Shayxontohur tumani — Toshkentdagi maʼmuriy-hududiy birlik. 1929 yil Oktyabr tumani nomi bilan tuzilgan. 1992 yilda Shayxontohur (Shayx Xovandi Tohur) tumani deb oʻzgartirilgan. 1978 yildan hozirgi chegarada. Shimoli-gʻarbda Zangiota tumani, shimolida Sobir Rahimov, shimoli-sharqda va sharqda Yunusobod, janubida Chilonzor va Yakkasaroy, gʻarbda Akmal Ikromov tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 2,73 ming ga, shu jumladan koʻkalamzorlashtirilgan maydonlar 0,832 ming ga. Aholisi 263,1 ming kishi (2004). Koʻchalar soni 622 ta. Asosiy magistrallari: Abdulla Qodiriy, Navoiy, Uzbekistan, Beruniy shohkoʻchalari, Furqat, Uygʻur, Samarkand darvoza koʻchalari. Xalqlar doʻstligi, Xadra, Chorsu, Otstepa maydonlari, 48 ta mahalla bor.
Tumanda 3379 korxona va tashkilot mavjud. 9 sanoat korxonasi, shundan „Sharq guli“ badiiy, Toshkent tikuvchilik, „Orzu“ ishlab chiqarish birlashmalari, Toshkent matbaa kombinati, koʻnmoʻyna zavodi va boshqa ishlab turibdi. 3069 kichik va oʻrta biznes subʼyektlari qayd etilgan. Toshkentda 18 vazirlik, davlat qoʻmitalari va yirik idoralar, meʼmorlik va shaharsozlik bosh boshqarmasi, 11 loyihalash instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi, Seysmologiya, Polimerlar kimyosi va fizikasi, Mikrobiologiya institutlari, Arxitektura va qurilish, kimyotexnologiya institutlari, 16 oʻrta maxsus oʻquv yurti, 42 umumiy taʼlim maktabi va boshqa muassasa, tashkilotlar bor. 10 ta oilaviy va stomatologiya shifoxonasi, 18 poliklinika va ambulatoriya, 8 kasalxona xizmat koʻrsatadi. Mustaqillik yillarida tuman hududida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Islom universiteta, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litsey qurildi, Oʻzbek milliy akademik drama teatri, „Chorsu“ savdo markazi binolari hamda Eski joʻva bozori kayta taʼmirlandi.
Eng yirik guzarlari: „Gulzor“, „Ipakchi“, „Koʻkcha“, „Islomobod“. Tumanda „Yangi Kamolon“, „Huvaydo“, „Bogʻkoʻcha“, „Choʻponota“, „Ipakchi“ mahallalarida katta sport maydonlari mavjud. 562 oziq-ovqat, 346 sanoat mollari doʻkonlari, 174 maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, „Chorsu“ savdo markazi tuman aholisiga xizmat koʻrsatadi.
Oʻzbek milliy akademik drama teatri, Abror Hidoyatov nomidagi Oʻzbek davlat drama teatri, Satira teatri, Rus yosh tomoshabinlar teatri, sirk, „Sanʼat saroyi“, „Oʻzkoʻrgazmasavdo“ saroyi, 9 madaniyat uyi va muassasasi, Kino uyi, 22 jamoat kutubxonasi, 4 kinoteatr va boshqa, „Paxtakor“ stadioni, „JAR“ sport majmui, „Sharq“, „Xadra“, „Yoshlar uyi“, „Sun Shine Tyron“ mehmonxonalari ishlab turibdi. Tuman hududida meʼmoriy yodgorliklaridan Koʻkaldosh madrasasi (16-asr), Yunusxon (15-asr), Shayx Zayniddinbobo (13-14alar) maqbaralari saklangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |