2009-2014-yillarda rejadagi investitsion loyihalar dasturi18
2013-yilning oxirigacha “O’zbekyengilsanoat” DAKda umumiy narxi 194,8 million dollarga teng bo’lgan 28 ta investitsiya loyihasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan edi. Bu loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish 3,7 mingdan ortiq ish o’rni tashkil etilishni ta’minlaydi. O’zbekistonda 2010-yilning dekabrida 2010-2015-yillar uchun yengil sanoatni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. U 55 ta loyihadan iborat bo’lib, mamlakatning turli hududlarida vertikal integrallashgan to’qimachilik majmualarini ham qamrab olgan. Investitsiyalarning jami narxi 3,8 million dollar. Chet el investitsiyalarini mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilishda O’zbekiston rahbariyati tomonidan yaratilayotgan qulay sharoitlar to’qimachilik sanoatida ham ijobiy natijalar bermoqda. Investitsiyalarning teng yarmi (1,9 milliard dollari) Singapur, Koreya, Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Shveytsariya kabi xorijiy mamlakatlarning kompaniyalariga tegishli. Hozirgi kunlarda O’zbekistonning to’qimachilik mahsulotlari MDHga, jumladan, birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasiga, Turkiya, Koreyaga eksport qilinmoqda.
Shular bilan birga, to’qimachilik sanoati va mashinasozligini rivojlantirish jarayoniga yosh kadrlarni, ayniqsa, kasb-hunar bitiruvchilarini jalb qilish, yangi tikuvchilik va boshqa turdagi korxonalarni ochib, ish o’rnini ko’paytirish rejalashtirilgan. Bular – to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar hisobidan barpo etiladigan istiqbolli ob’yektlarning bir qismini tashkil etadi, xolos.
Sohalar bo’yicha tahlil qiladigan bo’lsak, diversifikatsiya qilish natijasida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida iste’mol talabi va mamlakatimizning istiqbolini ko’zlagan holda, faol investitsiya siyosatini amalga oshirish orqali ichki va tashqi investitsiya mablag’lari jalb etilmoqda. Ayniqsa, investitsiya kreditlarini tarmoqlar bo’yicha diversifikatsiya qilish mamlakatimiz iqtisodiyotini bir tekisda rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. Xususan, 2011-2015-yillarda banklarning kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan jami 1084,2 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko’zda tutilgan. Jumladan, geologiya, issiqlik energiyasi majmuasi, kimyo, neftni qayta ishlash va metallurgiya sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirishga 37,3 foiz (405,2 million AQSH dollari), mashinasozlik, elektrotexnika aviatsiya sanoati majmuasini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish borasidagi loyihalarni moliyalashtirishga 18,1 foiz (195,7 million AQSH dollari), qishloq va suv xo’jaligi, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish bo’yicha loyihalarni moliyalashtirishga 6,4 foiz (69,8 million AQSH dollari), kommunal soha, transport, kapital qurilish, qurilish industriyasini rivojlantirish borasidagi loyihalarni moliyalashtirishga 9,3 foiz (101,2 million AQSH dollari), ta’lim, sog’liqni saqlash, ijtimoiy himoya, axborot tizimlari va telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish borasidagi loyihalarni moliyalashtirishga 4,7 foiz (51 million AQSH dollari), makroiqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish va hududlarni kompleks rivojlantirish borasidagi loyihalarni moliyalashtirishga 24,1 foiz (261,1 million AQSH dollari) investitsiya mablag’larini yo’naltirish mo’ljallangan19.
2014-yilda moliyalashning barcha manbalari bo’yicha kapital qo’yilmalarning umumiy hajmi 14 milliard 300 million dollarni tashkil etadi va bu ko’rsatkichning o’tgan yilga nisbatan 10,1 foizga o’sishi ta’minlanadi, asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2013-yilgi 23 foiz darajasida saqlab qolinadi. Barcha investitsiyalarning 73 foizdan ortig’i ishlab chiqarish ob’ektlarini barpo etishga, kapital qo’yilmalarning qariyb 40 foizi mashina va uskunalar sotib olishga yo’naltiriladi.
Joriy yilda 3 milliard 900 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya va kreditlarni o’zlashtirish, ularning hajmi o’tgan yilga nisbatan 29 foizga o’sishini ta’minlash mo’ljallanmoqda. Xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmida to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar qariyb 69 foizni tashkil etishi va ularning hajmi 2014-yilda 22,4 foizga ortishi alohida e’tiborga loyiq.
