O‘zbekiston Respublikasining davlat tomonidan muhofaza yetiladigan tabiiy hududlari
Respublikamizda ekoturizm rivojlanishi kerak bo‘lgan birinchi navbatdagi ekoturizm resurslari davlat muhofazasida ekanligini ko’rishimiz mumkin. Bu holat juda to‘g‘ri qaror qilingan. Dunyoning barcha davlatlarida ham tabiiy hududlar o‘zining o‘simliklar olami va hayvonot dunyosi bilan qattiq qo‘riqlanadi. Shu bilan birga ta’kidlash lozimki, juda ko‘plab davlatlarda, ayniqsa tabiatda noyob o‘simlik yoki hayvon turlari muhofaza qilinadigan qo‘riqxonalardan ham ekologik turizm maqsadlarida samarali foydalanishadi. Bunga misol qilib Afrika, Kanada, Amerika, Avstraliyadagi qo‘riqxonalar, rezervatlar va milliy parklar haqidagi kino seriallarning tobora ommaviylashib borayotganligini keltirish mumkin. Bu holatning eng muhim sababi, bu muhofazadagi manzillardan ekoturizmda foydalanishning huquqiy-qonuniy me’yorlari yaratilganligidir va bu qonunlarga «mehmonlar» ham «mezbonlar» ham qattiq rioya qilishadi. Respublikamizdagi tabiat qo‘riqxonalariga faqat ilmiy xodimlar kirishga ruxsat beriladi. Bu qo‘riqxonalarga xatto maxsus ilmiy ekspeditsiyalar ham O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ruxsatnomasini olishi kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda ekoturizmni rivojlanishini ta’minlaydigan asosiy chora va tadbirlar «O‘zbekistonda ekologik turizmni rivojlantirish Konsepsiyasi»da mukammal holatda berilgan. Ekoturizmning dunyoda tutgan o‘rni, mavqei hamda O‘zbekistondagi salohiyati va uning rivojlanishiga e’tiborga olgan holda «Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi» Vatanimizning muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarida ekoturizmning rivojlanishini ta’minlaydigan quyidagi asosiy chora va tadbirlar ishlab chiqdi:
Respublikamizda ekoturizm sohasida xizmat qiluvchi, jahon talablariga javob bera oladigan yuqori malakali mutaxassislarning yetishmasligini hisobga olgan holda, yosh mutaxassislarni ekoturizm rivojlangan mamlakatlarga (AQSH, Yaponiya, Kanada, Fransiya, Germaniya) malakalarini oshirish uchun o‘qishga, ishga yuborish.
Jahon andozalari va talablariga mos keladigan ilmiy va iqtisodiy asoslangan katta – kichik, qisqa va uzoq muddatga mo‘ljallangan loyihalar va biznes rejalar ishlab chiqib amalga oshirish (imtiyozli kredit asosida).
O‘zbekistonda ekoturizmning jahon talablariga javob bera oladigan moddiy-texnik, axborot tahliliy bazasini yaratish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish.
Vatanimizning tarixiy yodgorliklari, go‘zal va betakror tabiati, landshafti, nobotat va hayvonot dunyosi haqida bukletlar, turistik atlas va haritalar yordamida dunyo ekoturizm bozorida targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.
Baday-tuqay va «Jayron» ekomarkaziga qo‘shni hududlarda Markaziy Osiyoda qirilib ketishi xavfli bo‘lgan noyob hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish uchun Milliy bog‘lar tashkil qilish lozim.
O‘zbekiston viloyatlari bo‘yicha yangi ekoturistik dasturlar, yo‘nalishlar va haritalar tuzish kerak.
Ekoturizm sohasi bilan bog‘liq tashkilotlarga ko‘proq huquqlar, imtiyozli kreditlar berish, tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunga yekoturistlarga nisbatan huquqiy nazorat ishlarini yengillashtirish bo‘yicha ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozim.
Vatanimizning ekoturizmning taraqqiyot salohiyati nihoyatda katta va uni jadal sura’tlar bilan rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Faqat bu salohiyat va imkoniyatlardan jahonda ekoturizmi taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda oqilona foydalanish hamda ilmiy asosda xatolarsiz amalga oshirish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |