To’ra Sulaymon she`riyatida metafora va metaforiklik
Metafora masalasi antik davrlardan boshlab o‘rganib kelinadi. Xususan, Arastu metafora so‘zini keng ma’noda, umuman, ko‘chma ma’noli so‘z ma’nosida qo‘llagan “Ritorika”da faylasuf bu fikrni aniq ifodalaydi: “Metaforaning to‘rtta turi ichida analogiyaga asoslanganlari alohida e’tiborga molik”1. U metaforaning poeziyadagi o‘rniga maxsus to‘xtalmasa-da, poeziya tili haqidagi mulohazalaridan buni bilib olish qiyin emas. Arastu fikricha, poeziya tili o‘ziga xos so‘z qo‘llashni taqozo etadi, toki tanlangan so‘zlar, bir tomondan, aniqlikni, ikkinchi tomondan, kundalik nutqdan farqlanib turishini ta’min etsin. Agar umumiste’moldagi so‘zlar poeziya tilining aniqligini ta’minlasa, “glossalar, metaforalar, bezaklar... oliyjanob va ulug‘vor” etadi, kundalik nutqdan farqlaydi. Yana “metafora yuksak darajada aniqlik, yoqimlilik va oxorlilik jozibasiga ega”2, undan o‘rinli va bilib foydalanish nutqni bezaydi. Ya’ni, Arastu o‘zi aytmoqchi “noodatiy so‘zlar”ni, jumladan, metaforalarni poeziya tilining belgilovchi xususiyati deb hisoblaydi va ularga g‘oyat katta ahamiyat beradi.
Hozirda badiiy adabiyotdagi metafora ma’no ko‘lamini ham benihoya kengaytirgan: o‘xshashlik asosida ko‘chma ma’noda qo‘llangan birgina so‘zni ham, matnning bir bo‘lagi (misra, band; jumla, abzats) da ifodalanuvchi obrazni ham, ba’zan esa butun boshli asarni to‘laligicha ham metafora deb atayveramiz. To‘g‘ri, keyingi ikki holni ba’zan “yoyiq metafora” yoki “metaforik obraz” deb aniqlashtiramiz, lekin ko‘proq qisqa qilib “metafora” deymiz. Ya’ni, agar avvaliga metafora terminida ma’no torayishi (umuman ko‘chma ma’nodagi so‘z – o‘xshashlik asosidagi ko‘chma ma’noli so‘z) yuz bergan bo‘lsa, yangi davrdan boshlab unda ma’no kengayishi jarayoni kuzatiladi. Natijada, endi metaforani juda keng, ya’ni poeziyada (umuman san’atda) gi bir narsa-hodisa mohiyatini ikkinchi bir narsa-hodisa orqali ochish deb tushunila boshlandi.
To‘ra Sulaymonning “Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor!” she’riga diqqat qaratsak:
Malak holatinda ko‘rgandim seni,
Qushlar qanotinda ko‘rgandim seni,
Kuychi bayotinda ko‘rgandim seni.
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor!3
Bu misralarda malak metaforasi ko‘chma ma’noda go‘zal ayol, nozanin yor ma’nosida qo‘llanilgan. Ushbu metafora inson qalbidagi atash imkoni bo‘lmagan holatlarni tasvirlab ko‘rsatish, shoir uchun his-tuyg‘uni ifodalash, she’rxon uchun esa qayta his qilib ko‘rishga imkon yaratgan.
Poetik metafora – obraz, u lisoniy metafora kabi atashga emas, ifodalashga qaratilgandir. Zero, poetik metafora so‘z yoki so‘zlardan tarkib topuvchi matn bo‘lgani holda, unda ifoda so‘z (yoki so‘z birikmasi, gap, matn) vositasida emas, balki uning yordamida yaratilgan obraz orqali amalga oshadi.
Ne dillarga g‘ulu sola keldilar,
Ne sanamlar ortda qola keldilar.
Ayamasdin o‘chin ola keldilar,
Qasosim bor deb bir To‘ra Sulaymonda4.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida “sanam” so‘ziga shunday ta’rif beriladi: “Sanam – but, sanam, manot. Toshdan, yog‘ochdan yoki metalldan inson qiyofasida (ko‘pincha go‘zal ayol obrazida) yasalgan va ziynatlangan but”5. Ushbu she’rda shoir sanam deb, go‘zal ayolga ishora qilgan.
Shoirning “Cho‘lpon” she’rida ham go‘zal ayol tushunchasi “koinotning ma’budasi” metaforik ifodasi orqali obrazli ifodalangan:
Yerda-Ko‘kda tengi topilmas
Koinotning ma’budasiman.
Sevmoqlikning, sevilmoqlikning
Ibtidosi, intihosiman6.
Ilohiy sanam, ma’buda, malak metaforalarida olamni anglashning diniy-germenevtik usulidan tashqari, tasviriy, tavsifiy vazifa ham mavjud. Shoir metaforaning ana shunday imkoniyatlaridan ham keng foydalana olgan shoirdir.
To‘ra Sulaymon she’riyatida teomorfik metaforalarning ham o‘rni katta. Teomorfik metaforalar o‘z mohiyatini iymon-e’tiqod, gunoh va savob, Ollohning qahridan qo‘rqish va Ollohga topinish kabi konseptual substansiyalari bilan tasdiqlaydi. Teomorfik metaforalar bilish jarayonida olamni anglashning yorqin modeli bo‘lib, ulardagi bu bardavomlik teomorfizmning mohiyati bilan izohlanadi.
Elnimas Arkni qo‘riqlar
Tunqator qo‘rg‘on aylanib.
O‘rda atrofi xatarli,
Yuribdi shayton aylanib7.
Shayton – iblis. Diniy nuqtai nazardan odamlarni din yo‘lidan ozdiruvchi, ularni gunohga, razolatga boshlovchi yovuz ruh yoki yovuz ruhlarning boshlig‘i. Ko‘chma na’noda ayor, quv, aldamchi odamga nisbatan qo‘llanilib, mataforik ma’no kasb etgan. Shoir “yuribdi shayton aylanib” deganda ham shunday odamlarga ishora qilgan.
Shunday omon-omonda,
To‘kinchilik zamonda,
Fashist degan yalmog‘iz
Urushdan ochdi og‘iz8.
“Yalmog‘iz xalq og‘zaki poetik ijodida keng tarqalgan, o‘ta xunuk kampir sifatida tasvirlanadigan, duch kelgan hamma narsani yutib yuboradigan afsonaviy maxluqdir. Ko‘chma ma’noda ham hamma narsani yeb-yutadigan, quritadigan, yuho”9.
Bu misralarda shoir fashistga yalmog‘iz sifatini berish orqali teomorfik metafora hosil qilgan. Ya’ni yalmog‘iz teomorfik metaforasining ma’no taraqqiyoti, asosan, tashqi belgilar asosidagi va bajarilish funksiyasi asosidagi o‘xshashlikka asoslangan.
Hissiyot – organizmning tashqi ta’sirlarga nisbatan o‘z-o‘zini himoya va idora etish yo‘li bo‘lib, ruhiy sinish va emotsional krizis holatlarda nutqiy aktlar hissiy-axborot yuklangan metafora yoki ramzlarsiz amalga oshmaydi. Shu sababli yashash-sinish-kurash-axloq-yuksalish-hayot konsepsiyasida teomorf metafora o‘zga bazaviy metaforalarga nisbatan nihoyat darajada faol va talab etiladigan metafora hisoblanadi10.
Inson tirik mavjudot sifatida salbiy yoki ijobiy xususiyatga ega bo‘lishi yoki unga munosabatdagi kishi uni shunday qabul qilishi mumkin. Shu sababli metaforalar ijobiy yoki salbiy metaforik ma’noda qo‘llanishi mumkin. Bunda ayrim so‘zlarning ijobiy, ayrimlari salbiy, ayrimlari esa har ikki ma’noda qo‘llanilishi kuzatiladi.
To‘ra Sulaymon lirikasida Tangri, pari, sanam, malak, farishta, gul, bulbul kabi metaforalar insonning ijobiy xususiyatlarini aks ettirish uchun qo‘llanilgan. Chunki bu leksemalar ma’nosida ijobiylik bo‘yog‘i mavjuddir:
Shu-shu ikki o‘rtada
Ulanar dil rishtasi.
Elnazar - qo‘rg‘on faxri,
Guljahon - farishtasi11.
Do'stlaringiz bilan baham: |