Bu yil umumiy qiymati 4 milliard 400 million dollar bo’lgan 150 dan ortiq yirik ishlab chiqarish ob’ektlarini ishga tushirish ko’zda tutilgan. Shular qatorida “Dehqonobod kaliyli o’g’itlar zavodining ishlab chiqarish quvvatini 200 ming tonnadan 600 ming tonnaga oshirish”, “Xorazm viloyatida “Damas” rusumidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Jizzax viloyatida 760 ming tonna portlandsement yoki 350 ming tonna oq sement ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish”, “O’zbekiston-Xitoy gaz quvurining uchinchi tarmog’ini qurishni nihoyasiga yetkazish”, “Sho’rtan va Alan konlarini obodonlashtirish va kompressor stansiyasini barpo etish” bo’yicha va boshqa muhim loyihalarni nihoyasiga yetkazish mo’ljallanmoqda.
Surg’il koni bazasida Ustyurt gaz-kimyo kompleksini qurish, Sho’rtan gaz-kimyo kompleksida ishlab chiqarilayotgan tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg’i ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish bo’yicha qurilish ishlari davom ettiriladi.
Elektr energetikasi sohasida Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 megavatt bo’lgan 2 ta bug’-gaz qurilmasini barpo etish yo’li bilan kengaytirish ishlari olib boriladi. Toshkent issiqlik elektr stansiyasida quvvati 370 megavatt bo’lgan bug’-gaz qurilmasi ishga tushiriladi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 megavatt bo’lgan ikkinchi bug’-gaz qurilmasini barpo etish orqali kengaytirish ishlari bajariladi.
Kimyo sanoatida Qo’ng’irot soda zavodining ikkinchi navbati quriladi va shuningdek, “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatida metanol, ammiak va karbamid ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish va boshqa loyihalar amalga oshiriladi20.
Bugungi kunda O’zbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va xorijlik investorlar huquqlarini himoya qilish bilan bog’liq qonunchilik bazasi yaratildi. Mamlakatimizda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish siyosati mavjud mablag’lardan, vaqt va imkoniyatlardan samarali foydalanishga, amaldagi shart-sharoitlardan kelib chiqib, boyliklarni samarali joylashtirish va shu yo’l bilan mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, uning jahon iqtisodiy tizimiga qo’shilishini rag’batlantirish yo’li investitsiyalarni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga jalb qilishga hamda ulardan samarali foydalanishga qaratilgan.
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, xorijiy sheriklar bilan o’zaro manfaatli hamkorlik yaxshi samaralar bermoqda. Negaki, O’zbekistonda xorijiy investorlar ishonchini mustahkamlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Mamlakatimiz davlat investitsiya siyosati uzoq muddatli istiqbolga mo’ljallangan bo’lib, investorlarning samarali ishlashi uchun zarur barcha sharoitni yaratib berishga qaratilgan. O’zbekistonning geografik jihatdan qulay yerda joylashgani, transport tarmog’ining rivojlangani, tabiiy resurslarning ko’pligi, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy infratuzilmaning yuqori darajada taraqqiy etgani, malakali kadrlarning mavjudligi va boshqa omillar investorlarga kelajakka ishonch bilan qarash imkonini bermoqda.
Har qanday ijtimoiy-iqtisodiy tizimning yashovchanligi va taraqqiy etishi ko’p jihatdan oqilona investitsiya siyosatiga bog’liq. Prezidentimiz so’zlari bilan aytganda: “Faol investitsiya siyosati mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash bo’yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning eng muhim sharti va manbai bo’lmog’i kerak. O’zbekistonda so’nggi 5 yil mobaynida investitsiyalarning yillik o’sish sur’ati 9 foizdan ziyodni tashkil etmoqda va bu dunyodagi yuqori, barqaror ko’rsatkichlardan biri hisoblanadi. Jahon miqyosida global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganini inobatga oladigan bo’lsak, bugungi murakkab sharoitda biz erishgan bu natijaning ahamiyati yanada yaqqol ayon bo’ladi”21.
Bugungi kunimizda butun jahonda kechayotgan shunday bir globalizatsiya jarayonida mamlakat davlatlararo integratsiyalashmagan holda milliy iqtisodiyotini o’sish sur’atlarida rivojlantirishi, boshqa dunyo mamlakatlari orasida iqtisodiy jihatdan raqobatbardosh bo’la olishi mumkin emas. Yaxlitlashib borayotgan jahon tizimiga kirib borishning muhim yo’llaridan biri bu mamlakatga xorij investitsiyasini keng jalb qilish, xorijiy investorlar uchun zarur va qulay shart – sharoitlarni yaratish va bu jarayondan unumli foydalanishdir.
Albatta, investor ham ayni paytda katta foydani ko’zlagan holda o’z kapitalini kiritadi. Lekin bu kapital ortidan investitsiya kirituvchi mamlakat uchun ham katta foyda kela boshlaydi. Bu birinchidan, mamlakat milliy iqtisodiyotida yangi tarmoq, yangi ishlab chiqarish vujudga keladi. Ikkinchidan, mamlakatda mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlaridan foydalanish yo’lga qo’yiladi. Uchinchidan esa, u mamlakat tabiiy resurslaridan unumli foydalanish targ’ib etiladi. To’rtinchidan, albatta, yangi ish o’rinlari yaratilishi bilan ishsizlik kamayishiga erishiladi.
Iqtisodiyotimizni jadal va muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, chuqur tarkibiy tub o’zgarishlarni, iqtisodiyot yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya hamda diversifikatsiya qilishni davom ettirish, biznes yuritish uchun yanada qulay investitsion va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, yuqori qo’shimcha qiymatga ega yuqori texnologik, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni, avvalambor, mamlakatimizdagi mavjud tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlash hamda iqtisodiyotimizning raqobat borasidagi boshqa ustunliklaridan foydalanish asosida eksportga yo’naltirilgan ishlab chiqarishlarni o’zlashtirish O’zbekistonni zamonaviy taraqqiy ettirishning strategik ustuvor yo’nalishlari hisoblanadi.
Kelgusi yillardagi ustuvor yo’nalishlardan biri mamlakatimizda, eng avvalo, jalb qilinayotgan to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, chet el investorlari uchun kafolatlar yaratish hamda ularning ishonchini mustahkamlash maqsadida yanada qulay investitsion muhitni shakllantirishdan iborat.
Hozirgi kunda Rossiyada ham mamlakatdagi mavjud investitsion muhitni yaxshilashga qaratilgan ko’plab islohotlar olib borilmoqda. Ushbu islohotlar iqtisodiyotdagi mavjud vaziyatni, albatta, yaxshilashga, uni o’nglashga yo’naltirilgan. Agar qilinayotgan islohotlar davrida muhim va zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmasa, investitsion muhit past darajada qolib ketishi va bu holat kelgusida iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga o’zining jiddiy salbiy ta’sirini ko’rsatishi ehtimoldan yiroq emas. Buning natijasida o’z-o’zidan ma’lumki, mamlakatning iqtisodiy rivojlanish ko’rsatkichlari pasayadi va bu holat aholining turmush darajasiga ham salbiy ta’sirini ko’rsatmasdan qolmaydi. Ya’ni iqtisodiy pasayish davrida ishlab chiqarishning kamayishi, buning natijasida ish o’rinlarining qisqarishi aholi daromadlarining pasayishiga, ularning turmush darajasining yomonlashuviga sabab bo’ladi.
Shu bois, ushbu holatlarga yuz tutmaslik uchun bunda, albatta, oqilona investitsiya siyosati muhim omil sifatida qaralmog’i lozimdir.
Investitsiyalarni jalb qilish orqali, tabiiyki, mamlakat iqtisodiyotining ko’pgina tarmoqlarini rivojlantirish imkoni yuzaga keladi, jumladan, investitsiya kiritish natijasida ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, korxonalarni texnik va texnologik jihatdan qurollantirish, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar va ko’rsatayotgan xizmatlar sifatini va raqobatbardoshligini oshirish orqali jahon bozorlariga chiqish imkoni tug’iladi. Bularning barchasi, albatta, hukumatning faol va oqilona investitsiya siyosati bilan bevosita bog’liqdir.
Xulosa so’nggida shuni aytishimiz mumkinki, mamlakat milliy iqtisodiyotini keng miqyosda rivojlantirish, iqtisodiyotda yangi tarmoqlarni yaratish, mamlakatning jahon xo’jaligiga integratsiyalashuvi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib, jahon bozoriga kirib borish va bular natijasi o’laroq, mamlakatda aholining ijtimoiy turmush darajasi yaxshilanishiga erishishda xorijiy investitsiyalarning o’rni beqiyosdir.
Shu o’rinda quyidagi takliflarni keltirib o’tish mumkin:
Qishloq xo’jaligi sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish orqali qishloq xo’jaligi infratuzilmasini yaxshilash. Shu orqali qishloq joylarda ko’plab ishlab chiqarish korxonalari, fabrikalar, turli xil sexlar qurish mumkin. Bu, o’z navbatida, ish o’rinlari yuzaga kelishiga sabab bo’ladi. Buning natijasida aholi ish bilan ta’minlanadi, uning daromadlari shakllanadi hamda turmush darajasi va farovonligi ortib boradi. Bularning barchasi o’z-o’zidan ma’lumki, mamlakat milliy iqtisodiyotining rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo’lgan omillardan biri desak, menimcha, adashmagan bo’lamiz;
Xorijiy investorlarni mamlakatdagi mavjud iqtisodiy vaziyatlar bilan xabardor qilish tizimini kuchaytirish orqali ularni mamlakatga jalb qilish va ularning huquqiy kafolati ta’minlanishiga erishish;
Mahalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun bir xil investitsion muhitni yaratish orqali xorijiy investorlarning ishonchini oshirish bilan milliy iqtisodiyotga investitsiyalarni ko’proq jalb qilishga erishish.
Do'stlaringiz bilan baham: |