19-modda. Sud ekspertizasining sud ekspertlari komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi Sud ekspertizasi bir xil (komissiyaviy sud ekspertizasi) yoki turli xil (kompleks sud ekspertizasi) sud-ekspert ixtisosligidagi bir necha sud eksperti tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Sud ekspertizasining sud ekspertlari komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) yoki mazkur ekspertizaning o‘tkazilishini tashkil etuvchi davlat sud-ekspertiza muassasasi yoxud boshqa tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Sud ekspertizasini o‘tkazish topshirilgan sud ekspertlari komissiyasi o‘z oldiga qo‘yilgan masalalarni hal etish zarurligidan kelib chiqib, o‘tkaziladigan tekshirishlarning maqsadi, ketma-ketligi va hajmini kelishib oladi.
Sud ekspertizasini o‘tkazish topshirilgan sud ekspertlari komissiyasi tarkibidagi har bir sud eksperti tekshirishlarni mustaqil va alohida olib boradi, shaxsan o‘zi va komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan olingan natijalarni baholaydi hamda qo‘yilgan savollar yuzasidan o‘z maxsus bilimlari doirasida fikrlarini shakllantiradi.
Tekshirishlarning sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga kiritilmagan shaxslar tomonidan to‘liq yoki qisman o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
20-modda. Komissiyaviy sud ekspertizasi Komissiyaviy sud ekspertizasi o‘tkazilayotganda sud ekspertlarining har biri tekshirishlarni to‘liq hajmda o‘tkazadi va ular olingan natijalarni birgalikda tahlil qiladi.
Sud ekspertlari umumiy fikrga kelganidan so‘ng birgalikdagi xulosani yoki xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjatni tuzadi va imzolaydi.
Sud ekspertlari o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa beradi.
21-modda. Kompleks sud ekspertizasi Kompleks sud ekspertizasi ish uchun ahamiyatga molik holatlarni turli ilm sohalaridan foydalangan holda bir necha tekshirish o‘tkazish yo‘li bilangina aniqlash mumkin bo‘lgan hollarda tayinlanadi.
Kompleks sud ekspertizasini o‘tkazishda sud ekspertlarining har biri o‘z vakolati doirasida tekshirishlar olib boradi. Kompleks sud ekspertizasining xulosasida sud ekspertlarining har biri qaysi tekshirishlarni va qancha hajmda olib borganligi, qaysi holatlarni shaxsan o‘zi aniqlaganligi hamda qanday fikrlarga kelganligi ko‘rsatiladi. Sud ekspertlarining har biri xulosaning ushbu tekshirishlar bayon etilgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgar bo‘ladi.
Umumiy fikrni (fikrlarni), olingan natijalarni baholashga va ushbu fikrni (fikrlarni) shakllantirishga vakolatli bo‘lgan sud ekspertlari qiladi. Agar sud ekspertlari komissiyasi yakuniy fikrining yoki uning bir qismining asosi sifatida sud ekspertlaridan birining (alohida sud ekspertlarining) aniqlagan holatlari olingan bo‘lsa, bu haqda xulosada ko‘rsatilishi kerak.
Sud ekspertlari o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa beradi.
Agar kompleks sud ekspertizasini o‘tkazish davlat sud-ekspertiza muassasasiga topshirilgan bo‘lsa, unda ushbu ekspertizani tashkil qilish uning rahbari zimmasiga yuklatiladi.