13.4. Protsessual chiqimlarni undirish tartibi
Protsessual chiqimlarni undirish tartibi ham Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan bo‘lib, unga binoan protsessual chiqimlar Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, qoida tariqasida mahkumlardan undiriladi yoki davlat hisobiga o‘tkaziladi. Bunda sud protsessual chiqimlarni, tarjimonga to‘langan summadan tashqari, mahkumdan undirishga haqli. Protsessual chiqimlar jazodan ozod qilingan mahkum, shuningdek jazo tayinlanmagan mahkum zimmasiga yuklatilishi mumkin. Sud bir necha sudlanuvchini aybli deb topgan taqdirda, ularning har biridan qancha miqdorda protsessual chiqimlarni undirish lozimligini belgilab, bu holda sud aybning og‘ir yoki yengilligini, jinoyat uchun javobgarlik darajasi va mahkumlarning mulkiy ahvolini inobatga oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sud Plenumining 1998-yil
11-sentabrdagi “Jinoiy harakatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalasiga doir sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 21-son qarorida ish bo‘yicha bir necha shaxslar aybli deb topilgan taqdirda, sud xarajatlari mahkumlar zimmasiga ulardan birining ayb darajasi va mulkiy ahvoli inobatga olinib yuklatiladi35.
Protsessual chiqimlarni davlat hisobiga o‘tkazish tartibiga muvofiq, sudlanuvchi oqlangan yoki Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasida belgilangan reabilitatsiya asoslariga ko‘ra ish tugatilgan taqdirda protsessual chiqimlar davlat hisobiga o‘tkaziladi. Sudlanuvchi bir ayblov bo‘yicha oqlangan, boshqa ayblov bo‘yicha esa aybli deb topilgan bo‘lsa, sud u aybli deb topilgan ayblov bilan bog‘liq protsessual chiqimlarni to‘lashni uning zimmasiga yuklaydi.
Protsessual chiqimlar undirilishi lozim bo‘lgan shaxsning to‘lovga moddiy imkoniyati bo‘lmagan taqdirda chiqimlar davlat hisobiga o‘tkaziladi. Mahkumning protsessual chiqimni to‘lashi uning qaramog‘ida bo‘lganlarning moddiy ahvoliga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, sud mahkumni protsessual chiqimlarning hammasini yoxud bir qismini to‘lashdan ozod etishga haqli bo‘lib, mahkum huquqiy yordam uchun to‘lovdan ozod etilgan taqdirda advokat mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq protsessual chiqimlar, shuningdek tarjimonga beriladigan pullar davlat hisobidan to‘lanadi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga qonunda belgilangan tartibda chaqirilgan protsess ishtirokchisining uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmasligi oqibatida ishning sudda ko‘rilishini yoxud tergov harakatlari o‘tkazishni kechiktirish bilan bog‘liq protsessual chiqimlar ana shu kelmagan shaxsdan undiriladi.
Jamoat birlashmasi yoxud jamoaga yuklatiladigan moddiy javobgarlik:
advokat uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagani uchun tegishli advokatlar byurosiga, hay’atiga yoki firmasiga;
jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagani uchun tegishli jamoat birlashmasi yoxud jamoaga yuklatilishi mumkin.
Sud voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar yuzasidan protsessual chiqimlarni to‘lashni voyaga yetmaganning xulq-atvori ustidan tegishli nazorat yo‘qligida aybi bo‘lgan taqdirda voyaga yetmagan mahkumning ota-onasiga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yuklashi mumkin.
Jabrlanuvchining shikoyati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish yuzasidan sudlanuvchi oqlangan taqdirda sud protsessual chiqimlarni ish yuritilishiga sabab bo‘lgan shikoyatni bergan shaxsdan to‘liq yoki qisman undirishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2008-yil 12-dekabrdagi “Ruhiy kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 23-son qarorida36 sud xarajatlari, jumladan, huquqiy yordam ko‘rsatganlik uchun haq bunday shaxslardan Jinoyat-protsessual kodeksi 320-moddasiga ko‘ra, undirilmaydi va davlat hisobidan to‘lanishi belgilangan.
MAVZU BO‘YICHA XULOSALAR
Ushbu mavzuni to‘liq o‘zlashtirish uchun talabalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi tegishli normalarini hamda mavzuni yoritish doirasida qayd etilgan tegishli Oliy Sud Plenumi qarorlarini, shuningdek protsessual xarajatlarni qoplash tartibiga oid O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni atroflicha o‘rganishlari lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |