metodologik vazifasi
orqali ham namoyon bo‘lib, fanning o‘zi, tahlili va tamoyillari, olingan xulosalar,
tadqiq etilayotgan iqtisodiy qonunlar boshqa ijtimoiy va tarmoq fanlari uchun
uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi. «Iqtisodiyot nazariyasi» fanini chuqur o‘rganish,
uning qoida va tushunchalarini bilish boshqa iqtisodiy fanlarni o‘zlashtirish va
yanada rivojlantirishning garovi hisoblanadi.
Lekin hozirgi davrdagi bozor iqtisodiyotining ichki sir-asrorlarini, uning
haqiqiy qiyofasini, unda sodir bo‘lib turadigan nomutanosiblik, ishsizlik va
inqirozlar kabi nohush voqea va hodisalarning sabablarini sinchiklab o‘rganishga
intilayotgan o‘quvchi va talabalarimiz, iqtisodiyotning muammoli tugunlarini
echishga harakat qilayotgan rahbar xodimlar, iqtisodchi mutaxassislar, bozor
iqtisodiyoti bilan qiziqayotgan keng kitobxonlar ommasi talablariga javob
beradigan o‘zbek tilidagi adabiyotlar, qo‘llanmalar, ayniqsa, oliy o‘quv yurtlari
talabalari uchun tayyorlangan darsliklar yetarli emas. Darsliklar va o‘quv
qo‘llanmalari etishmasligi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari va kollejlardagi ahvol
o‘rganilib, mamlakatimiz prezidenti Sh.Mirziyoyevning Vazirlar Mahkamasining
2017 yil 14 yanvarda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida darslik,
maxsus va badiiy adabiyotga bo‘lgan real ehtiyojni o‘rganib, turli darsliklarni
yaratish, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, o‘quv yurtlari, kutubxona va axborot-
7
resurs markazlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘ygan vazifalaridan
1
, O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 oktabrdagi 816-son qaroriga
asosan qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan
ta’minlash hamda darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yangilab borish tartibi
to‘g‘risida Nizomi”dan kelib chiqib, “Iqtisodiyot nazariyasi” fani bo‘yicha mazkur
darslik qayta tayyorlandi.
Albatta, bu vazifaning uddasidan chiqish oson ish emas. Qo‘yilgan vazifaning
murakkabligi shundan iboratki, shu davrgacha dunyodagi hech bir mamlakat
iqtisodiy jarayonlarni boshqarish va harakatlarni uyg‘unlashtirishning bir
mexanizmidan butunlay boshqasiga birdaniga o‘tgan emas. Bu uzoq davrni talab
qiladigan jarayon bo‘lib, alohida davrni taqozo qiladi. Uning hamma uchun bir xil
bo‘lgan o‘lchami va nusxalari ham yo‘q.
Shunday ekan, bozor iqtisodiyoti davrini va mamlakatimizda hozirgi davrda
amalga oshirilayotgan tub iqtisodiy islohotlarni, o‘zgaruvchan xo‘jalik tizimini
faqat AQSh yoki Yevropa mamlakatlarida mavjud bo‘lgan, ko‘plari bundan 200-
300 yil oldin yozilib, eskirib ketgan, o‘z mamlakatlarida ham inqirozlarning oldini
olish, iqtisodiyotni tartibga solish yo‘llarini ko‘rsata olmagan va munozarali bo‘lib,
bizning real iqtisodiy hayotimizdan ancha uzoq bo‘lgan nazariyalar asosida
iqtisodiyotning rivojlanish yo‘lini yoritib bo‘lmaydi. Shuningdek, bizning iqtisodiy
tafakkur tariximizda uzoq vaqt hukmron bo‘lgan, iqtisodiy hodisalarni asosan
sinfiy nuqtai nazaridan va sinfiy kurash jihatlaridan olib qaragan, iqtisodiy
taraqqiyotning umuminsoniy tomonlarini keyingi o‘ringa surgan eski marksistik
yo‘nalishdagi aqida va qoidalarga asoslanib ham bozor xo‘jaligi hamda hozirgi
zamon iqtisodiyotida yuz berayotgan jiddiy o‘zgarishlarni va boshqa bir qator
voqealar, hodisalar va jarayonlarni tushuntirib bo‘lmaydi.
Mazkur darslikni tayyorlashda AQShda, Yevropa mamlakatlarida, Yaponiya,
Xitoy, Malayziya, Singapur va boshqa qator mamlakatlarda mavjud bo‘lgan
adabiyotlardagi g‘oyalar, shuningdek, klassik va hozirgi zamon iqtisodiy
nazariyalarining asosiy g‘oyalarini tanqidiy o‘rganib, ularning foydali ratsional
1
Shavkat Mirziyoyеv. Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining
kundalik qoidasi bo‘lishi kеrak. Mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va
2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar
Mahkamasining kеngaytirilgan majlisidagi ma'ruzasi // Xal? so‘zi, 2017 yil 16 yanvar.
8
mag‘zini olishga harakat qilingan. Shu bilan birga, jahonga mashhur alloma, davlat
arbobi sifatida tanilgan o‘tmishdagi vatandoshlarimiz tomonidan ilgari surilgan
iqtisodiy g‘oya va fikrlar, qoidalarning asosiy mazmuni darslikka kiritilgan. Bunda
u yoki bu guruhning yoki sinfning manfaati emas, birinchi navbatda,
umuminsoniy, umumdavlat manfaatlari va qadriyatlar, Vatanimiz iqtisodiy rivoji
manfaati asos qilib olingan va unga bir qadar ustuvorlik berilgan.
Darslikda mustaqil rivojlanayotgan Vatanimizning ravnaq topishi, bozor
iqtisodiyoti sharoitida yashashimiz, faoliyat ko‘rsatishimiz, iqtisodiy munosabatda
bo‘lishimizni hisobga olib, bozor iqtisodiyoti muammolarini, uning sabab-
oqibatlarini, qonun-qoidalarini, tushunchalarini, ularning qay darajada, qanday
shaklda amal qilayotganligini batafsilroq yoritishga harakat qilingan. Unda
iqtisodiy jarayonlarning faqat yuzaki, ko‘rinib turgan tomonlarigagina emas, shu
bilan birga, ularning ichki mohiyati, ziddiyatlari va bog‘lanishlariga, iqtisodiy
jarayonlarning sabab va oqibatlariga alohida e’tibor berilgan. Mazkur darslikda
O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish davri va hozirgi davrda respublikamiz
iqtisodiy taraqqiyotining muammolari, ayniqsa, qabul qilinayotgan qonunlar,
farmonlar va qarorlarda, prezidentimizning ma’ruza va nutqlarida bayon etilgan
iqtisodiyotni jadal rivojlantirish tamoyillari, yo‘nalishlari va xususiyatlari ham
qamrab olishga harakat qilingan hamda nazariyani amaliyotga yaqinlashtirish
maqsadida bozor iqtisodiyotining ko‘pgina umumiy qonun-qoidalari bevosita
O‘zbekiston hayoti misolida yoritilgan.
Darslikni tayyorlashda dialektik, ilmiy asbtraksiya, tahlil va sintez, tarixiylik
va mantiqiylikning birligi va boshqa qator ilmiy usullardan foydalanilgan. Bunda,
ayniqsa, har bir iqtisodiy voqea, hodisa, jarayon va tushunchalar bir-biriga qarama-
qarshi bo‘lgan ikki tomon birligidan iborat deb qaralib, ikki tomonlama yondashuv
va tahlil usuli kengroq qo‘llanilgan, shu yo‘l bilan yoritilayotgan masalaning asl
mohiyatini tushunish osonlashtirilgan. Asosiy iqtisodiy tushunchalarni soddaroq
qilib, oddiy tilda misollar, jadvallar, rasmlar va grafiklar asosida tushuntirishga
harakat qilingan.
Ushbu darslik yangi davlat standarti talablari bo‘yicha tuzilgan va Respublika
muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan dastur asosida yozilgan.
Unda dasturdagi mavzular asosan qamrab olingan, ko‘pgina materiallar imkon
9
darajasida qisqartirib berilgan. Shuning uchun matnda kamchilik va munozarali
jihatlar ham bo‘lishi mumkin.
Darslikni tayyorlashda o‘qitishning yangi pedagogik va informatsion
texnologiyalar talablari va xususiyatlari hisobga olinib, har bir bobdan keyin
xulosalar, asosiy tayanch tushunchalar va atamalar, shuningdek, takrorlash va
munozara uchun savollar ham berilgan.
Mazkur darslikning asosiy mazmuni 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan
tavsiya etilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
tomonidan nashr qilingan «Iqtisodiyot nazariyasi» ma’ruzalar matni, 2002 yilda
nashr qilingan «Iqtisodiyot nazariyasi» o‘quv qo‘llanmasi, 2005 yilda, 2010 yilda
va 2017 yilda nashr qilingan «Iqtisodiyot nazariyasi» darsliklarida bayon etilgan
bo‘lib, ko‘pchilikning muhokamasi va mulohazasidan o‘tgan. Ushbu darslikda
yuqoridagi kitoblarning asosiy mazmuni saqlanib qolingan holda, keyingi yillarda,
ayniqsa, hozirgi davrda mamlakatimiz iqtisodiy hayotida sodir bo‘layotgan
o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan tub iqtisodiy islohotlar, 2017-2021 yillarda
O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga
Murojaatnomasida belgilangan strategik vazifalar, shuningdek, AQSh, Yevropa
mamlakatlari, Rossiya va boshqa xorijiy mamlakatlar hamda mamlakatimizda chop
etilgan iqtisodiy adabiyotlardagi muhim deb hisoblangan g‘oyalar kiritilgan.
Shuningdek, ushbu darslikni tayyorlashda “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash
jarayonida xarajatlar miqdorini kamaytirish, tarkibini takomillashtirishning
fundamental (nazariy) asoslarini ishlab chiqish” mavzusidagi OT-F1-155 – raqamli
fundamental loyiha bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqot natijalaridan foydalanilgan.
Ushbu darslikda iqtisodiy jarayonlar, voqea-hodisalar obyektiv tahlil qilinib,
yetarli ilmiy-uslubiy asosda yoritishga harakat qilingan. Ushbu darslik talaba va
o‘quvchilarni nazariy va uslubiy bilim bilan qurollantirib, iqtisodiy jarayonlarni
bilishga, tafakkur qilishga va mustaqil ravishda tahlil qilishga o‘rgatadi degan
umiddamiz.
Iqtisodiyot nazariyasi bo‘yicha mazkur darslik asosan oliy o‘quv yurtlari
talabalari va magistrantlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, shuningdek, undan
10
akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlari va umumiy o‘rta ta’lim maktab
o‘quvchilari, katta-ilmiy-xodim-izlanuvchilar hamda iqtisodiyot nazariyasi
sohasidagi bilimlarga qiziquvchi barcha kitobxonlar ham foydalanishi mumkin.
Muallif darslikning tuzilishi, mazmuni, muammolarning bayon qilinish tartibi
va uslubi bo‘yicha bildirilgan har qanday taklif-mulohazalarni minnatdorchilik
bilan qabul qiladi va keyingi o‘quv qo‘llanma, darsliklar tayyorlashda hisobga
oladi.
11
Do'stlaringiz bilan baham: |