5.2. Elektron voltmetrlarning umumiy tavsifi va tasnifi
Radioelektron texnikada kuchlanish asosan elektron voltmetrlar bilan o’lchanadi. Ular uchun quyidagilar xosdir:
1) ko’rsatishlarining keng chastotalar sohasida o’lchanayotgan kuchlanish chastotasiga kuchsiz bog’liqligi;
2) tadqiqot ob’ektidan arzimas (haddan tashqari kichik) quvvat iste’mol qilishi, ya’ni ob’ekt ish rejimiga juda kichik ta’siri, boshqacha aytganda, katta kirish aktiv qarshiligi (va kichik kirish sig’imi);
3) juda katta o’lchash diapazonida yuqori sezgirligi;
4) ko’rsatishlar o’rnatilish vaqtining kichikligi;
5) o’ta yuklanishga (asbob kirishidagi kuchlanish ruxsat etilganidan ortiq bo’lganida) chidamliligi;
6) tok ta’minot manbalarining zarurligi.
Elektron voltmetrlar turli belgilari bo’yicha tasniflanishi mumkin:
1) turlari, ya’ni vazifasi bo’yicha: kalibratorlar (V1), o’zgarmas tok (V2), o’zgaruvchan tok (V3), impulsli tok (V4), fazaga sezgir (V5), selektiv (V6), universal (V7) elektron voltmetrlar;
2) indikator tipi bo’yicha: raqamli (boshqa asboblar ichidagi kuchlanishni o’lchagichlar, ostsillografik indikator, neonli va boshqalar bo’lishi mumkin);
3) o’lchash metodi bo’yicha: bevosita o’lchash, o’lchov bilan qiyoslash; nolli (kompensatsion);
4) kuchlanishning o’lchanadigan parametri bo’yicha: cho’qqi (amplitudali), o’rtacha kvadratik va o’rtacha to’g’rilangan qiymatlar;
5) asosiy elektron asboblarning yasalish sxemasi tipi bo’yicha: yarimo’tkazgichli yoki integral sxemalardagi;
6) chastota diapazoni bo’yicha: past chastotali, yuqori chastotali, o’ta yuqori chastotali, keng diapazonli;
7) kirish sxemasi bo’yicha (tokning o’zgarmas tashkil etuvchisi bo’yicha): ochiq va yopiq (berk) kirishli.
5.3. Elektron voltmetrlarning tuzilish sxemalari
va ishlash printsiplari
Birinchi variant 5.3-rasmda keltirilgan. Bunday voltmetrning ish printsipi o’zgaruvchan kuchlanishni elektr o’lchash asbobi tomonidan o’lchanadigan o’zgarmas kuchlanishga o’zgartirishdan iboratdir. Bu sxema bo’yicha yasalgan asboblar katta darajali kuchlanishlarni o’lchash uchungina yaroqli. Ular past chastotali va yuqori chastotali o’lchash generatorlarida, uzatuvchi qurilmalarning quvvatli generatorlari modulyatorlarida kuchlanishlarni nazorat qilishda foydalaniladi.
Kichik kuchlanishlarni o’lchashda bu sxemaning sezgirligi etarli emas. Shu sababli bu kabi hollarda tarkibiga kuchaytirgich kirgan voltmetrlardan foydalaniladi. Bunday ikkita voltmetrning tuzilish sxemalari 5.5 va 5.6-rasmlarda keltirilgan. Bir qarashda ularning farqi muhim emasdek ko’rinadi. 5.5-rasmdagi sxemada kuchaytirgich o’zgartgichdan keyin, 5.6-rasmda esa oldin ulangan. Biroq bu voltmetrlarning texnik va metrologik xarakteristikalarida jiddiy farq qiladi.
5 .4-rasmdagi sxema bo’yicha yig’ilgan voltmetr katta chastota diapazoni bilan, 5.5-rasmdagi voltmetr katta sezgirligi bilan ajralib turadi. Bu o’zgarmas va o’zgaruvchan toklar kuchaytirgichlarining yasalish imkoniyatlari bilan tushuntiriladi.
O’zgaruvchan tok kuchaytirgichi ancha katta kuchaytirish koeffitsienti bilan yasalishi mumkin, biroq, afsuski, uning keng polosaliligini, ayniqsa, chastotaviy xarakteristikaning tekisligiga yuqori talablar qo’yilganda, ta’minlash ancha qiyindir. So’nggi talab muhim, chunki chastotaviy xarakteristikasining notekisligi asbobning ko’rsatishlari turli chastotalarda o’zgarishiga olib keladi.
5.5- rasmdagi sxema bo’yicha yig’ilgan voltmetr esa, aksincha, keng polosali asbobdir. Kirish qurilmasi va o’zgartgich yuqori chastotali detallardan tayyorlanishi mumkin, o’zgartgichdan keyin esa hech qanday chastotani chegaralashlar mavjud bo’lmaydi, chunki faqat o’zgarmas tok kuchaytiriladi. Biroq kuchaytirish koeffitsienti katta bo’lgan o’zgarmas tok kuchaytirgichini yasash qiyin. Gap shundaki, o’zgarmas tok kuchaytirgichida kuchaytirish kaskadlari orasida ajratish kondensatorlari bo’lmaydi. Xarorat o’zgarganida kuchaytirish elementlari orqali oquvchi toklar o’zgaradi. Birinchi kaskad ishchi nuqtasining dreyfi navbatdagi kaskad kirishida kuchlanishning o’zgarishiga olib keladi, bu kaskad uni kuchaytiradi va hokazo. Bu hodisa asbob kuchaytirishlarining nostabil bo’lishiga olib keladi. Shuning uchun uncha katta bo’lmagan kuchaytirish koeffitsienti bilan cheklanishga to’g’ri keladi.
5.6- rasmda universal voltmetr sxemasi tasvirlangan. Almashlab ulagich (AU) yordamida voltmetr rejimini almashtirish va o’zgarmas kuchlanishni ham, o’zgaruvchan kuchlanishlarni ham o’lchash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |