SAYLOV SENZLARI. Saylov senzlari saylovchi va saylanuvchilarga qo'yiladigan talablar. Masalan, "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi Qonunning 1-moddasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylovlarga nisbatan yosh va o'troqlik senzlari mustahkamlangan.
Bu senzlar tegishli qonunlarda saylov xuquqlarini olish yoki amalga oshirish uchun o'rnatilgan shartlar bo'lib ular turli davlatlarda turlicha bo'lishi mumkin. Bu senzlar ichida eng ko'p uchraydigani yosh va fuqarolikka tegishli bo'lsa, ba'zi davlatlarda mulkiy holati, jinsi, irqi, tiliga qarab belgilanadigan, demokratik prinsiplarga mutlaqo tug'ri kelmaydigan cheklovlar ham uchrab turadi.
YOSH SENZI. Saylovlardagi yosh senzi - fuqarolarning saylovda ishtirok etishlari uchun muayyan, qonunda belgilangan yoshga etishlari talab etilishidir. Yosh chegarasi turli mamlakatlarda turlicha belgilanishi mumkin. Braziliya va Eronda fuqarolar 16 yoshdan, Indoneziyada 17 yoshdan saylash huquqiga ega bo'lsa, ayrim mamlakatlarda saylash huquqini olishga bo'lgan chegara yosh ancha yuqori qo'yilgan. Masalan, Malayziya, Marokash, Boliviyada fuqarolar 21 yoshga to'lganidan keyingina saylash huquqiga ega bo'lishadi. Fransiya va Rossiyada saylov kunigacha 18 yoshga to'lgan Rossiya fuqarosi saylash huquqiga ega bo'ladi. Qirg'izistonda ham saylov huquqiga ega bo'lish uchun fuqarolarnig 18 yoshga to'lgan bo'lishi kerakligi 1999-yil 29 aprelda qabul qilingan "Qirg'iziston Respublikasining saylovlar to'g'risida"gi kodeksi bilan belgilab qo'yilgan.
SAYLOVLARDA O'TROQLIK SENZI. O'troqlik (muqimlik) senzi - muayyan bir hududda ovoz bergan fuqarolar, aynan o'sha hududda, saylovgacha ma'lum muddat davomida muqim yashagan bo'lishlari talab etiladi. O'troqlik senzi turli davlatlarda turlicha bo'lishi mumkin, masalan, Fransiyada fuqarolar saylovda qatnashishlari uchun shu hududda yarim yil, GFRda esa - uch oy, AQShda - 1-2 oy yashagan bo'lishi talab etiladi.
O'zbekistonda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanish uchun fuqaro, bevosita saylovgacha kamida o'n yil O'zbekiston hududida muqim yashayotgan bo'lishi haqidagi talab o'troqlik senzi tushunchasini beradi.
MULK SENZI. Mulk senzi bu - saylovchilarning saylovda qatnashishlari uchun muayyan mulkka, daromadga ega bo'lishlarini talab etadi. Mulk senzi, asosan o'tgan asrlarda mavjud bo'lgan, hozirgi zamon saylov amaliyotida, ayrim istisnolardan tashqari, aytarli qo'llanilmaydi. O'zbekiston saylov qonunchiligida mulk senzi nazarda tutilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |