O‘zbekistonda pedagogika yo‘nalishida 10 ta OTM tashkil etiladi
Prezident qarori bilan O‘zbekistonning 10 ta hududida pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha 8 ta institut va 2 ta universitet tashkil etiladi. Bundan tashqari, pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarning 2−4-bosqich talabalari uchun «4+2» shaklidagi ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident 24 iyun kuni «Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.
Hujjat bilan O‘zbekistonda pedagogika yo‘nalishida 10 ta OTM tashkil etilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 2−4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari «4+2» tartibida, shu jumladan darslarning 4 kuni OTMda, 2 kuni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash tartibida olib borilishi ta’minlanadi;
har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-o‘qituvchilarini ushbu muassasalarning budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xorijiy davlatlarga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuborish choralari ko‘riladi.
Belgilanishicha, 2023/2024 o‘quv yili qabulidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarining 14 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmaydi.
Ular:
Matematika va informatika;
Fizika va astronomiya;
Kimyo;
Biologiya;
Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari;
O‘zbek tili va adabiyoti;
Ona tili va adabiyoti (tillar bo‘yicha);
O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili;
O‘zga tilli guruhlarda rus tili;
Xorijiy til va adabiyoti (tillar bo‘yicha);
Chaqiriqqacha harbiy ta’lim;
Maktab menejmenti;
Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til (tillar bo‘yicha);
Maxsus pedagogika (faoliyat turlari bo‘yicha).
Shuningdek, ushbu ta’lim yo‘nalishlariga sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga ta’lim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi.
Ta’lim tizimi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash yangi bosqichga ko‘tariladi
O’zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, birinchi navbatda, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarini jadal suratlar bilan izchil rivojlantirishdan iborat. Bu vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirishda tarmoqlar uchun chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega salohiyatli yosh kadrlarni tayyorlash alohida o‘rin egallaydi.
Ushbu maqsad — inson kapitalini yuksaltirish O’zbekiston taraqqiyot strategiyasining eng muhim, uzviy qismlaridan biridir. Bu yo‘lda uzluksiz ta’lim tizimini har tomonlama rivojlantirish, uni malakali va amaliy tajribaga ega bo‘lgan shijoatkor mutaxassislar bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Islohotlar jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar tahlil etilib, qadamma-qadam hal qilib kelinmoqda. Keyingi davrda ta’lim tizimini rivojlantirish masalalarida Prezidentimizning qator muhim farmon va qarorlari qabul qilindi. Xususan, shu yil 21 iyunda imzolangan “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorlari mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, yangi, xalqaro miqiyosda e’tirof etilgan ta’lim dasturlarini va pedagogik texnologiyalarni joriy qilish hamda respublikaning barcha hududida malakali pedagog kadrlarni tayyorlashni samarali yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Toshkent davlat pedagogika universitetini ilg‘or xalqaro talablar asosida transformatsiya qilishni ko‘zda tutuvchi Prezident qarori bilan 2022 — 2026 yillarda ushbu oliygohni kompleks rivojlantirish dasturi va uning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Ushbu dasturga asosan universitetning ixtisoslik kafedralariga malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarni sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish uchun tegishli choralar ko‘riladi. Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi joriy qilinadi va universitetga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilib, talabalarni o‘qishga qabul qilish, o‘quv dasturlarini tanlash va to‘lov kontrakt tizimi parametrlarini aniqlashda katta erkinliklar yaratiladi.
Bu ishlarning amalga oshirilishi universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini vakolatli xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda ta’lim muassasasini oliy ta’lim tashkilotlarining nufuzli xalqaro reytinglariga kiritish imkonini beradi. Qaror bilan 2023 yildan boshlab dunyodagi eng nufuzli mingtalikka kiruvchi universitetlar bilan hamkorlikda 3 ta yo‘nalishda qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish belgilangan. Bunday dasturlar universitet bitiruvchilariga hamkor xorijiy universitetning diplomini olish imkon beradi.
Qarorga muvofiq, universitet tuzilmasida ta’lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalarning tatbiq etilishi, pedagoglarning kasbiy rivojlantirilishi va ta’lim tizimi mutaxassislarini qayta tayyorlashga ixtisoslashtirilgan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi ushbu oliygohga mamlakatimiz ta’lim sohasini ilmiy-metodik jihatdan ta’minlab beruvchi yagona markaz sifatida faoliyatini qaytadan tashkil etishga imkon beradi va mamlakatimizning to‘ng‘ich pedagogika markazi degan nomini yana bir bor tasdiqlaydi.
Pedagog kadrlarni tayyorlashni butun O’zbekiston bo‘yicha samarali tashkil etish va hududlardagi yuqori malakali pedagog kadrlarga bo‘lgan real talablarni to‘la qondirish maqsadida Prezidentimizning qarori bilan mamlakatimizda 10 ta yangi pedagogika oliygohi — Urganch, Namangan, Guliston, Samarqand, Andijon, Buxoro, Termiz va Qarshi shaharlarida pedagogika institutlari, Jizzax va Chirchiq shaharlarida esa pedagogika universitetlari tashkil etiladi. Ushbu yangi oliygohlar faoliyati joylardagi mavjud universitet va institutlarning pedagogika ta’lim sohalaridagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Pedagogika sohasidagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish uchun ularning ta’lim dasturlari xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda qaytadan ko‘rib chiqiladi va ta’lim dasturlarining halqaro standartlar klassifikatorlari va baholash dasturlariga mosligi ta’minlanadi. Pedagogik oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik mobillikni joriy etish maqsadida ularning o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari bir-biriga moslashtiriladi. Bunday yondashuv butun respublika bo‘yicha bir xil standartlarda mutaxassis tayyorlashga, professor-o‘qituvchilar, stajyor va doktorantlar uchun akademik almashuvlarga keng imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, qaror bilan talabalarning amaliy malakalari va pedagogik tajribasini shakllantirish maqsadida bakalavriatning 2-4 bosqichida o‘qiyotganlarga haftaning 4 kuni oliygohda nazariy bilimlar olish, 2 kuni esa bevosita maktabgacha ta’lim tashkilotlari yoki umumta’lim maktablarida amaliyot o‘tish tartibi belgilangan. Bunday yondashuv, shubhasiz, pedagogika oliygohlarini bitirib chiqayotgan mutaxassislarning nazariy bilimlar bilan birga amaliy ko‘nikmaga ham ega bo‘lishi va darslarni yuqori pedagogik saviyada bera olishini ta’minlaydi.
Pedagogika oliygohlarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida ularni zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari bilan ta’minlash, professor-o‘qituvchilarni ilg‘or xorijiy universitetlarga stajirovka va doktoranturaga yuborish chora-tadbirlari belgilangan. Shuningdek, ta’limning barcha bosqichida uzviylik va uzluksizlikni yaratish uchun Pedagogik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etiladi. Bunday Kengash mamlakatimizdagi uzluksiz ta’lim tizimining turli bo‘g‘inlaridagi barcha o‘quv dasturlarining o‘zaro uyg‘unlashishini ta’minlaydi.
Muxtasar aytganda, Prezidentimizning ta’lim sohasini chuqur isloh qilish va sifatini tubdan oshirish, uni xalqaro tajriba asosida yangidan tashkil etishga qaratilgan ushbu ikki qarori tizim uchun yuksak malakaga ega shijoatli kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqadi. Shu bilan birga, yangi O’zbekiston bunyodkori bo‘lmish yoshlarimizga eng ilg‘or ta’lim dasturlari asosida chuqur bilim olib, kelgusida mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib ulg‘ayishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.3
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. https://www.gazeta.uz/oz/2022/06/24/pedagogy/#
2. https://lex.uz/ru/docs/
3. https://yuz.uz/uz/news/talim-tizimi-va-yangicha-yondashuvlar
Do'stlaringiz bilan baham: |