Ijtimoiy ta’minot tushunchasini o‘rgangan olimlarning izlanishlarini o‘rganish shundan
dalolat beradiki, ayrimlar ijtimoiy ta’minot faqat ayrim aholi qatlamlariga qaratilishi kerak, deb
da’vo qilsalar, boshqalar ijtimoiy ta’minot barcha aholiga qaratilgan bo‘lishi kerak, deb
ta’kidlaydilar va bepul ta’lim hamda bepul tibbiy xizmat va davolash xizmatlarini ham ijtimoiy
ta’minot tizimiga kiritadilar. Shuningdek, bir qator olimlar ijtimoiy ta’minot faqat davlat
budjetidan moliyalashtirilishi zarurligini ta’kidlasalar, boshqalari ijtimoiy ta’minotning
ko‘pkanalli moliyalash manbalari shakllanganligini va ijtimoiy ta’minot masalalari bilan
shug‘ullanadigan bir nechta mahkama mavjudligini e’tirof etadilar.
Bu borada A.Vahobov va T.Malikovlarning “Moliya” nomli darsliklarida berilgan
ta’rifga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning fikricha, “iqtisodiy kategoriya sifatida ijtimoiy ta’minotga
quyidagicha ta’rif berish mumkin: ... fuqarolarni moddiy ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish
uchun milliy daromadning bir qismi hisobidan pul mablag‘larining ijtimoiy fondlarini
shakllantiradigan va ulardan foydalanadigan taqsimlash munosabatlari tizimiga ijtimoiy ta’minot
deyiladi. Mana shunday keng ko‘lamda, ijtimoiy ta’minot fondlarini shakllantirish manbalari va
ta’minotni tashkil etishga bog‘liq bo‘lmagan holda jamiyatning barcha a’zolarini tegishli tarzda
ta’minlanishini o‘z ichiga qamrab oladi”
1
. Albatta, ushbu ta’rif ijtimoiy ta’minotning iqtisodiy va
huquqiy jihatdan mazmunini to‘liq yoritib bermaganligi bilan birga, mantiqan noaniq bayon
qilinganligini ta’kidlash kerak. Lekin ushbu mualliflar ijtimoiy ta’minotning mazmuni borasida
iqtisodchilar o‘rtasida yagona fikr mavjud emasligini haqli ravishda e’tirof etadilar.
Internet resurs manbalaridagi ma’lumotlarda, masalan jamoat ensiklopediyasida “ijtimoiy
ta’minot- keksaygan, mehnatga layoqatsiz bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga
moddiy, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha davlat tomonidan belgilangan ijtimoiy-
iqtisodiy tadbirlar tizimi bo‘lib, ijtimoiy himoyaning muhim tarmog‘i hisoblanadi”
2
, deb
ta’riflangan.
Ijtimoiy ta’minot tushunchasining talqiniga bo‘lgan qarashlarni inobatga olgan holda,
uning u yoki bu yordam turini ijtimoiy ta’minotga tegishli ekanligini belgilab beruvchi asosiy
zamonaviy mezonlarini (belgilarini) aniqlab olish lozim. Fikrimizcha, bunday belgilarga
quyidagilarni kiritish mumkin:
1)
moliyalashtirish manbalari:
barcha olimlar va tadqiqotchilarning fikriga qo‘shilgan
holda, ijtimoiy ta’minot davlat tomonidan shakllantiriladigan maxsus jamg‘armalar hisobidan
amalga oshirilishi lozim. Haqiqatan ham, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy
ta’minotni mablag‘ bilan ta’minlash quyidagi manbalar hisobidan amalga oshirilmoqda:
budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, davlat
budjeti (respublika budjeti va mahalliy budjetlar), kasaba uyushmalarining mablag‘lari (Kasaba
uyushmalari federatsiyasi kengashining ijtimoiy sug‘urta budjeti).
2) ijtimoiy ta’minot bilan qamrab olingan fuqarolar guruhlari:
huquqiy jihatdan “har kim
qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega”
3
. Fuqarolarning
bu huquqlari davlatimiz Konstitutsiyasi bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Konstitutsiyamizning
ushbu huquqlarni belgilab bergan 39-moddasining mazmunidan ham ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy
ta’minot fuqarolarning alohida toifalariga: qariyalar, nogironlar, bolalikdan nogironlar,
boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, vaqtinchalik mehnat qobiliyatini yo‘qotgan fuqarolar,
homilador ayollar, vaqtincha ishsiz maqomi berilgan fuqarolar, ijtimoiy yordamga muhtoj
yolg‘iz fuqarolarga qaratiladi.
Ijtimoiy ta’minot turlarining
ko‘pligini e’tirof etgan holda, har bir turining
asosiy maqsadi
– fuqarolarning alohida toifalarining ijtimoiy ahvolini jamiyatning boshqa a’zolarining holatiga
yaqinlashtirish, ular orasidagi ijtimoiy farqlarni kamaytirish, yuqori moddiy xarajatlarni yohud
qo‘shimcha jismoniy, ruhiy va ma’naviy harakatlarni talab qiluvchi turli hayotiy hodisalar tufayli
yordamga muhtoj bo‘lib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvatlashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: