillarning boshida O`zbekistonda 60 dan ortiq maxsus ilmiy tekshirish muassasalari, laboratoriya va stansiyalar mavjud bo`lib, ularda nazariy va amaliy fan sohalari buyicha turli yo`nalishlarda ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. 1940 yil 9 yanvarda Fan Qo`mitasi Ittifoq Fanlar Akademiyasining O`zbekiston filialiga aylantirildi. Keyinroq 1943 yilda O`zbekiston SSR Fanlar akademiyasi tashqil etildi.
Respublikamizda ilmiy -tadqiqotlari rivojida birinchilar qatorida fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasini olishga mo`sharraf bo`lgan P.Soliyev, T.Koriniyoziy, I.Mo`minov, T.Sarimsoqov, Ya.G`ulomov kabi olimlarning xizmatlari salmoqlidir. Bu yillarda adabiyet va san`at ham turli to`siq va cheklashlar ta`siri ostida kommunistik mafkura asosida rivojlanib bordi. Dastlab adabiyot maydonida jadid ijodkorlar Munavvar qori Abdurashidxonov, M.Behbudiy, A.Fitrat, A.Cho`lpon, X.X.Niyoziy, S.Ayniy, A.Qodiriy, M.So`fizoda kabilar faoliyati yaqqol ko`zga tashlanadi.
20-yillarda ular bilan bir qatorda Oybek, Hamid Olimjon, G`.G`ulom, Uyg`un, U.Nosir, Elbek, Botu, Abdulla Kahhor, Mirtemir, S.Abdulla kabi yosh qalam sohiblari adabiyot maydoniga kirib keldilar va barakali ijod qildilar. Biroq ularning ko`plari mash`um qatag`onlik siyosatini qurboni bo`ldilar. Musiqa san`ati rivojiga Yunus Rajabiy, Muxtor Ashrafiy, To`xtasin Jalilov singari bastakorlar ulkan hissa qo`shdilar.
M.Uyg`ur, A.Hidoyatov, S.Eshonto`rayeva, S.Habibullayev, L.Narzullayev, X.Nosirova singari aktyorlarning ijodi O`zbek tayetri tarixini yorqin sahifasidir. 1929 yilga kelib O`zbekiston rasssomlar uyushmasi tashqil etildi. Bu davrda U.Tansiqboyev, CH.Axmarov, A.Abdullayev, B.Hamdamiy, M.Nabiyev va boshqalar katta ijodiy barkamollik erishdilar.
Lekin, 20-30 yillardagi amalga oshirilgan «madaniy inqilob» davrida juda katta xatoliklarga yo`l qo`yildi, hatto kechirib bo`lmas jinoyatlar sodir etildi. A.Qodiriy, Cho`lpon, Usmon Nosir, Otajon Xoshimov, Botu va boshqa iste`dodli ijodkorlar qatag`on qurboni bo`ldilar. Dinga qarshi kurash niqobi ostida masjidlar vayron qilindi. Arab yozuvidagi diniy va dunyoviy kitoblar yo`q qilindi. Ikki marotaba alfavitni o`zgartirish, xalqimizni ming yillar davomida shakllangan madaniy merosdan mahrum qilib qo`ydi. Ijodkorlardan faqat sosialistik tuzumni tarannum etishni, o`tmishni qora bo`yoqlar bilan tasvirlashni talab qilindi. Umuman bu sohada o`tkazilgan siyosat ham o`ta ziddiyatli bir tarzda amalga oshirildi. 1927 yilda respublikada «hujum harakati» boshlandi. Bu harakatni amalga oshirish chog`ida O`zbek xalqining tarixan tarkib topgan milliy ahloqiy sharqona an`ana va qadriyatlari hisobga olinmadi. Natijada, sovetlarning xotin-qizlarini ozodlikka chiqarish borasida shoshmashosharlik va zo`ravonlik usulida amalga oshirgan siyosati minglab ayollarning begunoh qurbon bo`lishiga sabab bo`ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |