8-BOB. BIZNESDA BOZOR KON’YUNKTURASINI O’RGANISHNING ASOSIY YO’NALISHLARI
8.1. Bozor kon’yunkturasining mohiyati va ahamiyati.
Bozor nima? Bozor - iste’molchi va sotuvchilarning xohish va istaklari mos kelib o’zaro tovar va xizmatlarni ma’lum bir qiymat evaziga ayirboshlaydigan joy. Bozor (market) - keng ma’noda muomala sohasi bo’lib, tovar ayirboshlash munosabatlari va jarayonlari majmuidir. Bunda tovar bilan oldi-sotdi munosabatlari tovar ishlab chiqarish, tovar ayirboshlash va pul muomalasi qonunlari asosida amalga oshadi. Ko’pincha, marketingdabozor deganda ma’lum tarmoq tovarlariga ehtiyoj sezuvchi va uni qondirish imkoniyatiga ega bo’lgan potensial iste’molchilarning majmui tushuniladi. Marketingda “bozor” tushunchasi tovar yoki xizmatlarni sotib oluvchilarning mavjud va potensial yig’indisi (jamlanmasi)ni bildiradi. Bu ibora bilan qandaydir umumiy belgilarga ko’ra birlashgan iste’molchilar guruhini anglatadi. (masalan, yuqori sifatli tovarlar xaridorlari bozori). Ma’lum ehtiyojlar (iste’molchilar) bozori, demografik bozor (uni, masalan, o’smirlar yoki katta yoshli odamlar tashkil etadi), geografik bozor (masalan, O’zbekiston bozori, Rossiya bozori yoki G’arbiy Evropa bozorlari) haqida gapirish mumkin. Marketingda bozor hamisha to’liq aniq holat. Har bir tashkilot aniq bozorda (bozorlarda) ishlaydi. Masalan, Koreyaning Sumsung firmasi mobil telefonlarining jahon bozorida, “Gloriya Jins” – Rossiya kiyim bozorida ishlaydi.
Bozor - tovarni xarid qiluvchi va sotuvchilarni har qanday kelishuvlar (shartnomalar) yordamida shu tovarni oldi-sotdi qilish bo’yicha munosabatda bo’lishidir. Bozor (market) – tovar xo’jaligining iqtisodiy kategoriyasi bo’lib, tovar ishlab chiqarish va Tovar muomalasi qonunlari asosida tashkil etilgan ayirboshlashdir. Boshqacha qilib aytganda, bozor - sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) va xaridor (iste’molchi)lar o’rtasida sodir bo’ladigan barcha iqtisodiy munosabatlar yig’indisini o’z ichiga oladi.
Bozor aloqalari va munosabatlari oldi-sotdi akti sifatida oddiy tovar ayirboshlashdan tubdan farq qiladi. Bu avvalambor tovar-pul munosabatlarining takror ishlab chiqarishning mumkinligi va zarurligi hamda tovar xo’jaligini yuritishning sharoitlarida ko’rinadi. Bozor mexanizmi xaridor talabini qondirishga, ishlab chiqarish harakatlarini qoplay olishga, barqaror ishlayotgan har bir korxonaning foydaliligini ta’minlashga, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, manfaatdorligini paydo qilishga va mahsulot sifatini oshirishga qodir xo’jalik yuritish qurolidir.
Bozor iqtisodiyotning aniq sohalarida yoki ma’lum joylarda talab va taklifning rivojlanish holatidir. Masalan, metall bozorida bahoning pasayishi yoki mehnat bozorida ishchilarning etishmasligi va hokazo.
Bozor ma’lum bir qiymatga ega bo’lgan turli xil obektlar bo’yicha tashkil etilishi mumkin. Masalan, iste’mol tovarlari bozori, qimmatli qog’ozlar bozori, mehnat bozori, kapital bozori,intelektual bozor, shou-biznes bozori va boshqalar shular jumlasidandir. Iste’molchilarning turiga qarab bozorlar iste’mol bozori va korxonalar (tashkilotlar) bozoriga bo’linadi.
Iste’mol bozori - bu tovarlarni va xizmatlarni o’zining shaxsiy ehtiyoji uchun sotib oladigan yakka shaxslar va oilalar majmuidan iborat bo’lib, ommaviy iste’molchilarga egaligi, raqobatning xilma-xilligi va markazlashmagan strukturaga ega ekanligi bilan xarakterlanadi.
Korxonalar (tashkilotlar) bozori esa o’z navbatida ishlab chiqarish - texnik maqsadlarda foydalaniladigan mahsulotlar bozori va davlat tashkilotlari bozoriga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |