Geterodinli o’zgartirish. Chastotani geterodinli o’zgartirish radiopriyomniklarda keng qo’llaniladi. Biroq mazkur holda ikkita signalning chastotasini ular orasida faza siljishi saqlanadigan qilib juda aniq o’zgartirish zarur. 7.22-rasmda bunday o’zgartgichning tuzilish sxemasi ko’rsatilgan.
Oralaridagi faza siljishi o’lchanishi lozim bo’lgan signallar ikkita bir xil aralashtirgichga beriladi. Bu bilan bir vaqtda, ikkala aralashtirgichga bitta geterodinning o’zidan fg chastotali kuchlanish keltiriladi. Aralashtirgichlar chiqishlarida fg – f ayirma chastota kuchlanishlari hosil bo’ladi. Agar ikkala kanal identik (aynan) bo’lsa, u holda kuchaytirgichlar chiqishlarida hosil bo’lgan kuchlanishlar orasidagi faza siljishi φ ga teng bo’ladi. Uni past chastotali fazametr bilan o’lchanadi.
Chastotani o’zgartirish zarurat tug’ilgan holda ikki bosqichli bo’lishi mumkin.
Xatoliklardan qutilish uchun sxemani shunday rostlanadiki, bunda bitta manbaning o’zidan fazametrning ikkala kirishiga kuchlanish berilganida u nol siljishni ko’rsatsin. Manba kuchlanishini qarama-qarshi kirishlarga qayta ulanganda ham ko’rsatishlar o’zgarmasligi kerak.
Fazametrning keng chastotalar diapazonida ishlashiga berilgan diapazonda sozlanadigan geterodin, keng polosali aralashtirgichlar; attenyuatorlar va sxemaning boshqa elementlaridan foydalanish bilan erishiladi.
7.4. Amplituda-chastota tavsiflarni o’lchash
7.4.1. Amplituda-chastota tavsiflarini nuqtalar bo’yicha o’lchash
Amplituda-chastota xarakteristikalarini (AChX) mazkur o’lchash metodi ixtisoslashgan asboblarni talab etmaydi va etarlicha aniqdir. Uning kamchiligi past ish unumdorligidir. U nisbatan kam qo’llaniladi, biroq o’lchash metodikasi nuqtai nazaridan ahamiyatlidir. Bu metodning printsipi 7.23-rasmda tushuntirilgan.
T adqiq qilinayotgan ob’ektga (u, masalan, kuchaytirgich yoki filtr bo’lishi mumkin) generatordan sinusoidal signal beriladi. Generatorning parametrlari: chastotalar diapazoni, chiqish kuchlanishi, tadqiq qilinayotgan ob’ektning kutilayotgan xarakteristikalariga muvofiqlashtirilgan tarzda tanlanishi lozim. Ob’ektning kirishi va chiqishida o’lchanayotgan signalning amplitudasini o’lchaydigan voltmetr istalgan tipi bo’lishi mumkin, biroq tadqiq qilinayotgan ob’ekt aktiv elementlarga ega bo’lsa va signalning nochiziqli buzilishlari hamda uning oqibatida eng yuqori (oliy) garmonikalar paydo bo’lishini kutish mumkin bo’lsa, chiqishdagi signalni o’lchash uchun tanlovchi (saylanma) voltmetrni qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi.
O’lchash jarayoni tadqiq qilinayotgan ob’ekt kirishida sinusoidal signalning turli chastotalarini ketma-ket o’rnatish, kirish va chiqish signallarini o’rnatish hamda har bir chastota uchun uzatish koeffitsienti
k(f ) = Uchiq/Ukir
ni hisoblashdan iborat.
Bu metodni amaliyotda bajarish ma’lum o’lchash malakalarini talab etadi. Masalan, agar AChX katta farqlanishlarga ega (rejektorli va rezonans chastotalarning mavjudligi) bo’lsa, kirish signalini tanlashda e’tiborli bo’lish lozim. Boshlang’ich kirish signali sifatida qabul qilingan signal rejektsiya chastotalarida juda ham kichik bo’lib qolishi mumkin va chiqish signali voltmetr 2 tomonidan o’lchanmasligi ham mumkin. Kirish signali juda ham katta va rezonans chastotasida tadqiq qilinayotgan ob’ektda nochiziqli buzilishlar yuzaga kelishi ham mumkin, bu esa AChX ning ko’tarilish joyida uning «yalpoqlanishiga» olib keladi. Chastotalar qadamini ham to’g’ri tanlash lozim. Tanlash diskretligi qancha katta bo’lsa, o’lchashni shuncha tezroq bajarish mumkin, biroq grafikda eksperimental AChX yasaladigan nuqtalar siyrak joylashgan bo’lsa, xarakteristikaning qandaydir detallarining yo’qolish ehtimolligi shuncha ko’p bo’ladi.
Shunday qilib, bu jarayon sermehnat, uchta asbob ko’rsatishlarining sanog’ini ko’p marta olish, hisoblash operatsiyalarini bajarish va AChX grafigini grafik interpolyatsiyalab qo’lda chizilishini talab etadi. O’lchash ishi ancha vaqt davom etishi tufayli ta’minot kuchlanishi va xaroratning o’zgarishi bilan bog’liq xatoliklar bo’lishi mumkin. Biror-bir elementini almashtirilganidan so’ng, apparaturani sozlashda o’lchash protsedurasini qaytarishga to’g’ri keladi, bu esa ta’mirlash va sozlash ishlari kam unumli bo’lishiga olib keladi. Shu sababli AChX ni o’lchash jarayonini avtomatlashtirish zarurati yuzaga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |