Mukammal raqobat va uning afzalliklari
Bozor tizimida raqobatning, asosan, ikki turi mavjud bo‘lib, ular mukammal va nomukammal raqobat deyiladi. Mukammal raqobat iqtisodiy adabiyotlarda sof raqobat ham deb aytiladi. Mukammal raqobat sharoitida bozorda barcha qatnashadi. Chunki bozor erkin munosabat bo‘lishini talab qiladi. Bozorda sotuvchilar va xaridorlar ko‘pchilik bo‘lib, ularda hech biri monopol mavqega ega bo‘lmaydi, zo‘ravonlik va majburlash yo‘li bilan o‘z izmini urgiza olmaydi, shuning uchun ham bunday bozor mukammal yoki sof raqobatli bozor deb aytiladi. Ko‘p sonli tovar ishlab chiqaruvchi korxonalar sof, erkin raqobat sharoitida, asosan, o‘z mahsulotlari narxi, sifati orqali bozorda raqobat qiladilar. Erkin raqobat sharoitida har qanday yangi korxonalar tarmoq bozoriga erkin kirishi va tarmoqdan erkin chiqib ketishi ham mumkin. Nomukammal raqobat deganda, odatda, bozorda raqobat cheklangan holda namoyon bo‘lishi tushuniladi, chunki unda ayrim monopoliyalar erkin, sof raqobat bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bunda bozorga tovarlarning katta qismini ko‘pchilik bo‘lmagan, ayrim monopollashgan firmalar taklif etadi, xaridorlar esa shu cheklangan sharoitda ularning tovarlarini olishga majbur bo‘ladilar. Nomukammal raqobatning quyidagi ko‘rinishlari bor. Biz ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz:
a) monopolistik raqobat — bu muayyan bir tarmoqda bitta firma yoki yirik korxona bo‘lib, u bozorni to‘la egallagan holda hukmronlik qiladi. Shu sababli, mahsulot (xizmat) narxini firmaning taklif hajmidan kelib chiqqan holda belgilaydi. Bu monopol korxonalar boshqa korxonalarning tarmoqqa kirishi uchun turli to‘siqlar qo‘yishga harakat qiladi va bu to‘siqlar yangi raqobatchilarning tarmoqqa kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Тo‘siqlar har xil ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Ular quyidagicha:
1) moliyaviy to‘siqlar — hozirgi zamonaviy korxonalar yirik ishlab chiqaruvchilar bo‘lib, yangi texnika-texnologiyaga asoslangan, ishlab chiqarish miqyosi juda katta kapital talab qiladigan bo‘lgani uchun bu tarmoqqa kirishga boshqalarning qurbi yetmasligi mumkin;
2) qonuniy to‘siqlar — hozirgi vaqtda dunyoning barcha mamlakatlarida monopoliyaga qarshi qonunlar qabul qilinganligiga qaramay, ayrim monopoliyalar davlat tomonidan litsenziya berishning cheklanishiga harakat qiladilar. Bu tarmoqqa kirish uchun qonuniy to‘siqlar yaratish hisoblanadi;
3) bozor iqtisodiyoti sharoitida xususiy mulkchilik monopoliyalar uchun boshqalarning ular tarmog‘iga kira olmasliklariga samarali to‘siq yaratish imkonini beradi, chunki ayrim xomashyo turlariga xususiy mulk sifatida egalik qilishadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan nohalol raqobat yo‘li bilan ayrim firmalar o‘z raqiblarining tarmoqqa kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka shafqatsiz harakat qiladilar;
b) oligopolistik raqobatning eng muhim belgisi — bu bir tarmoqda ozchilikni tashkil etuvchi bir guruh firmalarning hukmronlik qilishidir. Тovarlar va xizmatlar bozorida bir guruh kam sonli firma yoki korxonalar hukmronlik qilsa, ular oligopoliya deb aytiladi. Oligopoliya korxonalari bir xil yoki tabaqalashgan har xil mahsulotlar ishlab chiqarishlari ham mumkin. Hozirgi vaqtda jahonda oligopolistik korxonalar ko‘proq tabiiy boyliklarni qazib olish va og‘ir sanoatda uchraydi. Ularning mahsulotlari: neft, gaz, oltin, temir, po‘lat, alumin, qo‘rg‘oshin kabilarni qazib olish, gazni, neftni qayta ishlash, metallurgiya sanoatlari va shu kabilardan iborat. Oligopolistik korxonalar hukmronligi sharoitida raqobat o‘ziga xos ravishda, ya’ni o‘zaro kelishuvchanlik asosida olib boriladi. Ayniqsa, baho siyosati bo‘yicha hech qaysi korxona mustaqil bo‘lmaydi. Ular o‘zaro yashirincha kelishuv asosida ish olib boradilar, jumladan, bozorni bo‘lish yoki taqsimlash va boshqacha yo‘llar bilan o‘zlari o‘rtasidagi raqobatni cheklashdan iborat. Yashirincha kelishish ham bir qator shakllarda bo‘lishi mumkin. Ulardan biri kartel bitimidir. Kartel bitimiga kirgan korxonalar, firmalar ishlab chiqarish hajmi, mahsulotlarning narxlari va boshqa muhim
masalalarda kelishib oladilar. Bunga misol qilib OPEK va shunga o‘xshash bir qator tashkilotlarni keltirish mumkin. Ular kelishilgan narxni ushlab turish uchun, hatto, ishlab chiqarish hajmini ham kengaytirib yoki kamaytirib, tartibga solib turishadi. Narxlarni belgilashdagi o‘zaro yashirincha kelishuv norasmiy vosita hisoblanib,
bunga jahon hamjamiyati tanqidiy qaraydi. Bunday tarmoqqa kiruvchi barcha firmalar uchun narxni o‘zgartirish majburiy hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |