barqarorlashtiruvchi bir qator layoqatlari, ya’ni uning mamlakatdagi iqtisodiy faoliyatni qandaydir boshqaruvchi organlarning bevosita aralashuvlarisiz tartibga solish imkoniyatini beruvchi ayrim xususiyatlari tushuniladi (5-chizma).
Buni quyidagi vaziyat orqali qarab chiqamiz. Ishlab chiqarishning birdaniga va tez o’sish holatini yumshatish uchun byudjet ortiqchaligi, ya’ni byudjet daromadlar qismining xarajatlar qismiga nisbatan ortiqcha bo’lishi zarur. Boshqa tomondan e’tibor qaratilsa, bunday «yumshatish» uchun aksincha, byudjet kamomadi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
6-chizma Fiskal siyosat, uning maqsadi va amalga oshirishning iqtisodiy dastaklari1.
Shunday qilib, iqtisodiyotni tartibga solishni faqat avtomatik ravishda barqarorlashtiruvchi vositalar yordamida amalga oshirish mumkin emas, shu sababli davlatning diskretsion siyosati bunga zaruriy to’ldiruvchi hisoblanadi.
Diskretsion fiskal siyosat - bu milliy ishlab chiqarish real hajmlarini o’zgartirish, bandlik darajasini ushlab turish va inflyatsiya ustidan nazoratni o’rnatish hamda iqtisodiy o’sishni ta’minlash maqsadida soliqlar bilan birga, davlat xarajatlarini ongli ravishda manipulyatsiya qilish tushuniladi.
Diskretsion fiskal siyosatining asosiy dastaklari quyidagilar hisoblanadi:
faqat sarf-xarajatlar bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy ishlar va boshqa dasturlari;
davlat buyurtma va xaridlari;
davlat investitsiyalari;
transfert yoki qayta taqsimlash turidagi xarajatlarni o’zgartirish;
soliqlarni boshqarish.
Shunday qilib, O’zbekistonda davlat fiskal siyosatining dastaklari hisoblangan quyidagi soliq turlari mavjud:
Daromad (foyda) solig’i. (to’lovchining yillik daromadidan chegiriladigan qismi);
Korxonalar foydasiga soliq. (Huquqiy shaxslarning sof foydasidan olinadi);
Ijtimoiy to’lovlar, har xil byudjetdan tashqari fondlarga (ishsizlik, pensiya va h.k.) yo’naltiriladigan, qisman ishlovchilar va ular ishlayotgan korxonalar mablag’lari hisobiga shakllantiriladi;
Mol-mulk soliqlari. Mulkdan, merosdan va hadya qilingan mablag’ hamda boyliklardan olinadi.
Tovar va xizmatlarga soliqlar. Birinchi navbatda bularga boj to’lovlari va aktsizlar, shuningdek qo’shilgan qiymat soliqlari kiradi.
Ko’rsatib o’tilgan soliq solish tizimidan fiskal siyosatning quyidagi asosiy printsiplarini ajratib ko’rsatish mumkin bo’ladi.
Birinchidan, soliq stavkasi darajasi soliq to’lovchilarning iqtisodiy imkoniyatlaridan ya’ni ularning daromadlari daraja-sidan kelib chiqib belgilanishi zarur. Chunki turli huquqiy va jismoniy shaxslarning iqtisodiy imkoniyatlari bir xil emas, ular uchun soliq stavkasi tabaqalashtirilgan tartibda belgilanishi kerak, shuning uchun daromadlardan olinadigan soliqlar progressiv (o’sib boruvchi) xarakterga ega bo’lishi zarur;
Ikkinchidan, soliqqa tortish bir martalik xarakterga ega bo’lishi zarur, aks holda bu iste’molchiga etib boradigan tovar bahosi asoslanmagan holda oshirilishiga sabab bo’lishi bilan bilan birga, mahsulotning raqobatbardoshligini pasaytiradi. Boshqa tadbirkorlarning iqtisodiy faollik ko’rsatishidan manfaatdorligini susaytiradi. Bu erda shuni ta’kidlash lozimki, ishlab chiqaruvchining sotishdan olingan butun tushumdan emas, balki ular tomonidan qo’shilgan qiymatdan soliq to’lashi alohida ahamiyatga ega. Biroq, mazkur muammo soliq qonunchiligida hozirgacha to’liq bartaraf qilinmagan, ko’pincha tovarlarni ishlab chiqarishning har bir bosqichida bir necha marta soliq solish holatlari uchrab turadi;
Uchinchidan, soliq to’lovining majburiyligi. Bunda milliy iqtisodiyotdagi soliq tizimi soliq to’lovchida bunday to’lovning muqarrarligi to’g’risida shubha uyg’otmasligi zarur. Jarima tizimi ham shunday bo’lish kerakki, bunda soliq to’lovchilarga to’lanmagan yoki o’z vaqtida to’lanmagan soliqlar, o’z vaqtida va vijdonan bajarilgan soliq majburiyatlariga qaraganda ham ancha samarali bo’lsin;
To’rtinchidan, soliq to’lov jarayoni soliq to’lovchilarga oddiy, tushunarli va qulay soliq yig’uvchi tashkilotlar uchun tejamli bo’lishi zarur;
Beshinchidan, soliq tizimi iqtisodiyotda yaratilgan YaMMni samarali qayta taqsimlanishini ta’minlashi kerak.
Shunday qilib, davlat tomonidan amalga oshiriladigan fiskal siyosat, mamlakat milliy iqtisodiyotida tashkil qilingan soliq tizimining asosiy qoidalariga javob berishi va iqtisodiyotdagi ichki o’zaro munosabatlarni tartibga solishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |