4. O‘rta muddatli siklning bosqichlari
O‘rta muddatli siklni o‘rganish uchun uning asosiy bosqichlarini ajratib olish lozim (13.1-rasmga qarang). Odatda iqtisodiy sikl to‘rtta fazaga ajratiladi:
♦ inqiroz (siklik to‘lqinning trend liniyasi uzra joylashgan pasaytiruvchi qismi – a qism);
♦ depressiya (tushkunlik) – (siklik to‘lqinning trend liniyasi ostida joylashgan pasaytiruvchi qismi – b qism);
♦ jonlanish (siklik to‘lqinning trend liniyasi ostida joylashgan yuksaltiruvchi qismi – s qism);
♦ yuksalish (siklik to‘lqinning trend liniyasi uzra joylashgan yuksaltiruvchi qismi – d qism).
Inqiroz – qayta ishlab chiqarishning gurkirab rivojlanayotgan ishlab chiqarish mahsulotni sotish bilan bog‘liq keskin muammoga duch kelgan vaziyatidir. Bozorga taqdim qilingan tovar va xizmatlar to‘lovga layoqatli munosib talabni topa olmaydi. Sotilmay qolgan tovarlar tovar-moddiy zahiralarning to‘planib qolishiga olib keladi, foyda kamayadi, ishlab chiqarish hajmlari qisqaradi, investisiyalar hajmi ham qisqaradi, ishchi kuchiga bo‘lgan talabning pasayishi oqibatida ishsizlik ortadi. To‘lovga layoqali talabning kamayishi bularning barchasini yanada kuchaytiradi.
Depressiya bosqichida investisiyalash mutlaqo to‘xtaydi, iqtisodiyot turg‘unlikka yuz tutadi.
Jonlanish bosqichida so‘nishning eng quyi nuqtasidan o‘tiladi va iqtisodiyotning inqirozdan avvalgi holatiga asta-sekin qaytish boshlanadi. Ishsizlik qisqaradi, daromad va foyda o‘sadi, investisiya jarayonlari boshlab yuboriladi.
Nihoyat, yuksalish bosqichida iqtisodiyot gurkirab rivojlanadi, trend ijobiy (musbat) bo‘lganda ko‘plab makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha inqirozdan avvalgi vaziyatdagi dastlabki darajaga nisbatan yuqoriroq nuqtalarga erishadi, yuksalishning eng yuksak nuqtasiga, iqtisodiy siklning cho‘qqisiga yetib boradi, so‘ng yana inqiroz bilan almashadi.
U yoki bu mamlkatning iqtisodiyoti iqtisodiy siklning qaysi bosqichida ekanligini to‘g‘ri baholash uchun ekspertlar bir qator iqtisodiy indikatorlardan foydalanadilar, ya’ni asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasini baholaydilar. Qaysi ko‘rsatkichlarning tanlab olinishi mazkur iqtisodiy vaziyatda iqtisodiyotning holatini nima eng yorqin xarakterlashiga bog‘liq bo‘ladi.
Odatda, iqtisodiy sikl indikatorlari sifatida quyidagi ko‘rsatkichlar tanlab olinadi: jami ishlab chiqarish (YaIM yoki YaMM), ishsizlik darajasi, tovar-moddiy zahiralar va ishlab chiqarish omillari zahiralari, narx darajasi, pul massasining hajmi, pullarning aylanish tezligi, qisqa muddatli foiz stavkalari va hokazo.
U yoki bu makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning sikl bosqichlari bo‘yicha qaysi tomonga qarab o‘zgarayotganligiga qarab, ularni siklga hamroh (protsiklik - yuksalishda o‘suvchi, so‘nishda pasayuvchi ko‘rsatkichlar, masalan, jami ishlab chiqarish), siklga qarshi (so‘nishda o‘suvchi va yuksalishda pasayuvchi, masalan, ishsizlik) va asiklik (davriy bo‘lmagan, ya’ni iqtisodiy siklga bog‘liq bo‘lmagan) ko‘rsatkichlarga ajratiladi.
Tarixi XIX arslarning o‘rtalariga borib taqaladigan o‘rta muddatli sikllar haqida gap ketar ekan, ularga bir qator xususiyatlar xos bo‘lganligini ta’kidlash lozim.
Birinchidan, XIX asrning o‘rtalaridan boshlab kuzatilgan sikllar o‘zining intensivligi va davomiyligi ko‘ra xilma-xil bo‘lgan. Eng qisqa iqtisodiy sikl (1920-yillar) taxminan 2,5 yil davom etgan bo‘lsa, eng uzoq sikl (1970-yillarning boshi) 117 oy davom etgan.
Siklik tebranishlarning har xilligiga sabab bo‘ladigan omillar ichida ikkita asosiy sababni ko‘rsatib o‘tish joizdir:
♦ o‘rta muddatli sikllarning uzun to‘lqinlarning turli bosqichlarida uzoq muddatli sikllar bilan aralashib ketishi, bu o‘rta muddatli siklning dinamikasini o‘zgartirib (buzib) yuborishi mumkin;
♦ hukumatning barqarorlashtiruvchi makroiqtisodiy siyosatining ta’siri.
Ana shunday siyosat tufayli Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘rta muddatli siklning yuksaltiruvchi to‘lqini uzunroq, pasaytiruvchi to‘lqini esa qisqaroq bo‘lib bordi. Umuman olganda, ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarning hukumatlari makroiqtisodiy barqarorlashtirishni oqilona olib borishni, ya’ni so‘nish davrida iqtisodiyotni rag‘batlantirish va qayta ishlab chiqarish inqirozi xavfi mavjud bo‘lganda iqtisodiyotni biroz sekinlashtirib turishni o‘rganib oldilar.
Ikkinchidan, 1970-yillardan boshlab iqtisodiy sikllarning sinxronlashuvi yuz bermoqda: ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy siklning yuksaltiruvchi va pasaytiruvchi bosqichlari deyarli bir paytda boshlanayotganligi kuzatilmoqda.
Buning sababi – mamlakatlarning o‘zaro bog‘liqligining chuqurlashuvi, yagona global iqtisodiy makonning shakllanishi, bir mamlakat iqtisodiyotini butun jahon iqtisodiy xo‘jaligidan alohida qarash mumkin bo‘lmay qolganligidir. Jahon iqtisodiyotining bugungi kundagi yangi axborot texnologiyalari asosida globallashuv jarayoni iqtisodiy sikllarning sinxronlashuvini yanada intensivlashtirmoqda.
Uchinchidan, iqtisodiy sikllarning rivojlanish jarayoniga fan-texnika tarayoqqiyoti ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda. U asosiy kapitalning yangilanishini tezlashtirmoqda, bu esa inqiroz bosqichida nafaqat tovarlarni qayta ishlashga, balki kapitalning ham qayta ishlanishiga olib kelmoqda, ishlab chiqarish quvvatlarining to‘liq band bo‘lmaslik muammosi keskinlashmoqda, siklning dinamikasi ham tobora notekis bo‘lib bormoqda.
Transmilliy va ko‘pmillatli kompaniyalarning sikllarning sinxronlashuviga ham, iqtisodiy siklning bosqichma-bosqich amalga oshish jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatayotganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bunday kompaniyalar o‘z qo‘llarida ulkan hajmdagi kapitalni jamlagan bo‘lib, mamlakatlararo kapital o‘tkazish imkoniyatiga, demak, narxlarni yuqori darajada saqlab turish va hatto inqirozlar davrida ham daromadni qo‘ldan boy bermaslik imkoniyatiga egadirlar. Sikl yanada mavhumlashib, uning kelgusi rivojini oldindan mo‘ljallash qiyinlashib bormoqda.
Shuning uchun bugungi kungi hukumatlar oldida makroiqtisodiy prognozlarning to‘g‘riligini ta’minlash va iqtisodiyotni barqarorlashtirish borasida ushbu prognozlarga muvofiq chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat muhim va o‘ta murakkab vazifa turibdi.
Nazorat savollari
Iqtisodiy sikl indikatorlari sifatida qanday ko‘rsatkichlardan foydalaniladi?
Siklik tebranishlarning har xilligiga sabab bo‘ladigan omillar?
Siklik tebranishlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan tashqi sabablar?
Iqtisodiy sikllarning rivojlanish jarayoniga fan-texnika tarayoqqiyotining ta’sir qanday?
Mustaqil ish mavzulari
«Iqtisodiy kon’yunkturaning uzun to‘lqinlari» nazariyasining muallifi N.D. Kondratevning faoliyati.
O’rganilayotgan mamalakatlarda transmilliy va ko‘pmillatli kompaniyalarning iqtisodiy siklning bosqichma-bosqich amalga oshish jarayoniga ta’siri.
Do'stlaringiz bilan baham: |