Isyonning oqibatlari “Vabo isyoni” o‘sha paytdagi Chor ma’muriyatining o‘lkada olib borayotgan siyosati zo‘ravonlik ustiga qurilganini ko‘rsatib berdi. Albatta, bu borada mahalliy va rus tarixchilarining xulosalari turlicha va bir-biridan keskin farq qiladi. Ayrimlar isyonni milliy ozodlik kurashlarining debochasi deb hisoblaydi. Qo‘zg‘olon nimalarni o‘zgartirdi?
Qo‘zg‘olon rus ma’murlarini tashvishga solib qo‘ydi. General-gubernator markazdan politsiya shtatini ko‘paytirish va jazo vakolatlarini kengaytirishni so‘radi. Peterburg ushbu istaklarni qabul qildi va mustamlakachi ma’murlarga kengaytirilgan vakolatlar berildi. General-gubernator “qattiq qo‘riqlanadigan hudud” deya e’lon qilingan hududlarda namoyish va yig‘ilishlarni tarqatib yuborish, tijorat korxonalarini yopish, matbuotni taqiqlash, jarimalar joriy qilish, xohlagan kishini surgun qilish va boshqa huquqlarni qo‘lga kiritdi.
“Favqulodda qo‘riqlanadigan hudud”larda hokimiyat to‘liq general-gubernatorga yoki u tomonidan tayinlangan o‘rinbosarga topshirildi. Shuningdek, qo‘zg‘olonning kuch va qon bilan bostirilgani mustamlakachilarning o‘z manfaatlari himoyasi yo‘lida har qanday yo‘ldan qaytmasliklarini ko‘rsatib berdi. Bu yo‘lda ular mahalliy xalqning an’analarini, e’tiqodlarini, milliy qadriyatlarini oyoqosti qilishdan ham tap tortmasliklari ayon bo‘ldi. Bu bilan ular o‘lkaning haqiqiy hokimi kim ekanini ko‘rsatishga uringan bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas.
Xulosa o‘rnida Bunday qo‘zg‘olonlar mamlakat hukumati tomonidan qabul qilinadigan noto‘g‘ri qarorlarning natijasi ham bo‘lishi mumkin. Jumladan, yosh rus olimi Vladimir Xavkin 1892-yilda Paster institutida vabo epidemiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqib, uni sinab ko‘rish maqsadida Chor hukumatiga murojaat qiladi. Ammo Rossiya bu taklifni rad etadi. Rad etishining sababi esa gigiyenachilar va bakteriologlar o‘rtasidagi kelishmovchilik deb hisoblanadi.
Toshkent. Eski shahar bosh ko'chasi.
Foto: Wikipedia
Rossiyalik gigiyenachilar Pasterning tadqiqotlari Rossiyaning sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlariga soya solishidan xavfsirar edi. Xavkin ixtirolaridan Buyuk Britaniya yaxshigina foydalandi. Keyinchalik u Hindistonda ham bir vaksina amaliyotlarida ishtirok etdi. (HUTCHINSON J. F., Tsarist Russia and the Bacteriological Revolution, Journal of the History of Medicine and Allied Sciences, 1985, n°40, pp. 420-439). Rossiya ham Buyuk Britaniya kabi yo‘l tutishi mumkin edi. Ko‘pincha Markaziy Osiyodagi rus boshqaruv tizimi Hindistondagi ingliz boshqaruv tizimi bilan solishtiriladi. Sababi ikki imperialistik davlat XIX asrda Markaziy Osiyoda hukmronlikni qo‘lga olish uchun o‘zaro kurash olib borgan.
Xalq uchun qiyin bo‘lgan epidemik vaziyatlar mustamlakachi hukumatning mustamlaka aholiga nisbatan munosabatlarining asl qiyofasini ochib berishda yaxshigina vosita bo‘lib xizmat qildi. Chor ma’muriyati epidemiya paytida majburiy, eski tajribaga asoslangan choralar o‘rniga zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan foydalanganida, to‘g‘ri qarorlar qabul qilganida mahalliy aholi uchun ham tibbiy xizmatni joriy qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yishda “Vabo isyoni” yuz bermasligi mumkin edi.
Mahalliy aholining biomeditsinaga qamrab olinishi XX asr boshiga kelibgina yuz berdi. Bunda rossiyalik progressiv qarashdagi shifokorlarning Fransiyaning mag‘ribdagi koloniyalaridagi sog‘liqni saqlash tizimidagi tajribalaridan foydalanishlari sabab bo‘ldi