Tadqiqotning o`rganilish darajasi. Buxoro amirligining tarixi qiziq va murakkabdir. Ko`plab olimlar Buxoro tarixi ustida tadqiqot olib borishgan. Shulardan biri Muhammad Ali Baljuvoniyning “Tarixi nofeiy ”(Foydali tarix) asaridir. “Tarixi nofeiy” asarida yozilishicha mazkur asarni muallif Buxoro va Samarqandda bo`lgan birodar va do`stlarining iltimosiga asosan yozganini aytib o`tgan. Dastlab mazkur asarni olim Ahror Muxtorov arab imlosida nashr ettirgan bo`lib, Muhammad ali Baljuvoniy to`g`risida o`z fikrlarni bildiradi: “Tarixi nofeiy ” nomli asar nafaqat O`rta Osiyo xalqlari tarixi bilan qiziqgan muxlislarga, balki tarixchilarga ham ma`lum emasdi. Asarning muallifi Muhammad Ali ibni Muhammad Sayid Baljuvoniyning o`g`li bo`lib, uni faqat qariya hamqishloqlari eslaydilar. Muhammad Ali rajab oyining 18-kuni hijriy 1341 (milodiy – 1923 yili, 12 fevral) sana Samarqand shahrining Tillakori madrasasida “Tarixi nofeiy ” asarini yozishga kirishib, hijriy 1346 yili muharram oyining 22-kuni (milodiy- 1927 yil 22 iyun) uni Baljuvonning Beshtang qishlog`ida nihoyasiga yetkazgan. Muhammad Ali Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsil ko`rib, bir muddat davlat ishlariga ham aralashib yurgan”.3
“Tarixi nofeiy ” asari 15 bob(maqsad)dan iborat. Asar boblarining nomlari keltirilgan bo`lsada, asarda faqat 7 ta bob mavjud. Qolgan boblarning nima uchun keltirilmaganligini aniqlay olmadik.
Mazkur asarning o`zbek tiliga tarjima qilinishida Shodmon Vohidovning xizmatlari katta. Domla asarni tadqiq qilib, o`z maqolasini e`lon qilgan.4 Shu bilan birga Ahror Muxtorovning tarjimasi asosida mazkur asarni Zoir Choriyev bilan birga o`zbek tiliga o`girib, nashr etishgan.5
“Tarixi nofeiy ” asari bizga ma`lum bo`lgan bir qator asarlarning ma`lumotlarini to`ldiradi, ba`zan yangicha talqin qilish uchun yordam beradi. Muhammad Ali bayon qilgan davrning ba`zi bir masalalari Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy, Sadri Ziyo, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo`jayev kabi mahalliy tarixchilarning asarlarida tadqiq qilingan.6 Shu bilan birga V.V Bartold, M. Andreyev va O. Chexovich, L.I.Rempel, A. Vil`danova, A.A.Semyonov, O.A.Suxareva, Q.Rajabovlar ham o`z asarlarida Buxoro tarixi, uning madaniy hayoti to`g`risida ma`lumot berganlar.7 Sho`ro qo`shinlarining Buxoro amirligini bosib olish voqealari tarixi bo`yicha Mirzo Salimbek, Alimova D, Rashidov U, Xoliqova R, Tuxtametov T, Ishanov A, Inoyatov X va boshqalar ham tadqiqot olib borganlar.8 Amirlikning boshqaruv tartibi va mansablari to`g`risida ham ko`plab olimlar ish olib borishgan.9
Do'stlaringiz bilan baham: |