Mikrobiologiyaning hozirgi zamon biologiyasida tutgan oʻrni, roli va vazafalari. Mikrobiologiya biologiyaning nisbatan yosh tarmogʻi boʻlib, u kun sayin rivoj topmoqda. Biokimyo, molekulyar biologiya, biotexnologiya, agrokimyo, fitopatologiya, veterinariya, medisina, epidemiologiya, qishloq xoʻjaligi, sanoat, geologiya, genetika, kosmik mikrobiologiya va boshqa fanlar bilan chambarchas bogʻliqdir.
Qatiq, qimiz, pishloq tayyorlash, silos bostirish, sut kislotali bijgʻituvchi bakteriyalarning faoliyatiga bogʻliq. Nonvoychilik, turli ichimliklar (spirt, vino) va h.k. tayyorlash ham achitqilar ishtiroki bilan boradigan jarayonlardir. Koʻpgina foydali qazilmalarning (torf, toshkoʻmir, neft, temir, oltingugurt rudalarining) hosil boʻlishi ham bakteriyalar faaliyati bilan bogʻliqdir.
Chirituvchi bakteriyalar oʻsimlik qoldiqlari, hayvon jasadlari va boshqa chiqindilarni parchalab, er yuzini tozalaydi va tabiatda moddalarning aylanishini ta’minlaydi. Iflos suvlarni tozalash, koʻmir konlarida metan gazini parchalash va havoni tozalashda ham mikroorganizmlarning roli katta.
Mikroorganizmlarning tabiat, qishloq xoʻjaligi, sanoat va sogʻliqni saqlashdagi ahamiyati. Koʻpgina mikroorganizmlar turli fiziologik faol moddalar: fermentlar (biologik katalizatorlar), vitaminlar, aminokislotalar, biologik stimulyatorlar ya’ni oʻstiruvchi moddalar, vaksinalar va antibiotiklarni sintezlash xususiyatiga ega. Masalan, saxaromiset achitqilari 45-50% gacha oqsil sintezlay oladi. Ba’zi bakteriyalar antibiotiklar sintezlaydi. Masalan, tirotrisin, basitrasin, subtilin, polimiksin va boshqa birlari esa sirka kislotasini sintezlaydi. Aktinomisetlar va turli zamburugʻlar streptomisin, aureomisin, neomisin, tetrasiklin kabi antibiotiklarni sintezlaydi. Ya’ni hozirgi vaqtda ma’lum boʻlgan antibiotiklarning 2/3 ulushini aktinomisetlar sintezlaydi.
Dehqonchilikda ham mikroorganizmlar muhim rol oʻynaydi, chunki ularning faoliyati natijasida tuproqda oʻsimliklar uchun zarur boʻlgan oziq moddalar toʻplanadi, natijada tuproqning unumdorligi ortadi, ekinlarning hosili ham yuqori boʻladi.
Tuproqda boradigan jarayonlarning koʻpchiligi undagi mikroorganizmlarning faoliyatiga bogʻliq. Masalan, tuproqlarning hosil boʻlishi, yirga ishlov berish, yirni oʻgʻitlash, sugʻorish, tuproqda roʻy beradigan fiziologik ishqoriylik va kislotalilikni yoʻqotish, zax erlarning suvini qochirish, organik oʻgʻitlar tayyorlash, ularni saqlash va ulardan foydalanish mikroorganizmlarning faoliyati bilan bogʻliqdir.
Tuproqda uchraydigan azot toʻplovchi mikroorganizmlarni oʻrganish atmosfera azotidan foydalanish masalasini hal etishda muhim ahamiyatga ega. Akademik V.L. Omelyanskiy mikroblarni shunday xarakterlaydi: “Ular (mikroblar) hamma joyda bor... Ular koʻzga koʻrinmasdan, odamning hayot yoʻlida hamroh boʻladi”.
Lekin ba’zi bir mikroorganizmlar oziq-ovqat mahsulotlarni (goʻsht, baliq, don, kartoshka va rezavor mevalarni) buzadi yoki turli-tuman yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bu toʻgʻrida V.L. Omelyanskiy shunday degan: “Mana shu mikroskopik, lekin shafqatsiz dushman tufayli butun-butun bir viloyat xalqlarini qirib bitiradigan va qisqa muddat ichida yuzlab, minglab odamlarning yostigʻini quritadigan xavfli epidemiya paydo boʻladi”. Masalan, vabo, sil, gonoreya, difteriya, kuydirgi, qoqshol va boshqa kasalliklar shular orqali tarqaladi. Amerika Qoʻshma Shtatlarida 200 turdan ortiq bakteriyalar oʻsimliklarni zararlaganligi aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |