Nazorat savollari
1. Tok yoki kuchlanishning amplitudali, o’rta, o’rta kvadratik, to’g’rilangan o’rta qiymati deb nimaga aytiladi?
2. Kuchlanishni (tokni) qanday koeffitsientlari amplitudali va o’rta, o’rta kvadratik va to’g’rilangan o’rta qiymatlar orasida aloqani o’rnatadi?
3. Nosinusoidal signalni o’lchashda nima sababdan metodik xatolik paydo bo’lishi mumkin?
4. Analog elektron voltmetrlarning qurilish sxemalarini keltiring.
5. Amplituda o’zgartgich ishini tushuntiring.
6. Nima uchun amplitudali o’zgartgich eng yuqori chastotali?
7. O’rta kvadratik o’zgartgich qanday ishlaydi?
8. Har xil chastota diapazonida quvvatni o’lchashning asosiy usullarini sanab o’ting.
9. Elektrodinamik vattmetrning ishlash printsipini tushuntirib bering.
10. O’YuCh diapazonida elektromagnit to’lqinlar quvvatini o’lchash xususiyatini tushuntirib bering.
11. O’YuCh quvvatini termorezistor usuli bilan o’lchashni tushuntirib bering.
12. Quvvatni o’lchashning kalometrik usul nimaga asoslanadi?
6-BOB. ELEKTR SIGNALLARINING
SHAKLINI KUZATISH VA TAHLIL QILISH
6.1. Elektron ostsillograflar
Ostsillografning vazifasi. Ostsillograf – elektr signallarini kuzatish va qayd qilish, shuningdek, ularning parametrlarini o’lchash uchun mo’ljallangan asbobdir. «Ostsillograf» so’zi lotincha «ostsilum» – tebranish va grekcha «grafo» – yozaman so’zlaridan kelib chiqqan. Shunday qilib, ostsillograf – tebranishlarni yozish (qayd qilish) asbobidir. Adabiyotlarda ko’pincha, «ostsilloskop» atamasi uchraydi. Uning asosida «skopeo» – kuzatish so’zi yotadi.
Hozirgi vaqtda «ostsillograf» atamasi qo’llaniladi. Bu atama tebranishlarni ham vizual kuzatish, ham ularni yozish uchun mo’ljallangan asbobni ifodalaydi.
Ostsillografning asosiy vazifasi turli elektr tebranishlarni grafik ko’rinishda (ostsillogrammalar shaklida) qayta tiklashdan iboratdir. Ostsillograf yordamida ko’pincha kuchlanishning vaqtga bog’liqligi dekart koordinatalar sistemasida kuzatiladi. x o’qi vaqt o’qi bo’ladi, y o’qi bo’ylab esa signal kuchlanishi qo’yiladi. Ostsillograf yordamida signalning turli parametrlari: amplitudasi, davomiyligi, chastotasi, modulyatsiya chuqurligi va boshqalar o’lchanishi mumkin.
Ostsillograflar elektromexanik va elektron ostsillograflarga bo’linadi. Birinchi holda ostsillogramma elektromexanik usulda, masalan, siyohli peroning qog’oz lenta (tasma) sirtiga nisbatan og’ishi bilan hosil qilinadi. Bunday tipdagi ostsillograflarning asosiy afzalligi – ostsillogrammaning hujjatli qayd etilishidir, bu sekin kechadigan jarayonlarni kuzatishda juda muhimdir. Tezkor jarayonlarni aks ettiradigan ostsillogrammalarni olish uchun elektron-nurli ostsillograflardan foydalaniladi, ularda lyuminestsentlovchi ekranning yorug’lanishini vujudga keltiruvchi elektron dasta elektr signali ta’siri ostida amalda bir onda og’adi.
GOST 9810-69 ga muvofiq, ostsillograflar «S» harfi bilan belgilanadi. Undan keyingi raqam asbob tipini tasvirlaydi, masalan, S1 – universal ostsillografni, S7 – tezkor ostsillografni, S8 – xotirlovchi ostsillografni, S9 – maxsus ostsillografni bildiradi. Sanoatda har bir tipdagi ostsillograflarning katta assortimenti ishlab chiqarilayotganligi sababli yana bir raqam – asbobning bir tipli ostsillograflar oilasidagi tartib raqami qo’shiladi. Masalan, S1-40 – universal ostsillografning to’liq belgilanishi. Yangi asboblarga yanada yuqoriroq tartib raqamlari beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |