Kutilayotgan natijalar: talabalar "Kulturologiya" fanini va uning usullarini bilishlari kerak.
Seminar mazmuni. Birinchi savolda «madaniyat» tushunchasi, madaniyat haqidagi ta’limotlarning shakllanishi, madaniyatshunoslik fanining hayotiy ehtiyoj asosida paydo bo‘lishi, o‘zgarishi va boyishi, madaniyat va uning tabiatdagi farqi, madaniyat – tabiat, jamiyat, insonning o‘zaro munosabatlari o‘rganiladi. Shuningdek, mazkur savolda madaniyat va sivilizatsiya tushunchalari, ularning farqli va umumiy tomonlari o‘rganilib, madaniyatning jamiyat va shaxsning har tomonlama rivojlanishi uchun muhim omil sifatidagi o‘rni yoritiladi.
«Madaniyat» atamasi hozirgi zamon ilmiy adabiyotlarida rang-barang ma’nolarda ifodalanishi, «Madaniyat» va «Kultura» atamalari mutaxassislar fikriga ko‘ra aynan bir ma’noni anglatib, lotincha «ishlov berish», «parvarish qilish» ma’nosida kelishi, keyinchalik «ma’rifatli bo‘lish», «tarbiyali», «bilimli bo‘lish» mazmunida ishlatilishi, qadimgi Rimda «Madaniyat» - tushunchasi «hayotni ma’naviy jihatdan yanada yaxshilashga va tozalashga qaratilgan g‘amxo‘rlik» degan ma’noda ham foydalanilganligi, mashhur Rim faylasufi-notiq Sitseron ham «ruhiyat madaniyati» atamasini ishlatganligi, Yevropa xalqlarida XVIII asrning oxirlarigacha «Madaniyat» atamasi aqliy-axloqiy madaniyat tushunchasi sifatida o‘rganilishi yoritiladi.
Ikkinchi savolda Madaniyatshunoslik fani madaniyat to‘g‘risidagi fan bo‘lib hisoblanishi, ushbu fan insoniyat tomonidan yaratilgan moddiy va manaviy yutuqlarni, o‘zlashtirish va taqqoslashni amalga oshirishi, mazkur fan gumanitar fan sifatida tarix, sotsiologiya, politologiya, psixologiya, falsafa va boshqa bir qator fanlar bilan bog‘liq holda o‘rganilishi, turli tarixiy jarayonlarda turlicha tarzda namoyon bo‘lishi, mazkur fan ham boshqa fanlar qatori xolislik, haqqoniylik, ilmiylik tamoyillari asosida tadqiq etiladi.
Madaniyatshunoslik fanining predmeti insoniyatning qadimgi davrlardan to hozirgi kunga qadar bosib o‘tgan uzoq, ayni paytda murakkab moddiy va ma’naviy hayotining vujudga kelishi hamda rivojlanishi jarayonlarini o‘rganuvchi fan ekanligi, madaniyatshunoslik fani insonning oila, tabiat va jamiyat bilan hamkorlikdagi faoliyatini hamda kishilarning madaniy faoliyatlariga oid barcha jarayonlarni o‘rganadi.
Uchinchi savolda madaniyatshunoslik fanining yutuqlari va muammolari, moddiy va ma’naviy qadriyatlarni yaratish, tabiatni, jamiyatni va shaxsni o‘zgartirish borasidagi inson faoliyati – madaniyatning muhim sharti, madaniyat tarixiy jarayonda yaratilgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar majmui sifatida ekanligi, shuningdek shaxs madaniyat bilan quyidagi sohalarda munosabatda bo‘lishi, ya’ni:
1. Madaniyatni ta’sir etish ob’ekti sifatida o‘zlashtiradi;
2. Madaniy qadriyatlarni tashuvchi va ifodalovchisi sifatida konkret madaniy muhitda faoliyat ko‘rsatadi;
3.Madaniy ijod sub’ekti sifatida madaniyatni rivojlantirish sohalari bayon etiladi.
Shuningdek, madaniyatshunoslik fani madaniy tarixiy davrlarni tahlil qilishda bilishining uch bosqichini tabiiy birlikda olib qarashga harakat qiladi.
1) Aniq davrning yaxlit qiyofasini, ya’ni uning badiiy obrazini yaratishga intiladi;
2) Insoniyat borlig‘ining umumiy dinamikasida davrning ma’naviy o‘rnini aniqlaydi (ijtimoiy ong tarixida, fanda, san’at va falsafada o‘rganiluvchi davrga berilgan bahoning evolyusiyasini ham o‘z ichiga oladi);
3) Aniq davrning «mazmuni»ni tahlil qiladi, uning muammolarini bizga qanday ta’sir etishini, hozirgi vaziyatning sotsial va individual kamchiliklarini ko‘rsatadi.
Madaniyatshunoslik talabalarga jahon madaniyati va uning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston madaniy hayotining rivojlanish tarixi, xususiyatlari, o‘zaro aloqadorligi muammolari va istiqbollari to‘g‘risida bilim, ko‘nikma va malakalarni berish bilan ularni milliy madaniyatga va turli millatlar madaniyatlariga, qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalashda, madaniy va ma’naviy yodgorliklarga ijodiy munosabatda bo‘lishlarida ko‘maklashadi. Bu esa o‘z navbatida dunyo xalqlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni hamda turli yo‘nalishdagi umuminsoniy aloqalarni rivojlantirishda va mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |