I BO’LIM.
O’QUV MATERIALLAR
1.1.
MA’RUZALAR MATNLARI
1-MAVZU: IJTIMOIY TA’MINOTNING MOHIYATI, ZARURLIGI VA AHAMIYATI
MA’RUZA MASHG’ULOTI REJASI:
1.1.
Ijtimoiy ta’minotning mohiyati, zarurligi, ijtimoiy ta’minot bo‘yicha
konsepsiyalar, ularning mazmuni
1.2.
Ijtimoiy ta’minot xizmatlarining turlari
1.3.
Ijtimoiy ta’minotning funksiyalari
Tayanch so’z va iboralar:
ijtimoiy yordam; ijtimoiy sug’urta; ijtimoiy siyosat; ijtimoiy
ta’minot; ijtimoiy himoya.
1.1.
Ijtimoiy ta’minotning mohiyati, zarurligi, ijtimoiy ta’minot bo‘yicha konsepsiyalar,
ularning mazmuni
Ijtimoiy ta’minot doimo davlat va jamiyat hayotida markaziy va hal qiluvchi o‘rinni
egallab kelgan. Mamlakatda yashaydigan fuqarolarda o‘z hayot faoliyatining ma’lum
bosqichlarida va alohida holatlarda ijtimoiy ta’minot tizimi xizmatlariga ehtiyojlari yuzaga
keladi. Uning holati mamlakat iqtisodiy rivojlanish darajasiga, mamlakatda olib borilayotgan
ijtimoiy siyosatga, shuningdek, mehnatkashlarning hamda ma’lum sabablarga ko‘ra
ishlamaydigan aholi qatlamlarining ijtimoiy ahvoliga bog‘liq.
“Ijtimoiy ta’minot” tushunchasining mazmuni, uning holatini belgilab beruvchi omillar
bizning mamlakatimizda ijtimoiy ta’minot tizimining rivojlanishi bilan shakllanib bordi.
Iqtisodiy ta’limotlar va fanda “ijtimoiy ta’minot” tushunchasining turlicha talqin etilganligini
ko‘rish mumkin. Masalan, tarixan ancha ilgari yaratilgan rus izohli lug‘atida
1
ijtimoiy ta’minotga
“jamiyat tomonidan u yoki bu shaxsga hayot uchun etarli bo‘lgan moddiy mablag‘larni taqdim
etish” deb ta’rif berilgan, ushbu ta’rifda jamiyat a’zolariga jamiyat tomonidan taqdim etiladigan
yordamnnig turli shakllari ijtimoiy ta’minot hisoblanadi, degan fikr ilgari surilgan. Lekin bunday
yordamning shakllari va turlari turli-tuman bo‘lishi, turli toifadagi aholi qatlamlarini qamrab
olishi, turli manbalardan mablag‘ bilan ta’minlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning har bir
bosqichida o‘zgarib turishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, fanda ijtimoiy ta’minot
tushunchasi mazmunini yoritish bo‘yicha ikkita konsepsiya shakllanganligini ko‘rish mumkin:
iqtisodiy va huquqiy.
Iqtisodiy konsepsiya tarafdorlari ijtimoiy ta’minotga jamiyat a’zolari uchun ijtimoiy
iste’mol fondlaridan taqdim etiladigan yordamning barcha turlarini (shu jumladan, bepul ta’lim,
uy-joy bilan bepul ta’minlash, madaniyat muassasalarini saqlash, pensiya va nafaqalarning
barcha turlari, ayrim fuqarolarga ijtimoiy, tibbiy yordam ko‘rsatish va turli imtiyozlar berish)
kiritadilar. Bu konsepsiyaning asosini moddiy va moliyaviy ne’matliklarni ijtimoiy iste’mol
fondlari orqali taqsimlash usuli tashkil etgan.
Huquqiy konsepsiya vakillari ijtimoiy ta’minot jamiyatning barcha a’zolariga emas, balki
uning faqat alohida qatlamlariga – davlat tomonidan muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan
guruhlariga qaratilishi kerakligini e’tirof etganlar. Aholining bunday guruhlariga jamiyat
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining turli bosqichlarida turli toifadagi fuqarolar kiritilgan. Xususan,
sovet hukumati davrida ijtimoiy ta’minot bilan avval yollanib ishlovchi ishchi-xizmatchilar,
keyinroq kolxoz a’zolari, bolalar, ko‘p bolali oilalar, yolg‘iz onalar qamrab olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |