Yangi “siti"lar Toshkent iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Toshkentda bir necha “siti"larning qurilishi loyihalari jamiyatda qizg‘in baxs-munozaralar keltirib chiqarayotgan yana bir holat. Bu g‘oyani Toshkentning ko‘p markazliligini mustahkamlash va yanada qat’iyroq rasmiylashtirishga urinish sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Bir necha shahar markazlarini vujudga keltirish — zamonaviy shaharlar muammolarini (tiqilinchlar, yomon ekologiya, shahar hududlarining tanazzuli”) hal etishning yo‘llaridan biridir. Faqat bir “ammo” bor — Toshkent hozir ham ko‘p markazli shahar. Uning markazlari o‘tmishdagi shahar inshoot va binolarining o‘ziga xosligi va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi sharofati bilan shakllangan. Chilonzor savdo markazi, Farhod bozori, Qatortol ko‘chasi, “Xamza” metrosi atrofidagi hudud, Yunusoboddagi sobiq Universam va Petushok, “Buyuk ipak yo‘li” metro stansiyasi atrofidagi hudud (sobiq Maksim Gorkiy), TTZ bozori va Toshkentning boshqa ko‘plab joylari odamlar va biznesni o‘ziga jalb qiluvchi hududlar hisoblanadi, iqtisodiy faollikni markazlashtiradi. Ko‘pincha bu markazlar bozorlar va transport uzellari joylashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, bu tushunarli, negaki, odamlar va qatnovlarning yuqori oqimi biznes uchun juda muhim. Amalga oshirilgan ishlarning eng muhimi, ilgari yotoqxona hududlar hisoblangan joylar aralash foydalaniladigan makonga aylandi. Ularda nafaqat uy-joylar, balki magazinlar, restoranlar, xizmat ko‘rsatish obyektlari,ofislar va boshqa ko‘p inshootlar mavjud. Bu yerda ish o‘rinlari bor, bu yerda daromad olinadi, shu jumladan shahar byudjetiga daromad tushadi. Agar Toshkent xaritasiga savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlari, qahvaxona va restoranlar, ofislar binolari joylashuvi, soliq bo‘yicha tushumlarni kiritsak, shu zahoti shaharning iqtisodiy xaritasi qanday ekani namoyon bo‘ladi. Yangi “siti"lar loyihalari Toshkentdagi amaliy faollikning mavjud joylashuvini qanchalik e’tiborga olgani tushunarsiz. Yangi qurilishlar shahar iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi ham aniq emas. Yangi sitilar Toshkentning eski amaliy va savdo markazlari bilan raqobat qiladimi? Yoki biznes va odamlarni yangi maydonlarga jalb etish uchun eski markazlarni ma’muriy jihatdan tugatishga to‘g‘ri keladimi? Eng asosiysi yangi markazlar eskilaridan muvaffaqiyatliroq bo‘ladimi, odamlar va shahar uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratib, daromad keltira oladimi? Bu savollarga aniq ma’lumot va hisob-kitoblarga asoslangan, muqobil tahlillar bilan to‘ldirilgan javoblar kerak. Ular bugungi kunda shahar aholisini juda havotirga solayotgan masala — yerni musodara qilish va binolarni buzish, odamlar va biznes inshootlarini ko‘chirish to‘g‘risida asosli muloqot olib borish mumkin bo‘lgan baza bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |