Mikroblarning toksinlari. Patogen mikroblarning organizmga zaharli (toksik) ekanligi ularning eng muhim xususiyatidir. Patogen mikroblar ikki xil toksin: ekzotoksin va endotoksin ishlab chiqaradi.
Mikrob hujayrasidan tevarak-atrofdagi muhitga osongina diffuziyalanib chiqadigan zaharlarni ekzotoksinlar deyiladi. Endotoksinlar mikrobning hujayra tanasiga mahkam bogʻliq boʻlib, mikrob tanasi yemirilgandan keyingina yuzaga chiqadi. Hamma patogen mikroblarning endotoksinlari bor. Patogen mikroblardan faqat ba’zilari-difteriya tayoqchasi, qoqshol, gazli gangrena, botulizm tayoqchalari, stafilokokklar, streptokokklar va boshqa mikroblar ekzotoksin ishlab chiqaradi. Mikroblar organizmda, shuningdek laboratoriya sharoitida oziqli muhitlarda undirilganda toksin chiqaradi.
Ekzotoksin olish uchun mikroblar suyuq muhitlarda (bulyonda) 37°C da undiriladi. 5-12 kundan soʻng bunday bulyonda etarli miqdorda ekzotoksin toʻplanadi. Shunday bulyon filtrlansa, olingan suyuqlikda toksin boʻladi. Toksin borligini uni laboratoriya hayvonlariga ta’sir etishidan bilinadi. Toksin kuchini ta’riflash uchun ma’lum birlik bor, u Dlm (Dosis letalis minima) deb ataladi. Laboratoriya hayvonini ma’lum kunda oʻldiradigan minimal dozani toksin birligi deb qabul qilinadi. Masalan, difteriya zaharining toksin birligi (1 Dlm) 250 g vaznli dengiz choʻchqacini 4-kuni oʻldiradi.
Ekzotoksinlar kimyoviy tarkibi jihatidan oqsil moddalarga kiradi.
Ekzotoksinlarning xossalari. Ekzotoksinlar xususiyligi bilan ajralib turadi. Buning ma’nosi shuki, ekzotoksinlarning organizmga ta’siri muayyan organ va toʻqimalarning koʻproq zararlanishida koʻrinadi. Masalan, qoqshol ekzotoksini nerv sistemasiga zarar etkazadi, natijada bemorning muskullari tortishadi (spazm); difteriya ekzotoksini yurak-tomirlar sistemasiga, buyrak usti bezlariga zarar yetkazadi va hokazo.
Ekzotoksinlar birmuncha kam chidamliligi bilan ta’riflanadi; isitish, yorugʻlik va turli kimyoviy moddalar ta’sirida oson parchalanadi. Ekzotoksinlarning yana bir xossasi shuki, ular gʻoyat kichik dozada ta’sir etadi. Mikroblarning ekzotoksinlari eng kuchli zaharlardan biridir. Masalan 0,00001 ml qoqshol zahari oq sichqonni oʻldiradi; botulizm mikrobining toksini yanada kichik dozada ta’sir etadi.
Hayvon organizmiga kiritilgan ekzotoksinlar darhol ta’sir koʻrsatmay, muayyan inkubatsion davr – bir necha soat, bir sutkaga qadar va undan ortiq vaqtdan keyin ta’sir etadi. Ekzotoksinlarning turli kimyoviy zaharlardan muhim farqi ham shu.
Do'stlaringiz bilan baham: |