9-bob. Soliq huquqbuzarligi uchun
javobgarlikka tortishning huquqiy asoslari
Ushbu bobda soliq huquqbuzarligi tushunchasi va o‘ziga xos xususiyatalari; soliq qonunchiligi bo‘yicha javobgarlik; soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik; soliq qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kabi masalalar yoritilgan.
9.1. Soliq huquqbuzarligi tushunchasi va o‘ziga xos xususiyatalari
O‘zbekiston Respublikasining bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tishi, tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berilishi bilan iqtisodiyot sohasida yangi ko‘rinishdagi qonun buzilishlarining sodir etilishiga ham sabab bo‘ldi. Bu birinchi navbatda davlat va mahalliy pul jamg‘armalarini (budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalarni) shakllantirishning asosiy manbasi hisoblangan – soliq solish tizimi bilan bevosita bog‘liq qonun buzilishlarini, uning turli ko‘rinishlarini keltirib chiqardi.
Huquq nazariyasida umume’tirof etilgan qoidadan kelib chiqadigan bo‘lsak, har qanday yuridik javobgarlikning asosida davlat majburlov choralari bilan himoya qilinadigan va ta’minlanadigan, huquqiy normalarning talablarini buzishga qaratilgan huquqqa xilof qilmish yotadi. Soliq qonunchiligini buzish ham huquqqa xilof qilmishning alohida bir turi sifatida namoyon bo‘ladi.36
Javobgarlik asosida qanday soliq qonunchiligi buzilishi turganligiga qarab, bu huquqqa xilof qilmishni moliyaviy, ma’muriy va jinoiy javobgarlik asoslari sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Shu sababli soliq qonunchiligini buzganlik uchun yuridik javobgarlikning asosini aniqlash - soliq solish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni samarali tartibga solishda katta nazariy va amaliy ahamiyatga egadir.
Soliqlar va yig‘imlar haqidagi qonun hujjatlarini buzish hamda uning xavfli shakllaridan biri bo‘lgan soliq jinoyatlarini sodir etish davlatning iqtisodiy xavfsizligiga zarar yetkazadi. Bunday xatti-harakatlar soliq solish tizimiga, davlat daromadlarini shakllantirish mexanizmiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki har bir davlatning soliq solish sohasiga uning himoyalanganligi yoki xavfsizlik darajasi katta ta’sir ko‘rsatadi. Soliq xavfsizligi – soliq tizimining holatini belgilab, soliqlar va yig‘imlarni undirish orqali davlat va mahalliy tuzilmalarni to‘liq va to‘xtovsiz moliyalashtirishni ta’minlaydi.
Soliq qonunchiligini buzishning asosiy ko‘rinishlaridan biri – bu soliq huquqbuzarligi (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi bo‘yicha esa soliqqa oid huquqbuzarlik) hisoblanadi.
Soliq huquqbuzarligi barcha huquqbuzarliklar singari, birinchi navbatda – qilmish, ya’ni harakat yoki harakatsizlikda ifodalanadi. Harakat shaxsning faol xulq-atvori, harakatsizlik esa shaxsga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganlikda ifodalanuvchi passiv xulq-atvoridir.
Soliq huquqbuzarligini sodir etishga qaratilgan qilmish (harakat yoki harakatsizlik) – qonunga xilof hisoblanadi. Soliq huquqbuzarligini sodir etish bilan soliq qonunchiligi normalarining talablari buziladi. Agar qilmish qonun hujjatlari talabalarini buzmasa, huquqbuzarlik hisoblanmaydi.
Soliq huquqbuzarligi – bu aybli qilmishdir. Soliq huquqbuzarligini sodir etishga qaratilgan qilmishda aybning mavjud bo‘lishi, ya’ni soliq huquqbuzarligi qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etilgan bo‘lishi lozim. Agar qilmishda ayb shakli mavjud bo‘lmasa, huquqbuzarlik hisoblanmaydi.
Soliq to‘lovchining Soliq kodeksida javobgarlik belgilangan g‘ayriqonuniy aybli qilmishi (harakati yoki harakatsizligi) soliqqa oid huquqbuzarlik, deb e’tirof etiladi.
|
Sodir etilgan qilmish bilan zararli oqibat o‘rtasida uzviy bog‘liqlik bo‘lishi lozim. Zararli oqibat aynan qonun hujjatida nazarda tutilgan qilmish natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi kerak. Agar bunday bog‘liqlik bo‘lmasa, qilmish – huquqbuzarlik hisoblanmaydi.
Soliq huquqbuzarligini sodir etishga qaratilgan qilmish uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lishi kerak. Agar qonun hujjatida javobgarlik nazarda tutilmagan bo‘lsa, bunday qilmish huquqbuzarlik hisoblanmaydi.
Huquqbuzarlik sodir etilganligini aniqlashda, uning yuridik xususiyatlari bilan bir qatorda yuridik tarkibining mavjud bo‘lishi ham lozim. Tarkib deganda, huquq bilan o‘rnatilgan va qilmishni huquqbuzarlik sifatida tasniflash mumkin bo‘lgan xususiyatlar yig‘indisi tushuniladi.
Har qanday huquqbuzarlik o‘zining tarkibiga ega bo‘lib, huquqbuzarlik obyekti, obyektiv tomoni, subyekti va subyektiv tomoni kabi elementlarni o‘zida birlashtiradi.
Soliq huquqbuzarligi obyekti bo‘lib, soliq qonun hujjatlari bilan qo‘riqlanadigan va tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.
Soliq huquqbuzarligining obyektiv tomoni – huquqqa xilof qilmishning tashqi ko‘rinishidir. “Qilmish”ning yuridik mazmuni - huquq normalari bilan o‘rnatilgan talabning buzilishiga olib keladigan harakat yoki harakatsizlikdan iborat. Harakat – huquqbuzar xulq-atvorining faol shakli bo‘lib, huquqiy taqiqlar (ya’ni daromadlarni yashirish yoki kamaytirib ko‘rsatish, buxgalterlik hisobotlariga noaniq ma’lumotlarni kiritganlik va boshqalar) bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Harakatsizlik – huquqbuzar hulq-atvorining passiv shakli bo‘lib, bajarilishi lozim bo‘lgan majburiyatning bajarilmaganligida (masalan, soliqlarni hisoblab chiqarish uchun zarur bo‘lgan deklaratsiyani, hisob-kitob va hisobotlarni taqdim etmaganlikda) ifodalanadi. Soliq huquqbuzarligi obyektiv tomonining xususiyatlari bo‘lib, nafaqat huquqqa xilof qilmish (harakat yoki harakatsizlik), balki uning oqibati hamda oqibat bilan qilmish o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish ham hisoblanadi.
Huquqbuzarlik subyekti – bu huquqbuzarlikni bevosita sodir etgan va javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lgan shaxsdir.
Huquqbuzarlikning subyektiv tomoni – huquqqa xilof qilmishning ichki tomonini ifodalovchi xususiyatlar yig‘indisidan iborat bo‘lib, huquqbuzarning sodir etilgan qilmish va uning oqibatlariga bo‘lgan ruhiy munosabati bilan tavsiflanadi. Boshqacha aytganda, huquqbuzarlik subyektiv tomonini ayb shakllari tashkil etadi.
Har qanday soliq huquqbuzarligi ikki shaklda: qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etiladi.
Soliq huquqbuzarligini qasddan sodir etish quyidagi elementlar bilan ifodalanadi: xatti-harakatning qonunga xilof ekanligini bilishi; qonunga xilof xatti-harakatdan zararli oqibatlar kelib chiqishiga ko‘zi yetishi; bunday oqibatlarning kelib chiqishini istashi; yoki ongli ravishda yo‘l qo‘yishi.
Soliq huquqbuzarligini ehtiyotsizlik orqasida sodir etish deganda, soliq huquqbuzarligini sodir etgan shaxs o‘z xatti-harakatining qonunga xilof ekanligi va zararli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini oldindan ko‘ra bilgan bo‘lsa ham, lekin ularning oldini olish mumkin deb o‘ylagan bo‘lsa yoxud bunday oqibatlarning kelib chiqishi mumkinligini oldindan ko‘rishi lozim va mumkin bo‘lgani holda oldindan ko‘ra bilmaganligi tushuniladi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, so‘nggi yillarda nafaqat soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashdi, balki tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatiga asossiz ravishda aralashishlarni oldini olish borasida ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga “Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar” bobi hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga “Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” boblari kiritildi. Unga ko‘ra xususiy mulk huquqini buzganlik; tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzganlik; litsenziyalash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik hamda imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llashni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish, qo‘llamaslik yoki qo‘llashga to‘sqinlik qilganlik va boshqa huquqbuzarlik va jinoyatlar uchun nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisiga nisbatan javobgarlik choralari belgilandi.37
Shuningdek, 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab: moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda insonning sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazilgan holatlar bundan mustasno, ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar (penyadan tashqari) qo‘llanilishidan ozod etilishlari; noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar huquqbuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran bir oy muddatda yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etilishlari; tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llanilmasligii; tadbirkorlik subyektlari hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida ariza bergan taqdirda davlat boji to‘lashdan ozod etilishi belgilandi38.
Do'stlaringiz bilan baham: |